O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

FITNALAR ZOHIR BO‘LGANDA NIMA QILMOQ KERAK?

 
 

 Bir hadis sharhi

 Jamiyat ichra tinchlikni asrash har bir davrda, har bir xalq uchun eng dolzarb ishlardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, biz yashayotgan hozirgi davrda turli fitnalarga sabab bo‘luvchi omillarning turlari ko‘paygandan ko‘paygan vaqtda tinchlik eng qimmat ne'matlardan biriga aylanmoqda.

Bir tomondan “omaviy madaniyat”, boshqa tomondan “missionerlik” balosi bo‘lsa, yana bir tomondan “demokratiya” va “so‘z erkinligi” niqobi ostidagi ommaviy axbarot vositalri va turli demokratik institutlar hamda islom dinidagi jarangdor so‘zlarni o‘zlariga shior qilib olgan ekstremistik kayfiyatdagi jangari guruhlar va oqimlar tinchlik degan buyuk bir ne'matga rahna solmoqda.

Ana shu tinchlikka rahna soluvchi eng katta xavflardan biri ichki fitna bo‘lib, uning ortidan keladigan zararni hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ham shu sababli ummatni jamiyatni xarob qiladigan bunday fitnalardan ogoh va ehtiyot bo‘lishga chaqirib, atrofda fitna olovi paydo bo‘lganda musulmonlar nima qilmoq kerakligini ko‘rsatib berdilar:

(Sahih Buxoriy. Fitnalar kitobi. 2-bob, 7052 hadis)

 7052 - حَدَّثَنَا مُسَدَّدٌ حَدَّثَنَا يَحْيَى بْنُ سَعِيدٍ الْقَطَّانُ حَدَّثَنَا الْأَعْمَشُ حَدَّثَنَا زَيْدُ بْنُ وَهْبٍ سَمِعْتُ عَبْدَ اللَّهِ قَالَ قَالَ لَنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّكُمْ سَتَرَوْنَ بَعْدِي أَثَرَةً وَأُمُورًا تُنْكِرُونَهَا قَالُوا فَمَا تَأْمُرُنَا يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ أَدُّوا إِلَيْهِمْ حَقَّهُمْ وَسَلُوا اللَّهَ حَقَّكُمْ"

7052-hadis. Abdulloh ibn Mas'ud rivoyat qiladilar: “Rasululloh (s.a.v.) bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara (Mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoq)ning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar,” – dedilar. Sahobalar: Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz? U zot: “Amirlaringizning farmoishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!” – dedilar”.

Ibn Mas'ud – to‘liq ismi Abdulloh ibn Mas'ud ibn G‘ofil ibn Habib al-Huzaliy; kunyasi - Abu Abdurahmon (590-653) - sahobiy, buyuk faqih va mujtahidlardan biri, Muhammad (s.a.v.) xizmatlarida bo‘lgan zotlardan, u kishi bilan birga ko‘p bo‘lgan.  Islomni birinchi bo‘lib qabul qilganlardan biri. U Qur'oni karimni eng yaxshi biluvchisi, juda ko‘p hadislarni Rasululloh og‘izlaridan eshitib hifz etgan, tafsir ilmining olimlaridan, Iroq tafsir maktabi ustozi. Ijtihodni shakllanishida hissa qo‘shgan. U 848 ta hadis rivoyat qilgan. Abdulloh ibn Mas'ud Qur'oni karimni Makkada qurayshlar orasida eng avval yoygan, Maqomi Ibrohimda Rahmon surasini birinchi bo‘lib ochiq-oshkor o‘qigan. Badr va Uhud va boshqa barcha janglarda qatnashgan. Rasululloh (s.a.v.) vafotlaridan so‘ng Kufa xazinasining boshlig‘i, Kufaliklar uchun muallim bo‘lgan. Usmon (ra) davrida Madinaga kelib shu yerda 63 yoshida vafot etgan.[1]

Mashhur sahobiy  Zubayr ibn Avvom (Asmo binti Abu Bakrning eri) roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin Qur'onni Makkada baralla o‘qigan odam Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu bo‘lgan”.

Hadisning umumiy ma'nosi:

Rasululloh (s.a.v.) bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara (Mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoq)ning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar,” – dedilar.

Mol-dunyo fitnasi ham boshqa fitnalar kabi juda xatarli bo‘lib, o‘z sohibini turli balolarga va oxiratda alamli azobga mubtalo etuvchidir. Shuning uchun Rasuli akram s.a.v. sahobalarini hamda butun ummatni fitnalardan ogoh bo‘lishga chaqirib, zamonlar kelib mol-dunyo bilan fitnalangan man-man, mutakabbir kishilarni va islom diniga nomuvofiq ishlarni guvohi bo‘lishlarini bashorat qildilar.

 Sahobalar: Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz?

Sahobalarning odatlaridan biri dunyo va oxirat ishlarini barchasini Rasululloh s.a.v. bilan maslahatlashib bajarish bo‘lgan. Shuning uchun sahobalar o‘z odatlariga binoan, vaqti kelib ana shunday fitnalarga duch bo‘lganda musulmon kishilar qanday yo‘l tutishsalar nojot topishlari mumkinligini so‘radilar.

 U zot: “Amirlaringizning farmoishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!”

Rasululloh musulmonlar jamiyati orasida turli fitnalar boshlanganda ummat uchun eng to‘g‘ri yo‘l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, farmonlarini bajarishga buyurdilar. Chunki, bunday vaqtda qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatda fuqarolarga tinchlikni ta'minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun boshqalarga nisbatan juda qattiq qayg‘uradigan, mana shunga intilib yashaydigan inson faqat yurt rahbari bo‘lar ekan. Shuning uchun turli fitnalarning oldini olishda musulmonlar suyanadigan eng ishonchli kishi faqat yurt rahbari bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga musulmon kishi o‘z zimmasidagi Alloh taoloning haqlarini – farz ibodatlarni bajarishi lozim ekanligini uqtirdilarki, boshqa manbalarda keltirilishicha Rasululoh s.a.v.: “Fitna va qatl ko‘paygandagi ibodat xuddi menga hijrat qilgan kabidir”, – deb o‘sha vaqtdagi ibodatning savobini Rasulga bo‘lgan muhabbat va hijratga tenglashtirgan ekanlar. [2]

Fitnalar boshlanganda musulmon kishining bu ikki narsa – itoat va ibodatga chorlanishini buyuk hikmati bordir. Inson yurt rahbariga itoat qilish bilan jismi-jonini jismoniy fitnalardan himoya qilsa, ibodat bilan o‘z qalbini mafkuraviy fitnalardan himoya qiladi. Zero, dunyo fitnalarga aralashib turgan davrda oxirat saodatiga yetaman degan kishi uchun eng maqbul va so‘ngi yo‘l shudir.

Hadisdan olinadigan foydalar:

  1. Fitnalarga to‘lgan zamonlar Rasululloh vafotlaridan keyin kelishi.
  2. Mol-davlat insonni dunyoning turli fitnalariga solishi
  3. Musulmonlarni nafratlantiradigan ishlarni ko‘payishi.
  4. Dunyo va din ishlarini olim kishilardan maslahat so‘rab bajarish.
  5. Musulmon kishilar yurt amiriga, podshohiga itoat qilishi lozim ekanligi.
  6. Fitnali zamonlar kelganda ham musulmonlar o‘z zimmalaridagi Allohning haqlarni unutmasligi.
  7. Inson yurt rahbariga itoat qilish bilan jismi-jonini jismoniy fitnalardan himoya qilsa, ibodat bilan o‘z qalbini mafkuraviy fitnalardan himoya qilishi.

[1] Islom ensiklopediyasi.

[2] Imom Muslim. “Sahihu Muslim”, Fitnalar kitobi. 730-hadis.

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 09/10/2019 09:41;   Ko‘rilganligi: 1568
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/fitnalar-zohir-bolganda-nima-qilmoq-kerak
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing