O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

YAXSHILIK QILISHDA MUSOBAQALASHING!

 
 

Ushbu biz yashab turgan ajib dunyo o‘zi shundoq tuzilganki, bu hayoti dunyoda qiyinchilik bilan kun kechiradigan, kambag‘al, bechora kishilar doimo uchrab turadi. Bunday holat oldin ham va bundan kiyin ham bo‘lishi muqarrardir. Lekin, ushbu kishilarga nisbatan boshqa mo‘min-musulmonlar hech qachon befarq bo‘lmaydi va qanday munosabatda bo‘lish kerakligini ham unutmaydi. Chunki mo‘min-musulmon oyati karima va hadisi shariflardan kambag‘allikdan qiynalgan va mashaqqat chekkanlarga yordam qo‘lini cho‘zganlarga qanday mukofotlar borligini yaxshi biladilar.

Jumladan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda quyidagicha marhamat qilgan:

"Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi.

Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi.

Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi.

Modomiki, banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi", dedilar. (Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).

Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshqa yaxshi amallar qatori, birovning hojatini chiqarish fazlini, har bir mo‘min-musulmon qilishi lozim bo‘lgan yaxshi amallardan bir nechtasini va uni bajargan mo‘min-musulmon bandaga beriladigan mukofotlarni zikr qilmoqdalar. Shuningdek, bu orqali sizu-biz mo‘min-musulmon ummatlarini o‘sha yaxshi amallarni qilishga targ‘ib etmoqda hamda har bir mo‘minni boshqa bir mo‘minning boshiga tushgan qiyinchiligini aritishga yordam berishga chaqirmoqda.

Bugun butun dunyoga xavf solib turgan Koronavirus epidemiyasi yuqishidan saqlanish maqsadida joriy etilgan karantin tufayli xalqimiz orasidagi qiynalib turgan muhtoj, kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar hamda qariyalar mavjud bo‘lib, ularni duolarini olish va qalblariga surur kirgizish ISLOM dinida maqtal amallardar biridir.

Alhamdulillah, yuqoridagi hadisi sharifga amal qiladigan va unda keltirilgan va'da hamda ajru-savoblardan umid qilgan yaxshi insonlar ham oramizda ko‘plab topiladi. Misol uchun hozirgi vaziyatda tibbiy niqob, sanitariya anjomlari, oziq-ovqat mahsulotlari va shu kabi inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan narsalarni bepul tarqatayotgan kishilar haqidagi xabarlarga ham ko‘p duch kelib turibmiz. Shunga o‘xshash yana bir misol, bugun Samarqand tumanidagi “Imom A'zam” jome masjidi xodimlari, xalqsevar, ehsonparvar va sahiy insonlar ko‘magi bilan 8000000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini masjid atrofidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi beva-bechora, muhtoj, kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalardan 25 ta xonadonga ehson qildilar.

Keling yurtdoshlar! Barchamiz Agar men bir mo‘min birodarimdan bu dunyoning mashaqqatlaridan birini aritsam, bir kambag‘alning ishini yengillatsam va o‘z birodarimning yordamida bo‘lsam, Alloh mendan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi, boyligim yanada oshiradi va Alloh meni yordamimda bo‘ladi, degan tushuncha bilan hayot kechiraylik.

Fazli marhamati keng bo‘lgan Alloh subhanahu va taolo qo‘li ochiq sahiy yurtdoshlarimizning sahovatlarini yanada ziyoda qilsin va qilgan ehsonlarini o‘rnini ortig‘i bilan to‘ldirsin. Butun dunyo ahliga tinch va osuda hayotni yana qaytarib berishini O‘zidan so‘rab qolamiz. AMIN!!!

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Fazli marhamati keng bo‘lgan Alloh subhanahu va taolo qo‘li ochiq sahiy yurtdoshlarimizning sahovatlarini yanada ziyoda qilsin va qilgan ehsonlarini o‘rnini ortig‘i bilan to‘ldirsin. Butun dunyo ahliga tinch va osuda hayotni yana qaytarib berishini O‘zidan so‘rab qolamiz. AMIN!!!

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi Axborot xizmati


Kiritilgan vaqti: 01/04/2020 10:06;   Ko‘rilganligi: 1082
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yaxshilik-qilishda-musobaqalashing
Chop etilgan vaqti: 30/04/2024 09:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing