O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Insonlarni shayton jahannamga boshlaydi

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Yeru osmonlarni yaratgan, oshkor va yashirin ishlardan xabardor Zot, Allohga hamdlar bo‘lsin. U insonni loydan, jin-iblisni esa olovdan yaratdi.

Iblisni jannatdan quvg‘in qildi va qiyomat kuniga qadar xalqlarga fitna-sinov bo‘lishi uchun unga muhlat berdi. Iblis alayhila'na bandalar orasidan o‘ziga tegishli nasiba olishga qasam ichdi.

Alloh taolo aytadi:

«Bas, ulardan kim senga ergashsa, u holda, shak-shubhasiz, jahannam sizlarga yetarli jazo bo‘lur! Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing bilan qo‘zg‘at, ularning ustiga otliq va piyoda (lashkaringni) tort, topgan mol-davlat va bola-chaqalarida ularga sherik bo‘l (ya'ni, ularni haromdan mol-dunyo va bola-chaqa orttirishga unda), ularga (yolg‘on) va'dalar qil». Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov-yolg‘on narsalarnigina va'da qilur».

Iblis aytadi: «Endi Sening qudratingga qasam-ki, albatta ularning hammasini yo‘ldan ozdirurman. Magar ularning orasidagi ayrim pokiza bandalaringgina haq yo‘ldan ozmay qolurlar».

Alloh dedi: «Haqqa (qasam). Faqat haqni ayturmanki, albatta Men jahannamni sen va (odamlar) orasidagi barcha senga ergashgan kimsalar bilan to‘ldirurman!».

Allohga hamdlar bo‘lsinki, U bizlarni shayton va uning vasvasasidan himoyalab qo‘ydi va iymon keltirib Robbilariga tavakkul qilgan zotlarga uni hukmron qilib qo‘ymadi. U zotlar Allohning panohida tinch-omon bo‘ladilar, ularni o‘z inoyati bilan ixota qilur va modomiki ular Allohning hidoyatida barqaror turib Uning mustahkam arqonini mahkam tutsalar, ularni omon saqlagay.

Alloh bandalari orasidan tanlagan, poklagan hamda shaytondan himoya qilgan ulug‘ payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi alayhi vasallamga salomlar bo‘lsin. U zot aytadilar: «Sizlardan har biringizga jinlardan bo‘lgan hamroh biriktirib qo‘yilgandir!

Yo Rasululloh sizga hammi?- deyildi.

Menga ham. Lekin Alloh menga yordam berdi va u jin musulmon bo‘ldi. Meni faqat yaxshilikka undaydi,- dedilar».

U kishiga, sahobalarga Robbimiz suyganidek va rozi bo‘ladigan doimiy Allohning saloti va salomi bo‘lsin.

Alloh taolo jannat va do‘zaxni yaratib: «Har biringizni to‘ldirish Meni zimmamdadir» deb va'da qildi. Iblisga (unga Allohning la'nati bo‘lsin) bandalarga sinov va imtihon bo‘lishi uchun muhlat berib qo‘ydi...

«Ogoh bo‘lingizkim, albatta shayton hizbi (bo‘lgan kimsalargina) ziyon ko‘ruvchilardir».

Odam bolalarining qalbiga yo‘l topishi va ularning qon tomirlarida yurishiga imkon berib qo‘ydi. Unga boshqa shaytonlarni bo‘ysundirib berdi. Ular iblisning buyrug‘i bilan ish tutadilar.

Iyoz ibn Himor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni xutbalarida shunday dedilar: «Ogoh bo‘ling, Robbim menga bugun bildirganlaridan sizlar bilmaydigan narsalarni o‘rgatishimni buyurdi. Men hamma bandalarimni haq dinga moyil qilib yaratdim, shaytonlar esa ularni dinlaridan chiqarib oldilar hamda Men halol qilib bergan narsalarni ularga harom qilishdi va Men (sherikligiga) biron hujjat tushirmagan narsalarni Menga sherik qilishga buyurishdi»...

Do‘zax ahli besh turli bo‘ladi:

  1. Na oilaga va na mol dunyoga qiziqishi bo‘lmagan, (yomonlikdan to‘sadigan) aqli ham yo‘q bo‘lgan notavon-zaif xizmatkorlaringiz.
  2. Arzimas bo‘lsa ham biron manfaat ko‘rsa, albatta xiyonat qiladigan, xiyonatdan tap tortmaydigan xoin kimsa.
  3. Ertayu kech seni ahli-oilang xususida ham mol davlating borasida ham aldash payida yuradigan kimsa.
  4. Shundan so‘ng yo baxillik yo yolg‘on haqida hamda
  5. Og‘zi shaloq bezbet kimsa haqida ham aytib o‘tdilar».

Manba: Islom.uz portali tahririyati

 

 


Kiritilgan vaqti: 20/12/2019 15:33;   Ko‘rilganligi: 1314
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/insonlarni-shayton-jahannamga-boshlaydi
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 02:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing