O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

«O‘zbekistonning ilmiy shon-sharafini qayta tiklash borasidagi qarorlar tarix sahifalariga oltin harflar bilan yoziladi»

 
 

Yolg‘iz Allohga hamdu sanolar, o‘zidan keyin nabiy kelmaydigan zotga, u zotning oilasi va jamoasiga salovotu salomlar bo‘lsin.

“Shayxulislom” va “Hidoyat dahosi” deya sharaflangan Imom Moturidiy Movarounnahr mintaqasidagi ahli sunna val jamoa mazhabining ulug‘ faqihlaridan biri edi. Zero, uning o‘zi Abu Hanifaga nisbat beriluvchi hanafiy mazhabida bo‘lishiga qaramay, Movarounnahr diyorida yashovchi hanafiy sunniylar o‘zlarini u kishiga nisbat beradilar. Buning sababi shuki, Imom Moturidiy Abu Hanifaning “usuli”, sharhlash va bayon tarzini ham to‘liq olgandi. Go‘yoki Imom A'zam hazratlari Imom Moturidiy yursin uchun bir chiziq tortgandek, hayratomuz!

Hanafiylar ham fiqh, ham aqida bobida o‘zlarini Moturidiy nomi bilan bog‘lashlari bu zotning islom ummati orasida naqadar o‘chmas iz qoldirganining yorqin isbotidir.

Imom Moturidiyning butun hayoti Samarqandda o‘tdi: shu yerda tug‘ilib, yashab ijod qildi va shu yerda vafot etdi. O‘zimning “Saddu-s-sug‘ur bi-siyrati Abi Mansur” nomli kitobimda qayd etganimdek, bu holat mahalliy aholining ulug‘ imomga bo‘lgan vafosini anglatadi. Ular imomning sha'nini himoya qiladilar, shu bois u zotga eng yaqin va eng haqli insonlar ham ular hisoblanadi, albatta. Yana Moturidiydek daholari borligidan ham faxrlanadi.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev janobi oliylarining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan xabar topganimda, bag‘oyat quvondim. Ushbu markaz azim o‘lkaning ilmiy merosini qayta jonlantirish va tadqiq etish yo‘lida so‘nggi yillarda tashkil qilingan markazlardan biri bo‘ladi, albatta.

Men joriy yilning mart oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Al-Azharning muhtaram shayxi doktor Ahmad Tayyib boshchiligidagi islom ummatining bugungi zabardast olimlari safida qatnashib, respublika hukumatining mehmondo‘stligidan bahramand bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan edim.

Shunday qilib, moturidiylik g‘oyalarini olamga taratuvchi markaz ochilishi uchun ko‘p vaqt ketmadi ham. Moturidiy borlig‘i O‘zbekistonning Samarqandidan bo‘lishiga qaramay, u faqat samarqandliklarning mulki emas, balki o‘zini bu buyuk ummatning merosi bilan bog‘liq his qiluvchi har bir musulmon va faqihga ham tegishlidir. Shu sabab markazning xalqaro maqomga ega bo‘lishi ayni muddaodir. Chunki bu bilan Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganuvchi ham o‘zbekistonlik, ham xorijlik olimlar qamrab olinadi. Shuningdek, markazning mamlakatdagi eng yirik ilmiy muassasa xisoblanuvchi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etilganligi ham juda to‘g‘ri karordir.

O‘ylaymanki, ushbu markazni tashkil etishdan ko‘zlangan bosh maqsadga erishish yo‘lidagi eng asosiy vazifa Imom Moturidiy maktabiga bo‘lgan bugungi dolzarb ehtiyojni inobatga olib, mutaxassis va boshqa mutasaddilarni jalb etgan holda Imom Moturidiy ilmiy merosi va maktabini mavjud vositalar yordamida keng tushuntirish, soddalashtirish, nashr qilish va tadqiq etish orqali qayta jonlantirishdir. Bu vazifa faqat musulmonlar bilangina cheklanib qolmaydi, balki uch jabhadagi kurash bilan ado etiladi.

Birinchi jabha – sog‘lom aql va to‘g‘ri naqlni o‘zida mujassam etgan haqiqiy salafi solihlarning aqidasini tarqatish orqali ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish. Chunki bu ummat, ayniqsa, uning ehtirosli yoshlari g‘oyaviy ta'limot maydonidan ahli sunnaning moturidiylik maktabi uzoqlashtirilishi natijasida turli azob-uqubatlarni tatib ko‘rdi va hamon uning asoratlaridan aziyat chekmoqda. Hatto, musulmonlar hamda islom dini ekstremizm va terrorizmda ayblandi. Bularning barchasi – to‘g‘ri, oqilona murojaatning yo‘qolgani, Moturidiy kabi buyuk imomlarning usullaridan uzoqlashilgani hamda ularning ilmsiz yoshlar tomonidan obro‘sizlantirilgani tufaylidir.

Ikkinchi jabha – dinsizlikka qarshi turish. U yoshlarimiz va ummatimizni tubsiz orzu-istaklar girdobiga g‘arq qilish maqsadiga qaratilgan bo‘lib, chegarasiz orzu-istaklar musulmonni har tomondan qurshab oladi. Zero, orzu-istaklar va shubha-gumonlar o‘zaro ajralmas do‘stdir. Shuningdek, din borasida shubha uyg‘otish ishi ham allaqachon mavjud bo‘lib, unga turli muassasalar homiylik qilmoqda. Hatto butun dunyo bo‘ylab uning homiylari topiladi. Shu bois biz ham xuddi bir zamonlar Imom Moturidiy va u kishining shogirdlari qilganidek, odamlarga imonning ratsional dalillarini tanishtirishga majbur bo‘ldik. Shundan kelib chiqadiki, bu maktabning xulosalari va ko‘rsatmalari bugungi kun uchun ham mos tushadi.

Uchinchi jabha – islom ummatining ilm-fan va tamaddundan ortda qolishiga qarshi turish. Bu qarshilik esa xuddi Imom Moturidiy va uning maktabi qabul qilgan hamda ilm-fanni yangicha tasavvur bosqichiga ko‘taruvchi, shu bilan birga, vahiydan uzilmagan va ajratilmagan islomiy bilish nazariyasiga tayangan holda bo‘ladi. Mazkur bilish nazariyasining asosiy bosqichlarini Imom Moturidiy o‘zining birinchi kitobi “At-tavhid”da bayon etgan edi. Qolaversa, “Ta'vilot al-Qur'on” nomli tafsirida ham uning ko‘plab bosqichlarini qayd etib o‘tgan. Yevropaliklar esa bu nazariyaning ahamiyatini Moturidiydan qariyb 700 yil keyin ingliz faylasufi Jon Lok tufayligina tushunib yetdilar.

Hayratlanarlisi, moturidiylik islom renessansi davrida hamda musulmonlarning eng gullab-yashnagan asrlarida yetakchi g‘oya bo‘lgan edi.

Darhaqiqat, ushbu markazning tashkil etilishi butun dunyo uchun muhim xabar bo‘lib, buyuk olimlarning vorislari bo‘lmish biz – musulmonlar Samarqand, Buxoro va islom dunyosining boshqa shaharlarida ota-bobolarimiz barpo etgan merosga tayanib, bashariyat tamadduni rivojiga yana qaytadan hissa qo‘sha olamiz. Mo‘min-musulmonlarning qalblari o‘sha ziyoratgohlarni tavof qilishga moyil bo‘lib qolaveradi. Al-Azhar shayxi doktor Ahmad Tayyibning so‘zlari bilan aytganda, musulmonlarning tanalari Ka'bani tavof qilganidek, ularning qalblari Samarqandni tavof qiladi.

Shubhasiz, men, Imom Moturidiy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni olqishlayman va Alloh taolodan Samarqandning avvalgi davrdagidek shon-sharafga, O‘zbekistonning esa o‘z olimlari va sadoqatli o‘g‘lonlari bilan dunyoda ilmiy sarbonlikka qaytishini so‘rab, duo qilaman.

Umid qilamanki, Samarqand islom ilmlarini tarqatish o‘chog‘i va islomiy ilmlarni o‘rganish uchun dunyoning turli burchaklaridan ilm-fan namoyandalari tashrif buyuradigan olamshumul tamaddun markaziga aylanadi.

Ishonamanki, O‘zbekistonning ilmiy shon-sharafini qayta tiklash borasidagi qarorlar tarix sahifalariga oltin harflar bilan yoziladi va kelajak avlodlar mutasaddilarning bugungi sa'y-harakatlarini esdan chiqarmaydilar.

Eng muhimi, mazkur savobli ishga bosh-qosh bo‘layotgan Janob Prezidentdan boshlab, bu ishga ozmi-ko‘pmi o‘z hissasini qo‘shayotgan, g‘ayrat-shijoat ko‘rsatayotgan, uning himoyasi yo‘lida jon kuydirayotgan har bir xodimning ezgu amallari Alloh taolo huzuridagi mezonda yozilajak.

Alloh taologa behisob hamdlar bo‘lsin!

                                                                                                                    

                                                                 Ahmad Sa'd DAMANHURIY,

misrlik moturidiyshunos olim


Kiritilgan vaqti: 28/08/2020 07:19;   Ko‘rilganligi: 1170
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ozbekistonning-ilmiy-shon-sharafini-qayta-tiklash-borasidagi-qarorlar-tarix-sahifalariga-oltin-harflar-bilan-yoziladi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing