Eng baxtli odamlar kim?
Har bir inson yer yuzida baxtli yashashni istaydi. Hech bir kishi yo‘qki g‘am-anduh, xafagarchilik va mashaqqat bilan yashashni istasa.
Har bir inson baxtni qo‘lga kiritish uchun intiladi. Ba'zilar uni hisobsiz mol-dunyo qasrlarda desa, ba'zilar mansab, obro‘-e'tibor va qo‘l ostidagi xodimu xizmatchilarning ko‘pligida deb tushunadi. Mana shu tushunchadagi insonlar haqiqiy baxtga erishaman deb o‘ylaydilaru, ammo oxir-oqibat o‘ylaganlari xato bo‘lib chiqadi.
Tarix bunga guvohki bu tushunchada yashaganlarning birortasi ham haqiqiy baxtni topa olganlari yo‘q. Misol uchun Qur'onda zikri kelgan Qorunni mol dunyosining hisobi yo‘q edi. Uning hazinasi shu darajada ediki, bir jamoat kishilar uning kalitlarini ko‘tarib yurishlik bilangina shug‘ullanar edilar.
So‘ngra (Qorun) qavmi oldiga yasanib chiqqan edi, dunyo hayotini istaydigan kimsalar: Eh, qani edi, bizlarda ham Qorunga ato etilgan narsa (boylik) bo‘lsa. Darhaqiqat, u ulkan nasiba egasidir», – dedilar (79-oyat).Ilm ato etilgan kishilar (ruhoniylar) esa: «O‘lim kelsin sizlarga! Imon keltirgan va ezgu ish qilgan kishi uchun Allohning savobi yaxshiroq-ku! U (savob)ga faqat sabrli kishilargina erishurlar», – dedilar (80-oyat).Bas, Biz uni ham, (boylik to‘la) maskanini ham yerga yuttirdik. So‘ngra uning uchun Allohdan o‘zga yordam beradigan biror jamoa bo‘lmadi va uning o‘zi ham g‘oliblardan bo‘lmadi (81-oyat).[Toha surasi79-81]
Fir'avnning ham boyligi hisobsiz edi. U Misrning bor hazinasiga egalik qilgan bo‘lib, eng baxtli inson men bo‘laman deb o‘ylar edi. U doimo o‘zining ostidan oqib turadigan anhorlar bilan huzurlanar edi. Bu haqiqiy baxt edimi? Yo‘q albatta. Bir kun kelib ana shu anhor uning ustidan oqizilib, ayanchli o‘lim topib halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Demak kimning qalbida iymon, Allohning zikri bo‘lmasa va hayoti Alloh taologa itoat bilan o‘tmasa, u inson hech qachon haqiqiy baxtni topa olmaydi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
“Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, (kofir bo‘lsa) bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) bo‘lishi muqarrar va Biz uni qiyomat kunida ko‘r holda tiriltirurmiz”. [Toha surasi 124]
Baxt haqida so‘z ketar ekan, nafaqat baxtli yashashda balki baxtli yashash sirini to qiyomatgacha keladigan insoniyatga ibrat bo‘lib ko‘rsatib ketgan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hayotlariga nazar solsak, U zot allayhissalom ko‘pincha och qolib ketar edilar. Ba'zan ochlik azobini yengillatish maqsadida muborak qorinlariga tosh ham bog‘lab olar edilar. Yotoqlari ham yupungina bo‘lib, muborak badanlarida bo‘yraning izlari qolib ketar edi. Aynan ana shu insongina dunyodagi barcha insonlarning eng baxtlirog‘i edilar.
Ayting: Allohning fazli va rahmati bilan, bas (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik) laridan yaxshiroqdir.[Yunus 58]
Dovud alayhissalomning oilasiga ham Alloh taolo juda katta mulk-davlat, kuch-quvvat hamda podshohlik bergan edi. U kishi shular bilan kifoyalandilarmi? Yo‘q, balki yarim kechasi ibodat uchun turar edilar. Bir kun ro‘za tutsalar bir kun og‘izlari ochiq xolda yurar edilar.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Allohga eng mahbub namoz Dovud alayhissalomning namozidir. Allohga eng mahbub ro‘za Dovudning ro‘zasidir. U kechaning yarmida uxlar, uchdan birida qoim bo‘lib o‘tkazar va oltidan birida uxlar edi. Bir kun ro‘za tutib, bir kun og‘zi ochiq bo‘lar edi”.
Davud alayhissalomning molu-dunyosi, shonu-shuhrati robbisiga itoat etishdan to‘smadi va saodatmand bo‘ldilar.
Sulaymon alayhissalomni eslaylik. U kishi egalik qilan mulk u kishidan keyin biror kishi moliklik qila olmaydigan darajada edi. Lekin bu mulk Sulaymon alayhissalomni Alloh taoloning toatidan chalg‘ita olmadi.
Eslang, unga (Sulaymonga bir kuni) kechki payt gijinglab turuvchi uchqur otlar ro‘baro‘ qilingan edi. (31-oyat). Bas, u dedi: “”Darhaqiqat, men Parvardigorim zikridan (ya'ni namozdan qolib) bu yaxshi (ot)larga ko‘ngil qo‘yishga berilib ketibman. Hatto, (quyosh) parda bilan berkinibdi (botibdi). (32-oyat). U (ot)larni menga qaytaringiz-chi! Bas, u (qilich bilan otlarning) oyoq va bo‘yinlarini “silash”ga kirishdi (so‘yib qurbonlik qildi). (33-oyat).[Sod surasi 31 - 33]
So‘zimizning so‘ngida Payg‘ambarimiz a.s ning ushbu muborak hadislari bilan xulosa yasaymiz:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh s.a.v: “Bandamening molim, mening molim, deydi. Vaholanki, unga molidan uchtasi: yeb bitirgani, kiyib chiritgani va berib, o‘ziga savob olgani bo‘ladi, xolos. Undan boshqasi behuda ketgan yoki odamlarga qolgan bo‘ladi”, dedilar.
Biz yuqorida Qur'on karimda zikri kelgan qavmlar va payg‘amar alayhimus-salomlarning hayotlarini bejizga ibrat tariqasida keltirib o‘tmadik. Alloh taolo inson zotini yer yuzida umrguzaronlik qilishini istabdiki, uni bir zum ham o‘z holiga tashlab qo‘ygani yo‘q. Balki O‘z huzuridan payg‘ambarlar, kitoblar yo‘llab insoniyatga hayotda saodatga erishish yo‘llarini ko‘rsatib turdi. Biz Allohning eng oxirgi kalomi Qur'oni karimda keltirilgan qissalarga ibrat ko‘zi ila boqsak, hayotimizda ham bu voqealar takrorlanayotganiga guvoh bo‘lamiz. Alloh taoloning O‘zi barchamizni dunyo bilan mashg‘ul bo‘lib qolib, eng so‘ngi va abadiy manzilgohimizni unutib, ikki dunyoda baxtsiz bandalardan bo‘lib qolishdan asrasin. Bir martagina yashaladigan g‘animat umrimizda haqiqiy baxt sari intilib yashash saodatini nasib etsin.
O‘.Umirqulov - Samarqand shhar "Lahutiy" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 12/12/2020 15:22; Ko‘rilganligi: 4061
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:32