O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MISSIONERLAR TA'SIRIDAN OGOH BO‘LING!

 
 

Inson bolasi tug‘ilgandan boshlab, yashashga, kamolotga, yuksaklikka intiladi. Hayot yo‘li tekis va ravon emas, albatta. Odamzot gohida qoqiladi, goh yiqiladi, ozmi-ko‘pmi shikast-jarohatlar oladi. Shular bilan uning hayotiy malakasi oshib boradi. Aqli va farosati charxlanadi. Oldingi xatolari takrorlanmasligi va yana yiqilib shikast olmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan qadam bosadi, Kuni kecha O‘zbekiston televideniyesidan namoyish etilgan xristian missionerlari faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv ham bizni xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun bir ogohlantirish bo‘ldi.

Bundan bir necha yil oldin Amerikada «Towards Understanding» («Islomni anglash sari») nomli asar bosildi. Bu asarda musulmonlar bilan xristianlar o‘rtasidagi diniy munozaralar tarixi bir oz xolis tasvirlanadi.
Haqiqat insoniyatning eng sharafli mulkidir. U hech kimsaning shaxsiy narsasi emas. Esli-xushli kishilar qaror berishdan oldin boshqalarni ham eshitishdan qo‘rqmaydilar. Alloh bizga ikki quloq va bitta til bergan. Demak, oldin eshitib, so‘ng qaror berilishi kerak. Afsuski, nasorolar o‘zlari aytganlariga o‘zlari amal qilmaydilar.

Dunyo dinlari ichida xristianlikning Hazrati Iso (alayhissalom) haqidagi «otasiz tug‘ilish» aqidasini qabul etgan yagona din Islomdir. Faqat Islomgina Hazrati Maryam hech qanday erkakni ko‘rmasdan Hazrati Isoni dunyoga keltirganini, ismat va iffat egasi, bir bokira qiz bo‘lganini, Hazrati Isoning (a.s.) tug‘ilishining ilohiy mo‘jiza ekanini tan oladi. Holbuki, yahudiylar Hazrati Isoni «haromi» deb gustohlik qiladilar. Islom olimlarining xristianlik haqida yozilgan raddiyalarida ham Hazrati Isoga (a.s.) hatto ozgina bo‘lsa-da hurmatsizlik etilmagan. Biroq xristianlarning musulmonlarga nisbatan bo‘htonlari, Islom Payg‘ambari (sollallohu alayhi va sallam) haqidagi tuhmatlari ularning asl qiyofalari qandayligidan dalolat beradi.
Injilda keltirilgan Havoriy Pavlusning bir so‘zi bizni yanada sergak bo‘lishga undaydi. Biz Pavlusni oddiy bir havoriy (hatto Iso (a.s.)ni ko‘rmagan) degan fikrda bo‘lsak-da, xristian ilohiyotchisi X.Kung: «Pavlus xristianlik asoschisidir. Usiz xristianlikni, hatto tasavvur ham qilib bo‘lmaydi», degan (X.Kung. «Chritianity: its essene end historiy», London, 1995, r.114). Xristianlikda birinchi missionerlik tamalini ham ana shu Pavlus qo‘yib bergan. Demak, uning har bir so‘zi, ko‘rsatmasi missionerlar uchun dasturul-amal va qat'iy qonun bo‘lib xizmat qiladi.

Endi o‘sha so‘zlarga, siz aziz o‘quvchilarning e'tiboringizni qaratmoqchi edik: «Men hammasidan ozod bo‘lsam ham, yanada ko‘proq odamni ergashtiray deb, o‘zimni hammaga qul qildim. Yahudiylarni ergashtiray deb, yahudiylarga yahudiy kabi bo‘ldim. O‘zim Tavrot Qonuniga qaram bo‘lmasam-da, qaram bo‘lganlarni ergashtiray deb, ular uchun Qonunga (ya'ni, Tavrotga) qaramday bo‘ldim. Men Xudo oldida Qonunsiz ham emasman, aksincha, Masihning Qonuniga bo‘ysunaman. Ammo Ilohiy Qonunni bilmaganlarni ergashtiray deb, ular uchun Qonundan bexabarday bo‘ldim. Zaiflarni ergashtiray deb, ular uchun zaif bo‘ldim. Hech bo‘lmasa, ba'zilarni qutqaray deb, hammaga hamma narsa bo‘ldim» («Injil», 1-korinfliklarga maktub, 9; 19-23). «...Ular najot topsin deb, turli yo‘l bilan hammaning ko‘nglini topmoqchiman...» («Injil», 1-korinfliklarga maktub, 10; 33).

«Muqaddas kitob»ning «muqaddas» ko‘rsatmasi bu Bulardan ochiq ko‘rinib turibdiki, Pavlus odamlarni o‘z ta'limotiga ishontirish uchun hamma narsani joiz deb bilganini, hamma yo‘l va uslublarni qo‘llab ko‘rganini, ishonib qabul qilmagan taqdirda ko‘zlagan kishisini o‘z tarafiga tortish maqsadida, go‘yo o‘zini ularning ishonch va e'tiqodlarini qabul qilayotgandek ko‘rsatib, o‘zining kimligini, asl g‘oyasini, ichidagi «xayrli» (aslida g‘ayrli) maqsadini yashirganini ochiq bayon etmoqda. Allohga shukrki, o‘sha davrda Islom dini mavjud emasdi. Aks holda, u so‘zining boshida «Musulmonlarni ergashtiray deb, musulmonlarga musulmon kabi bo‘ldim», degan bo‘larmidi. Lekin afsuski, Pavlus bu so‘zni aytmagan bo‘lsa ham, uning vorislari (Iso (a.s.)ning vorislari emas) buni qoyillatib bajarmoqdalar. Ular musulmon xalqi ichida o‘zlarini musulmondek tutadilar. Go‘yo Muhammad alayhissalomga ishongandek, u zot (s.a.v.)ning ba'zi so‘zlarini keltiradilar. Go‘yo o‘zini Qur'onni ilohiy kitob deb tan olgandek ko‘rsatib, ba'zi oyatlarni misol qilib, unga amal etishga sizni chaqiradi. Ochiqroq aytadigan bo‘lsak, musulmonlarning imon-e'tiqodlaridan, payg‘ambarlar va ilohiy kitoblarga bo‘lgan hurmatlarini suyiste'mol qilmoqchi bo‘ladilar. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun ba'zi misollarni keltirib o‘tsak. O‘zbekistonda missionerlik faoliyati bilan juda faol suratda shug‘ullanayotgan «Iyehovaning shohidlari» sektasi tarqatgan adabiyotlardagi ba'zi ma'lumotlarga e'tiboringizni tortmoqchiman. (davomi bor)

Najmiddinxon Hamzayev Urgut tumani "G‘o‘s" jomiy masjidi imom xatibi 


Kiritilgan vaqti: 01/06/2020 15:45;   Ko‘rilganligi: 1023
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/missionerlar-tasiridan-ogoh-boling
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 13:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing