O‘z sog‘ligimizga e'tiborli bo‘laylik!
Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ nematlardan biri bu – sog‘likdir. Bu uchun esa odamzod faqatgina shukr qilish bilan kifoyalanmasdan, balki salomat bo‘lishga insonning o‘zi ham harakat qilishi lozimdir. Islomda salomat bo‘lishning eng asosiy yo‘llaridan biri bu tozalik hisoblanadi. Tozalikka rioya qilish masalasiga sog‘liqni saqlashning muhim omili sifatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham katta e'tibor berilgan. Imom Muslim Abu Molik al-Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Poklik iymonning yarmidir” - deydilar. Musulmonlar ommasi ichida esa “Poklik iymondandir” degan hikmat keng tarqalgan.
Ha azizlar! Tozalik va ozodalik bo‘lgan joyda kasallanish holatlari kuzatilmasligi fanda ham ma'lum va mashhurdir.
Salomatlikning yana bir yo‘llaridan bu – badantarbiya yani sport bilan shug‘ullanish hisoblanadi. Vaholanki, Islom dini nafaqat sport bilan shug‘ullanishga ruxsat bergan, balki unga qiziqtirib ham kelgan. Islom dini musulmonlarni otda chopish, kamondan o‘q uzish va suvda suzish kabi sport turlari bilan shug‘ullanishga targ‘ib qilgan.
Hozirgi kunda sog‘liqni saqlash, kasalikka chalinmaslik uchun badantarbiya qanchalik ahamiyatli ekanligini barcha insonlar tushunib yetdi deb o‘ylayman. Yoshu-qari iloji boricha badantarbiyaga e'tibor qaratmoqda. Sport bilan ayniqsa rivojlangan davlatlarda juda ko‘pchilik odamlar shug‘ullanishadi. Hammaning kuchli va sog‘-salomat bo‘lgisi keladi albatta. Buning uchun esa badantarbiya bilan shug‘ullanish eng ahamiyatli jihatlardan biri hisoblanadi.
Tozalikka e'tibor qaratish deysizmi, sport bilan shug‘ullanish deysizmi bularning barchasi avvalo o‘zimizning sog‘ligimiz, jismimizning sog‘-salomatligi yo‘lidagi bajariladigan va amal qiladigan ishlarimizdan hisoblanadi. Shunday ekan azizlar, o‘z sog‘ligimizni o‘zimiz asraylik, ibodatlarimizni emin-erkin bajarish uchun jismimizni salomat saqlashga harakat qilaylik.
Alloh taolo barchamizni turli kasalligu-xastaliklardan O‘zi panohida asrasin va albatta jismimizni sog‘-salomat qilib, ibodatida bardavom bo‘lishimizni nasib aylasin.
Absalamov Ismatullo Samarqand shahar "Domla Kamoliddin" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 07/09/2021 06:54; Ko‘rilganligi: 1043
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:01