O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Imom Buxoriyning hadis qabul qilishdagi shartlari

 
 

Ma'lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini jamlash va kitob holiga keltirish ishlari, U kishining zamonlaridan keyin xalifa Umar ibn Abdulaziz davrida keng ko‘lamda amalga oshirildi.

Umar ibn Abdulaziz Muhammad ibn Shihob Zuhriy va boshqa muhaddislardan omma uchun hadis kitobi yozishni so‘radi. Ibn Shihob Zuhriy sodda qilib bir musnad kitob ta'lif etdi. Boshqa muhaddislar ham u kishiga ergashib, o‘z musnadlarini yozishdi. Rasmiy ravishda hadis kitoblarni yozish shundan boshlandi. 

Ammo, o‘sha tuzilgan kitoblar aynan sahih hadislar bilan kifoyalanmadi, balki ular sahih, zaif va illatlangan hadislarni o‘z ichiga qamrab olgan edi. Hijriy uchinchi asrning birinchi yarmida Imom Buxoriy kabi muhaddislar o‘zlarining zamonlarigacha to‘plangan musnadlardan  sahih hadislarni ajratib olish ustida ish olib borib, o‘zlarining “Sahih” to‘plamlarini tuzdilar. Lekin bu davrga kelib sahih hadislarni to‘plash ancha mushkul ish edi. Bunga sabab, roviylar sanadi uzayib, ular ko‘payib ketgan va hadis rivoyat qilish yo‘llari ham bir necha tarmoqlarga bo‘lingan edi.

Imom Buxoriy yashagan zamonda ham ko‘pgina hadis to‘plamlari bo‘lgan. Bunga misol qilib, “Abu Valid Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayhning sunani”, “Said ibn Mansurning sunani”, “Muhammad ibn Sabohning sunani” va “Imom Dorimiyning sunani” kabi hadis to‘plamlari yozilib, kitob xoliga kelgan edi. Ammo Imom Buxoriyning hadis to‘plami bu to‘plamlardan farqi shundaki, u kishi hadis qabul qilishda boshqa muhaddislardan farqli o‘laroq juda qattiq shartlar qo‘ygan. Bu shartlarning kuchlilik darajasini Imom Buxoriyning: “Men kitobimga faqatgina sahih hadislarni kiritdim. Kitob cho‘zilib ketmasligi uchun ba'zi o‘rinlarda sahih hadislarni ham tark qildim” degan so‘zidan bilsa ham bo‘ladi. U kishi har bir qidirib va surishtirib topgan hadisini bu shartlar asosida o‘rganib, keyin sahih to‘plamiga kiritgan.

Biroq, barcha muhaddislarning o‘zlaridan sahih to‘plamlarini tuzishda aniq shartlari bo‘yicha ochiq dalil naql qilinmagan. Shular qatori Imom Buxoriy ham hadis qabul qilishdagi shartlarini ochiq-oydin bayon qilmadi. Ammo, ularning kitoblarini diqqat bilan o‘qib o‘rganish davomida, har birining hadisni qabul qilishdagi shartlariga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Muhaddis olimlarning hadislarni sahih deb e'tirof etilishida asosan beshta shartlari mavjud bo‘lib, ular quyidagilar:

  1. Sahih hadisni rivoyat qilgan roviylarning barchasi sanadning avvalidan oxirigacha ishonchli va adolatli bo‘lishi. Adolatli kishi shundayki, u taqvoli, adolatli va ko‘rinib turgan harom ishlardan yiroqda bo‘lgan kishidir.
  2. Roviyning o‘tkir zehn va mustahkam xotiraga ega bo‘lishi. Ya'ni, eshitgan narsasini yodida saqlashi va keyinchalik uni shundayligicha rivoyat qilishi.
  3. Hadisdagi roviylar sanadi uzilmasdan, orqama-orqa kelishi. Ya'ni, rivoyat qilingan hadis Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan to muhaddisgacha bo‘lgan roviylar silsilasi uzilmasligi kerak. Sanadning xalqasidan birorta roviy tushib qolmasligi.
  4. Hadis roviylarining qaysi biri ishonchliroq ekanini ajrata bilishi.
  5. Hadisni rivoyat qiluvchi yomon illatdan xoli bo‘lishi.

Imom Buxoriy hadisni qabul qilishda boshqa hadis ulamolaridan ko‘ra     ko‘proq shartlarni qo‘llagan. Bularning asosiylari quyidagilardir:

  1. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir shaharda zamondosh bo‘lishi, agar bir shaharda zamondosh bo‘lib istiqomat qilmagan bo‘lsahadis muttasil hadis deb qaralmagan.
  2. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir marta bo‘lsa ham ushrashgan bo‘lishi, agar bir shaharda istiqomat qilibuchrashmagan bo‘lsa ularning bir-biridan hadis rivoyat qilishi muttasil sanad deb qaralmagan.
  3. Sanaddagi roviy o‘zidan oldingi rivoyat qiluvchining oldida turib, yuzma-yuz holatda uning og‘zidan eshitib hadisni olishligi. Bunga misol qilib, Molikning Nofe'dan, uning Ibn Umardan rivoyat qilgan hadis sanadini olish mumkin. Bu sanad Imom Buxoriy nazdida roviylarning bir-birlari bilan zamondosh bo‘lgani sababli “Oltin silsila ” deb e'tibor qilinadi. Shu bilan birga bu roviylar bir-birlaridan hadisni yuzma-yuz gaplashib rivoyat qilishgan. Shu sababli Imom Buxoriy bu sanadda Molikga hadisni “Bizlarga hadis aytib berdi” yo “Undan eshitdim” yoki “Menga aytdi” yoxud undan boshqa yo‘liqib eshitishni ifodalaydigan lafzlar bilan rivoyat qilishini shart qilib qo‘ydi.
  4. Roviy musulmon bo‘lishi, dinsiz va g‘ayridin kishidan hadis qabul qilinmagan.
  5. Roviy balog‘at yoshiga yetgan bo‘lishi, ya'ni hadisni yod olibboshqalarga yetkazishda mas'uliyatni anglab yetadigan yoshda bo‘lishi.
  6. Roviy aqlli bo‘lishi, aqli zaifdan hadis rivoyat qilimaydi.
  7. Roviy fosiq bo‘lmasligi, fosiq kishining hadisi qabul qilinmaydi.
  8. Roviylarning eng ishonchlisi, rostgo‘yi va odamiyligi kabi sifatlar bilan sifatlangan bo‘lishi.
  9. Roviy xotirasining kuchli bo‘lishi, ya'ni eshitgan hadisini asl holida yodida qolmog‘i.
  10. Roviy xotirasi sust bo‘lsa eshitganini yodlash bilan birga yozib ham qo‘yishi.
  11. Hadis sanadi va matni ixtilofdan xoli bo‘lishi.
  12. Hadis sanadi va matni zarar yetkazuvchi sabablardan xoli bo‘lishi.

Demak, yuqoridagi shartlar hadisi sharif ulamolari “Sahihul Buxoriy”da kelgan hadislarni diqqat bilan o‘rganganda, “Bu Imom Buxoriyning shartiga ko‘ra” deb aytgan gaplaridan yuzaga keldi. Imom Buxoriyning hadisni qabul qilishdagi shartlaridan maqsadi, hadisning sanadi, matni va roviylarini har xil chalkashliklardan saqlab yig‘ish bo‘lgan. Natijada, Imom Buxoriyning “al-Jomi'”da joriy qilgan shartlari tufayli bu asar dunyo musulmonlari tarafidan “Hadis kitoblarining eng sahihi” degan nomga sazovar bo‘ldi. Hamda bu shartlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahih hadislari to‘qima gaplarning aralashib ketishidan saqlanib, bizlargacha yetib kelishiga xizmat qilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi Baxriyev O.


Kiritilgan vaqti: 25/07/2020 10:06;   Ko‘rilganligi: 2660
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriyning-hadis-qabul-qilishdagi-shartlari
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 11:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing