Musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan turib, “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma'nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan turib, “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, bu ishdan qaytarilgandir! Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
“Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”
(Niso surasi 94-oyat).
Etibor qilsak Alloh taolo bu oyati karimada shoshma-shosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarib, ish ko‘rishdan qaytarmoqda.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb guvohlik bergan kishini kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar.
Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar “Uch narsa imonning aslidandir. “La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hadisi sharifga e'tibor qaratsak musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya'ni, haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: “Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi”, – deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekanligi haqida Alloh taolo shunday degan: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Allohning g‘azabi va la'nati yog‘ilur va Alloh unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygandir (Niso surasi 93-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ta'limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq o‘zlarini ehtiyot qilganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar. Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayh o‘zlarining “Fiqhul akbar” kitoblarida shunday deganlar:“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Shunday ekan, musulmon shaxs sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da'vo qilar ekan, ushbu qoidani mahkam tutishi lozimdir.
Jahongirxon Abrorov manbalar asosida
Kiritilgan vaqti: 19/05/2022 13:42; Ko‘rilganligi: 1025
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 11:59