O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Dinni nozik joylarigacha chuqur anglash uchun uni chuqur o‘rgangan ustozdan o‘rganish kerak

 
 

 Ma'lumki har bir sohada bo‘lgani kabi dinda ham o‘z mutahasisi va payg‘ambarimiz alayhi solatu vasallamgacha ustozlar silsilasi orqali bog‘langan olimdan din ilmini o‘rganish lozim. Bizning hanafiy mazhabimiz ham shahsan sahobalardan ta'lim olgan ustozlar orqali payg‘ambarimiz alayhi salomgacha yetadi.

Abu Hanifa rahmatullohi alayh tobe'inlardan ilm olgani haqida hech qanday shubha yo‘q. U kishi quyidagi zotlardan ilm olganlar:

  1. Sha'biy. Asarga ko‘p etibor bergan zot edi.
  2. Ikrima roziyallohu anhu u kishi ibn Abbos roziyallohu anhuning shogirdi edi.
  3. Nofe' roziyallohu anhu U kishi Ibn Umar roziyallohu anhuning shogirdi edi.
  4. Ato ibn Abu Raboh roziyallohu anhu Ibn Abbosning ilmi o‘sha kishida edi.

Shu bilan birga Abu Hanifa rahmatullohi alayh boshqa ustozlardan ham dars olar edilar. U kishi juda ko‘p haj qilar, Makka va Madinada ko‘plab ulamolar bilan ilm majlislari qurar edilar. Ayniqsa tobe'inlardan hadis rivoyat qilar va fiqh muzokarasini olib borar edilar.

U zot Zayd ibn Ali ibn Husayn, Ja'far Sodiq, Abdulloh ibn Hasan Nafsuzzakiya va boshqa ulug‘ kishilardan ilm olganlar.

 Zayd ibn Ali ibn Husayn Zaynulobidiyn roziyallohu anhu (112 –h.y.da vafot etgan). U kishi qiroatlar va ulumul Qur'on ilmlari, fiqh va aqoid ilmlarida ko‘zgan ko‘ringan allomasi edi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh u kishidan ikki yil dars olganlar.

Shuningdek, Abu Hanifa rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Abu Avfo, Vosila ibn al-Asqo', Omir ibn Vosila roziyallohu anhum kabi saxobalar bilan ham ko‘rishganlar.

Jumhur muhaddislar kishi biror sahobiyni ko‘rishi va uchrashishining o‘zi bilan tobe'inga aylanadi, ma'lum muddat u bilan hamsuhbat bo‘lish shart emas, deganlar.

Asosiy ta'lim yo‘nalishi e'tibori bilan hanafiylikning ustoz-shogirdlik silsilasi Abu Hanifa – Hammod – Ibrohim – Alqama – Abdulloh ibn Mas'ud tizimidan iborat bo‘lgan.

Abu Hanifa rohimahulloh mazhabining asosiy bulog‘i buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning fiqhi va rivoyat qilgan asarlaridir. Hanafiylik ildizlari Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan boshlanadi va deyarli barcha tamoyillari u zotga borib taqaladi.

Hozirgi kundagi yurtimizda faoliyat yuritayotgan ustozlar ham anashu sahih silsila orqali sahobalarga va payg‘ambarimizga bog‘langan ustozlardan ta'lim olgan olimlardir.

Shuni yaxshi bilishimiz kerakki xalqimizda ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar deagan maqol bor.Bu gapning zamirida ustoz ko‘rmagan,Payg‘ambarimiz sollollog‘u alayhi vasallamdan ilmiy omonat tarzida qabul qilingan ilimlarni ustoz orqali o‘rganmagan odam,xadis oyatlarni o‘z rayi bilan sharhlaydi.Natijada o‘zi bilmagan holda musulmonlarga zarar beradigan fatvo berib, o‘ziga ergashganlarni adashtiradi degan haqiqat yotibdi.

Hozirgi kunda o‘zlarini “Hizbut Tahrir”jamoasiga mansubligini davo qilayotgan kishilar yurtimiz ulamolarini hiyonatda ayblab,ilmni huddi kimningdir foydasiga to‘g‘irlab beryapdi degan da'vo bilan chiqayapdilar. Shuning uchun diniy ilmdan nimani o‘rgangan bo‘lsang shuni boshqalarga o‘rgataver, Qur'on va hadisdan o‘zing hukum olaver deyishmoqda.

Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning “Mendan bir kalima so‘z bo‘lsa ham yetkazinglar”degan hadisni dalil qilib keltirayotgan bo‘lsalar, hadisi shariflardagi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sahobalarga tushintirib bergan ma'noni anglata olmasangiz ham dindan gapiraverasizmi? deymiz

Mana nima uchun nabiyga silsila orqali bog‘lanib ilm o‘rgangan ustoz kerak.  Alloh ta'olo Qur'oni karimda dinni chuqur anglab yetgan olimlar jamoasi haqida aytadi:

«Har jamoadan bir nafar toifa bo‘lsaydi. Ular dinni chuqur anglab, qaytib kelgan vaqtlarida qavmlarini ogohlantirardilar. Shoyadki, ular hazir bo‘lsalar”.

Oyati karimaga e'tibor bersak, “Ular dinni chuqur anglab” deyapdi. Dinni nozik joylarigacha chuqur anglash uchun uni chuqur o‘rgangan ustozdan o‘rganish kerakda.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam muborak hadisi shariflarida murabbiy va olimlarni hurmat qilish, muallim va ustozlarni ulug‘­lash borasida juda ko‘p ko‘rsatmalar ber­ganlar.

Imom Ahmad, Tabaroniy va Hokim Uboda ibn So­mit­ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasu­lul­loh sollallohu alayhi va sallam: “Keksalarimizni ulug‘­lamagan, kichiklarimizga mehribon bo‘lmagan va olim­larimizni (haqini) bilmagan mening umma­tim­dan emas”, dedilar.

Imom Ahmad Sahl ibn Sa'd Soidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo Alloh, olimning orqasidan yurilmaydigan, halim (beozor, yuvosh) kishilar tirik qoldirilmaydi­gan, qalblari ajamlarniki va tillari arab bo‘ladigan zamon kelmasin”, dedilar.

Tabaroniy “Avsat” deb nomlangan kitobida Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Ra­su­lul­loh sollallohu alayhi va sallam: “Ilm o‘rga­ning­lar va bi­linglar, ilmda xotirjamlik va salo­bat bor, o‘rga­tuvchiga tavozeda bo‘linglar”, dedilar.

Bu o‘ziga “Hizbiylik”ni nisbat berayotgan kishilar yurtimiz olimlarini qadrini qochirish,obrosini tushirish orqali o‘zlariga ergashishga da'vat qilmoqdalar.

Tabaroniy “Kabir” deb nomlangan kitobida Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasu­lul­loh sol­lallohu alayhi va sallam:

“Munofiqlar uch toifa ki­shini: Islomda sochi oqargan kishini, ilm­li kishini va odil imom (rahbar)ni qadr­la­maydi”, dedilar.

Hulosa shuki bunday toifalar o‘z manfaatlari yo‘lida xalqni o‘z taraflariga og‘dirish maqsadida hech narsadan tap tortmaydilar.

Payg‘ambar alayhissalom  aytadilar:  “Kim bir olimni hurmat qilsa, go‘yo meni hurmat qilgandek bo‘libdi. Kimki bir olimni xorlasa, go‘yo meni xorlagandek bo‘libdi”.degan so‘zlarini hech ham unutmaylik.olimlarimiz ilim olishda ustozlari silsilasi orqali Payg‘ambarimiz alayhisolomga taqalishini aytib o‘tdik.

Endi bu “Hizbiylar”o‘zlarining ustozlari kimligini uning silsilasi kimga borib taqalishini bir keltirsinlar.Allohning hizbi bo‘lish uchun ilmda va amalda uning rasuliga sahih sanad ila bog‘langan bo‘lish kerakmasmi?

Azizlar bunday toifalar firibiga aldanmang va o‘z ulmolaringizga mahkam bog‘laning!

 Abrorov Jahongirxon manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 17/11/2022 13:31;   Ko‘rilganligi: 826
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/dinni-nozik-joylarigacha-chuqur-anglash-uchun-uni-chuqur-organgan-ustozdan-organish-kerak
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing