MUBAYYAN VA NASRIY BYOYONI: BOBUR MIRZO – E'TIQODIYYA (IYMON-E'TIQOD KITOBI) (Ikkinchi mavzu)
E'TIQODIYYA (IYMON-E'TIQOD KITOBI)
NAZM
Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.
(Hamd bayoni)
Haqqa hamdu sano ado qildim,
Haq oti birla ibtido qildim.
Ibtido qilg‘uliq nekim bordur,
Qilmasang oti birla, abtardur.
Qodiru barkamol Tengridur,
Qohiru zuljalol Tengridur.
Har nekim qilsa, Ul qilur beshak,
Har ne kim qilsa, Ul bilur beshak.
Muntazir rahmatig‘a gumrohlar,
Muftaxir qullug‘i bila shohlar.
Yamonu yaxshig‘a umid Andin,
Qo‘rqmoq andinu navid Andin.
Jismda har nechaki qil bo‘lsa,
Qil senu el tanida til bo‘lsa,
Hamdiga zokir o‘lsa ul tillar,
Desa hamdini oylaru yillar,
Ul barining kalomi bir bo‘lg‘ay:
Bori o‘z ajzig‘a muqirr bo‘lg‘ay.
NASRIY BYOYON
Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.
(Behad mehribon va benihoyat rahmli Alloh ismi bilan.)
(Hamd bayoni)
Alloh ta'ologa hamdu sano aytib, so‘zimni – asarimni Allohning nomi bilan boshladim. Chunki boshlagulik nimaiki xayrli – mo‘tabar ish bo‘lsa, uni Allohning ismi bilan boshlamasang, oxiri kesikdir – davomi yo‘qdir, natijasizdir. (Chunki, hadisi sharifda aytiladi: «Har qanday xayrli – mo‘tabar ish Allohning ismi bilan boshlanmasa, abtardir – oxiri kesik, davomi yo‘qdir”.)
(Chunki) Qodir – har narsaga kuchi yetadigan, xohlagan narsasinixohlaganidek yaratishga, xohlagan ishini xohlaganidek qilishga qodir bo‘lgan zot Allohdir; barkamol – eng komil sifatlarga sohib zot Allohdir, Qohir – Qahhor sifatiga sohib, ya'ni hamma narsaga, har bir xohlagan kishi va narsaga xohlagan ishini qiladigan suratda g‘olib va hokim zot, Zuljalol – yagona ulug‘lik egasi Allohdir.
Har nimaiki qilsa, shubhasiz, U qiladi, har kim nimaiki qilsa, shubhasiz, U biladi. (Qiladigan ishini biladigan ham, bilgan ishini qiladigan ham Udir!)
Gumrohlar – yo‘ldan adashganlar, xatoyu gunohga tushganlar ham Uning rahmatiga intizor, umidvor; shohlar ham Unga bandalik, qullik va ibodat qilish bilan faxrlanadilar.
Yaxshi-yomon insonlarning hammasining umidi faqat Undandir, xavfu rajo – qo‘rquv ham, umid ham faqat Undandir. (Chunki har mo‘min kishiga xavfu rajo – umid bilan qo‘rquv orasida yashash vojibdir. Biri oshsa ham, biri kamaysa ham, inson uchun xavflidir, bu ikkisi barobar bo‘lishi shart.)
Insonning jismida necha tuk bo‘lsa, ular sening va boshqa barcha insonlarning tanida til bo‘lsa, agar bu tillar Allohning hamdiga zokir bo‘lib, Uni zikr qilsa, oylaru yillar Unga hamdu sano aytsa, barchalarining so‘zi bir bo‘ladi: hammalari o‘z ojizligiga iqror bo‘ladi, xolos. (Ya'ni, yagona va qudratli Zotning nazdida hamma o‘z ajziga iqrordir.)
Nasriy bayon va sharh muallifi
Mirzo KENJABEK
Kiritilgan vaqti: 28/09/2020 10:45; Ko‘rilganligi: 1372
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 13:16