INTERNETDAN OLINGAN NARSA TO‘G‘RI VA ZARARSIZ EKANINI TEKSHIRISH ZARUR
Bugungi kunda mafkuraviy tahdidlar aholining ma'lum bir qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma'qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirish, ekstremizm, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga urinishdek ko‘rinishlarda sodir bo‘lmoqda.
Hozirgi tahlikali zamonda internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma'lumotlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar, odob-ahloqni yemiruvchi manfur illatlar har bir ongli kishini tashvishga solishi aniq.
Keyingi paytlarda internet bilan bog‘lik buzg‘unchiliklar, global tarmokdan qabih maqsadda foydalanayotganlar ko‘payib bormoqda. Oqibatda, zalolatga boshlovchi elektron nashrlar va videolavhalar keng yoyilmoqda.
G‘alamis kimsalar yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirishda internetdan ustalik bilan foydalanmoqda. O‘zlarini «yaqin do‘st» yoki «hidoyatga chorlovchi» sifatida tanitib, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmokda. Aslida, ularning din va shariat haqida umuman ilmlari yuq, faqatgina to‘da boshidan yodlab olganlarini takrorlashdan nariga o‘tmaydilar. Boshqa tomondan qaraganda, ular bu johilligi bilan boshqalarni ham jar yoqasiga tortayotgani va kimningdir nog‘orasiga uynayotganini bilmaydilar. Bundaylar avval dinu diyonat, ibodat, jannat haqida turli jozibali so‘zlarni gapirib, g‘o‘r yoshlarni yo‘ldan urib, oxir-oqibatda, razolat qurboniga aylantirmoqda.
Internetdan olingan narsa to‘g‘ri, ishonchli va zararsiz ekanini bilish kerak. Yaxshi-yomonning farqiga bormagan yoshlar internet orqali tarqatilgan har qanday ma'lumot-xabarlarni haqiqat deb qabul qilayotgani jiddiy xavotirga soladi.
Islom talimoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma'lumki, so‘nggi yillarda dinni o‘zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar paydo bo‘ldi. Ular g‘arazli maqsadlari yo‘lida jamiyatda buzg‘unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to‘kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda.
Sarhadsiz internet dunyosiga kirgan shaxs vaqt, umr g‘animat ekanini doimo yodda saqlamog‘i lozim. Zero, bu global tarmoq bepoyon hududlarga ega bo‘lib, unda inson adashib soatlab, kunlarini samarasiz o‘tkazib yuborishi mumkin.
X.Sattarov- viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari (manbalar asosida)
Kiritilgan vaqti: 28/05/2020 16:52; Ko‘rilganligi: 970
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 03:40