DEXQONCHILIK - RIZQ MANBAI
Samarqand – Buxoro shaharlarini bog‘lovchi trassadan Kattaqo‘rg‘on tumani markaziga qarab burilib, roppa-rosa to‘qqiz kilometr yursangiz Kadan qo‘rg‘oniga yetib borasiz. Chorrahadan chapga qayrilasiz, qarabsizki, biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan manzilga kelib turibsiz. Bu – Mundiyon qishlog‘i. Kundan – kunga go‘zallashib, farovonlashib borayotgan kattagina qishloq.
To‘g‘risi, qishloq deyishga ham tortinasan, kishi.
Salkam shahar, aniqrog‘i – shaharcha. Odamlari ham o‘ziga yarasha: qanchadan- qancha ulug‘ insonlar chiqqan bu qishloqdan. Mehrli – oqibatli, hamiyatli, ziyoli, el- yurt koriga yaragan va yarayotgan...
Men qishlog‘imizni ortiq maqtamoqchi emasman, balki, sobiq Orzi Maxmudov nomli jamoa xo‘jaligi hududidagi Beshdarg‘at qishlog‘ida yashovchi oddiy bir inson – Sharif Ochilov haqida qisqacha hikoya qilib bermoqchiman.
- Sharifjon – mening shogirdlarimdan, - deydi 92 yoshli mehnat faxriysi, ko‘p yillar davomida bir necha jamoa xo‘jaliklarida boshqaruv raisi bo‘lgan Raxmonberdi bobo Shodmonov, - oliygohni bitirib kelgach, jamoa xo‘jaligimizda uchastka agronomi bo‘lib ishladi. 1999 – 2002 yillarda esa boshqaruv raisi bo‘ldi. Odamlarga g‘amxo‘r, to‘g‘ri so‘z, ishchan rahbar sifatida katta obru- e'tibor qozondi.
Bugungi kunda nafaqa yoshiga yetgan Sharif Ochilov 50 sotix yer olib dehqon xo‘jaligi tashkil etgan. Ko‘rib havasim keldi: bir tomonda payvand qilingan mevali daraxt ko‘chatlari, atrof – tokzor... Boringki, ekilmagan narsaning o‘zi yo‘q, hisobi...
- Ba'zi birovlarga hayronman,- deydi hikoyamiz qahramoni, katta – katta tomorka yeri bor. Lekin qarovsiz, ishlov berilmagan, yoki nomiga u – bu narsa ekib qo‘ygan. E'tibor berganmisiz, Mundiyonga kiraverishda katta qilib "Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai" deb yozib qo‘yilgan. Hech bo‘lmasa, shu yozuvni o‘qib fikr qilmaydilarmi? Qarang, aytaylik, bo‘sh yotgan tomorqasiga bir kilo kartoshka urug‘ini eksin, kamida o‘n kilo kartoshka oladi. Agar o‘n kilo kartoshka eksa, bu – yuz kilo degani. Tejab ishlatsa, bir kishga yetadi, yurmaydi "Bozorboy aka"dan kartoshka sotib olaman deb. O‘sha pulni ahli ayolining yoki oilasining boshqa koriga ishlatadi.
- Mana shu mevali daraxt ko‘chatlaridan to‘rt yuztasini yaqinimizdagi ikkita maktabga ehson tarzida berib yubordim, - deb so‘zini davom ettirdi suhbatdoshim, agar meva bersa kancha manfaat yetadi odamlarga. Shukrkim, mehnatim tufayli ro‘zg‘orim but, farzandlarim uyli – joyli, birovdan kam yerimiz yo‘q. Ko‘rib turganingiz mana shu ixchamgina ikki kavatli dala hovlini xam tomorqadan kelgan daromad hisobidan qurganmiz...
-Ha, - deyman o‘zimcha o‘ylab, osmonga qarab "holva" degan bilan og‘iz shirin bo‘lmasligi bor gap. Nolish bilan ham hech bir ish bitmaydi. Agar niyatni rost qilib, chin dildan mehnat qilinsa, xamma narsa o‘z joyida bo‘ladi.
Men o‘z mulohazalarim haqida Mundiyon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muzaffar Qudratovga aytganimda, u bugungi kunda bunday ishbilarmon tomorqa yer egalari ko‘pchilikni tashkil etayotgani, jumladan, Hamza Mavlonov, Dilshod Turopov, Ilxom Xolov, Sherali Mamatkulovlar shular jumlasidan zkanligini ta'kidladi.
Darhaqiqat, hikoyamiz qahramoni Sharif Ochilov kabi el-yurt manfaati yo‘lida fidokorona mehnat qilayotganlar qancha ko‘paysa, ular safiga o‘zimiz ham qo‘shilsak, davr talabiga javob bergan bo‘lardik.
Siz nima deb uylaysiz, azizlar?
Muallif: Lutfulla Ubaydullayev, Kattaqo‘rg‘on tumani “Kichik mundiyon” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 18/04/2020 13:40; Ko‘rilganligi: 974
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 09:00