O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yaxshilikka dalolat qiluvchi xuddi uni qiluvchi kabidir

 
 

Tolha ibn Ubaydulloh ibn Kurayzdan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Har bir yaxshilik sadaqadir. Yaxshilikka dalolat qiluvchi xuddi uni qiluvchi kabidir”, dedilar”.

Bu hadisdan ma’lum bo‘lishicha, har bir yaxshi ishni sadaqa deb tushunish lozim ekan. “Sadaqa” deganda ma’lum bir miqdordagi pulni sarflashnigina tushunmaslik kerak. Sadaqaning ma’nosi juda keng bo‘lib, niyatga qarab har bir katta yoki kichik amal ham sadaqa hisoblanaverar ekan.

Birovlarni yaxshilikka dalolat qilish, yaxshilikka undash, chaqirish, yaxshilikka yo‘llab qo‘yish ham ulug‘ savobli ishlardan ekan. Ana shu yaxshilikni qilgan odam qancha savob olsa, shu ishga dalolat qilgan, ko‘rsatgan, targ‘ib qilgan kishi ham shuncha savob oladi.

Ulamolarimiz: “Ustozlar, murshidlar, ulamolar va mualliflar bu borada peshqadam kishilardir. Ulardan ta’lim va ma’lumot olganlar qilgan yaxshiliklariga qancha savob olsalar, ular ham shuncha savob oladilar”, deganlar.

Muborak Ramazon oyida boshqa oylarga nisbattan mo‘min msulmonlarning ibodat, zikr, ilm o‘rganish, xayr-saxovat ishlari yanada avjiga chiqadi. Imkoni borlar o‘z qo‘llari bilan yaxshilik qilib savob olsa, imkoni borlarni yaxshilikka dalolat qilib savobga ega bo‘ladiganlar ham bor. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani bosh imom xatibi Shomurodov Xayrullo domla ham tumandagi barcha imom xatiblarni va ular orqali saxovatpesha insonlarni xayr-saxovat ko‘rsatishga targ‘ib qilib, "Vaqf" xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat fililali bilan hamkorlikda Ramazon oyi davomida bir qancha muruvvat ishlarini amalga oshirdi. Ular tomonidan mehr va e’tiborga muhtoj insonlarni holidan xabar olinib, 255 ta oilaga jami 21 000 000 so‘m miqdorida xayr-ehson qilindi. Va bundan buyon ham bu kabi yaxshilik ishlari davom ettiriladi degan umiddamiz. Zero, har birimiz qo‘limizdan kelganicha yaxshilik qilishimiz va yaxshilikka dalolat qiluvchi, unga yo‘l ko‘rsatuvchilardan bo‘lishimiz lozimdir.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 18/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1494
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yaxshilikka-dalolat-qiluvchi-xuddi-uni-qiluvchi-kabidir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing