O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Abu Ubayda ibn al-Jarroh

 
 

“Har bir ummatning ishonchlisi bor.

Bu ummatning ishonchlisi Ubu Ubaydadir”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.

U kishi yuzlari yorqin, jismi bir tekis, bo‘ylari uzun, ko‘rgan ko‘z quvonadigan va qalblar unga oshno bo‘ladigan zot edilar.

U kishini Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu sifatlab shunday deydilar: “Qurayshning uch kishisi — insonlarning eng obro‘lisi, axloqi go‘zali, hayosi kuchli, gapirsalar yolg‘on gapirmaslar, unga gapirsalar ularni yolg‘onchiga chiqarmaslar. Ular Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn al-Jarrohdirlar”.

U zot roziyallohu anhu islomga kirganlarning peshqadamlaridan biri edilar. Abu Bakr roziyallohu anhuning qo‘llarida, u kishidan so‘ng iymonga kelganlar.

U zot jannat bashorati berilgan 10 kishining biri edilar.

Badr g‘azotida Abu Ubayda roziyallohu anhu cheksiz mahorat ko‘rsatdilar. Mushrik askarlar u zotga yo‘liqishdan qo‘rqib, o‘zlarini har tomonga otishar edi. Lekin bir odam uning yo‘lidan ha deb chiqaverardi. Abu Ubayda roziyallohu anhu esa u kishidan qochishga urinar edilar. Haligi odam nihoyat Abu Ubayda roziyallohu anhuning yo‘lini to‘sdi. Shu asnoda u zot va Allohning dushmani o‘rtasida jang boshlandi. Sabr toqat qilolmay Abu Ubayda roziyallohu anhu u kishining boshiga kuchli zarba berib, boshini ikkiga bo‘lib yubordilar. U odam shu joyida jon taslim qildi.

U odam kim edi? U odam Abu Ubayda roziyallohu anhuning otasi Abdulloh ibn al-Jarroh edi.

Abu Ubayda roziyallohu anhu otalarini o‘ldirmadilar, balki otasining shaxsiyatida bo‘lgan shirkni o‘ldirdilar. Alloh taolo u kishi borasida Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan qavmning Alloh va Uning Rasuliga dushmanlik qiluvchilarga do‘stlik qilganlarini topmassan. Hatto u(dushman)lar o‘z otalari, bolalari, aka-ukalari yoki qarindoshlari bo‘lsa ham. Alloh undoq kishilarning qalblarida iymonni sobit qilgan, ularni O‘z huzuridan bir ruh bilan qo‘llagandir. Va ularni ostidan suvlar oqib turgan jannatlarga kiritur. Ular unda abadiy qolurlar. Alloh ulardan rozi bo‘lur. Ular Allohdan rozi bo‘lurlar. Unday kishilar Allohning firqasidandirlar. Ayo, ogoh bo‘linglar, albatta, Allohning firqasidagilar, ha, o‘shalar yutuvchilardir” (Mujodala surasi 22-oyat).

Mahmud ibn Ja’fardan rivoyat qilinadi: Nasroniylardan bir jamoa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelishib, shunday dedilar: “Ey Abulqosim! Biz bilan birga sahobalaringizdan birini jo‘nating. U kishi bizning o‘rtamizda hukm chiqarib bersin. Biz musulmonlarning hukmiga rozidurmiz”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kechasi kelinglar. Sizlarga eng ishonchli odamni beraman”. Umar roziyallohu anhu aytdilar: “Peshin namoziga erta chiqdim. Ushbu sifat egasi bo‘lishdan boshqa narsa ko‘zimga ko‘rinmas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga namoz o‘qib berganlaridan so‘ng o‘ng va chap tomonlariga qaray boshladilar. U zot meni ko‘rsinlar deb bo‘ynimni cho‘zar edim. Oramizdan kimnidir qidirar edilar va Abu Ubaydani ko‘rib, unga “Sen chiq va ular ixtilof qilayotgan narsalari borasida haq ila hukm qil” dedilar. Shunda men bu sifatni Abu Ubayda olib ketdi dedim”.

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini Qurayshning karvoniga qarshi chiqish uchun yubordilar. U zot va qolgan sahobalar o‘zlari bilan xurmolar va suv olishgan edilar. Abu Ubayda roziyallohu anhu sahobalvrga bittadan xurmoni berardilar. Ular xurmoni so‘rib yurar edilar va ketidan suv ichar edilar. Shu ularga kechgacha kifoya qilardi.

Uhud kuni musulmonlar mag‘lub bo‘lishgach, mushriklar menga Muhammadni ko‘rsatinglar, menga Muhammadni ko‘rsatinglar, deb baqira boshlashdi. Abu Ubayda Roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘ksilarini kamon o‘qlariga qalqon qilib to‘sib turganlardan biri edilar. Urush tugagach Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni singan sovutlaridan ikkita halqa u zotning peshonalariga kirib qolganini olish uchun Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu harakat qilayotgan edilar. Shunda Abu Ubayda roziyallohu anhu “Buni menga qo‘yib bering ey, Abu Bakr” dedilar. U zot chetga o‘tdilar. Abu Ubayda roziyallohu anhu qo‘llari bilan Rasulullohga aziyat berib qo‘yishdan qo‘rqib, tishlari bilan ularni olishga kirishdilar. Ikki halqani olaman deb, u zot ikki tishlaridan ayrildilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Abu Ubayda ikki old tishi yo‘q insonlarni eng chiroylisi” deb aytardilar.

Abu Ubayda ibn al-Jarroh roziyallohu anhu vafot etar chog‘larida qo‘l ostidagilariga shunday deganlar: “Namozni ado qilinglar, Ro‘za tutinglar, sadaqa qilinglar, haj va umra qilinglar, o‘zaro vasiyat qilinglar, boshliqlaringizga nasihat qilinglar, ularga g‘ash qilmanglar va sizlarni dunyo aldab qo‘ymasin!”. So‘ng Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuga qaradilar va “Odamlarga namoz o‘qib bering”, dedilar. Ozgina ham vaqt o‘tmay u zot bu dunyoni tark etdilar.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ey, odamlar! Siz aziz insonimizdan ayrildingiz. Bu zotdan ko‘ra qalbi toza, yomonlikdan uzoq, oqibatini o‘ylab ish qiladigan va ommaga nasihatgo‘y insonni ko‘rmaganman. Unga rahmat tilab duo qilinglar”.

Sahobai kiromlar har jabhada butun insoniyat uchun o‘rnak bo‘ladilar. Sahobalarning qilgan amallari faqatgina Alloh subhanahu va taoloning roziligi uchun bo‘lishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bejiz aytmaganlar: “Sahobalarim yulduzlar kabidir. Qay biriga ergashsangiz ham adashmaysiz”.

Alloh taolo ulardan rozi bo‘ldi va ular ham Undan rozi bo‘lishdi!

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti

4-B kurs talabasi Ergashev Abdussami’

«Sahobalar hayotidan lavhalar«

kitobidan tarjima qildi.


Kiritilgan vaqti: 08/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2860
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/abu-ubayda-ibn-al-jarroh
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 03:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing