O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Xayrli ishni xar kim xar kun qilishi kerak

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

Ehson qilish eng oldin sizni tug‘ib katta qilgan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, chiroyli ta'lim, xulqu odob o‘rgatgan, kamolga yetkazib uyli-joyli qilgan ota-onadan boshlanadi. Imom Nasafiy va Xozin tafsirlarida zikr qilinishicha, farzand uchun ota-onaning maqomi shunchalar ulug‘ki, u ota-onani nomi bilan chaqirmay, balki «otajon, onajon» kabi shirin so‘zlar murojaat qilishi, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmasligi, ular oldida o‘zini hokisor tutishi lozim. Shundan keyin qarindosh-urug‘lar, o‘zgalar mehr-muruvvatiga muhtoj bo‘lib qolgan yetimlar, kambag‘al-faqirlar, safarda aziyat chekayotgan musofirlarga ehson qilinadi.

Ehson-sadaqa qilinishi lozim bo‘lgan toifalar haqida Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan: «Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi silai rahm uchundir»; «Rasuli akram (alayhissalom):

"أَنَا وَكَافلُ اليَتِيمِ في الجَنَّةِ هَكَذا وَأَشارَ بالسَّبَّابَةِ وَالوُسْطَى ، وَفَرَّجَ بَيْنَهُمَا "رواه البخاري

ya'ni: «Yetimni qaramog‘iga olgan kishi bilan men jannatda mana bunday yonma-yon turamiz», dedilar hamda ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini juftlab ko‘rsatdilar». Boshqa hadisda esa,

"السَّاعِي عَلَى الأَرْمَلَةِ وَالمِسْكِينِ ، كَالمُجَاهِدِ في سَبيلِ اللهِ وَأحسَبُهُ قَالَ : وَكالقَائِمِ الَّذِي لاَ يَفْتُرُ  وَكَالصَّائِمِ الَّذِي لاَ يُفْطِرُ "متفق عَلَيْهِ

ya'ni: «Beva va miskinga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi Alloh yo‘lida jang qilgan, tuni bilan namoz o‘qigan va kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan kishi kabidir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).  Bulardan esa, har bir musulmon atrofidagi kishilarga mehribon, himmatli, saxovatpesha, sadoqatli bo‘lishi lozim, degan fikr kelib chiqadi. 

Ehsonning yana bir ma'nosi muhtoj kishilarga va Alloh belgilagan o‘rinlarga sadaqa qilishdir. «Ehson» bandaning halol yo‘l bilan topgan barcha mol-mulkidan Alloh yo‘lida, U belgilagan maqsadlarda sarflashi, kambag‘al-faqirlarga va muhtojlarga sadaqa qilishi ma'nolarini anglatadi. U, shuningdek, Alloh roziligini topish yo‘lida qilingan barcha yaxshiliklar ma'nosini ham bildiradi. Alloh taolo aytadi

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَنْفِقُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّا أَخْرَجْنَا لَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَلَا تَيَمَّمُوا الْخَبِيثَ مِنْهُ تُنْفِقُونَ وَلَسْتُمْ بِآَخِذِيهِ إِلَّا أَنْ تُغْمِضُوا فِيهِ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ حَمِيدٌ

ya'ni: «Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh g‘aniy va maqtovga loyiq zotdir» (Baqara surasi, 267-oyat).

Ba'zi kishilar zakot yoki sadaqa beradigan bo‘lsalar, sifatli va yaxshi mollaridan emas, balki nuqsonli va past navli narsalaridan beradilar. Vaholanki, o‘sha narsalar o‘zlariga berilsa, olmagan yoki noilojlikdan olgan bo‘lur edilar. Bu oyati karimaning nozil bo‘lishiga ba'zi musulmonlarning o‘sha davrda zakotga berish uchun eng past navli xurmolarni ajratganlari sabab bo‘lgan, deyiladi kitoblarda.

Alloh taolo ehsonni, ya'ni sadaqani eng avvalo qarindoshlarga, miskin va yo‘lovchilarga qilishni buyurgan. Qur'oni karimda bunday marhamat etiladi:

وَآَتِ ذَا الْقُرْبَى حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَلا تُبَذِّرْ تَبْذِيرًا

ya'ni, Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang!” (Isro surasi, 26-oyat).

Islomda insoniylik qadriyatlari qadrlanadi. Bu qadriyatlar hamma xalqlarni umuminsoniy mulki hisoblanadi. Biz ularni bag‘rikenglik, haqqoniylik, mehribonlik kabi xislatlarga tenglashtirishimiz mumkin. Musulmon odam ota-onasiga, farzandlariga, qo‘ni-qo‘shnilariga g‘amxo‘rlik qiladi, ko‘makka muhtoj bo‘lganlarga yordam ko‘rsatadi. Dunyodagi barcha narsalar Alloh taolo tamonidan yaratilgan, shuning uchun musulmon odam tabiat va har qanday jonzot oldida o‘zini mas'uliyatini his qiladi.

Zero, shunday insonlar bizning jonajon O‘zbekistonimizda ko‘plab topiladi. Shunday insonlardan biri Urgut tumani “G‘uzni” jome masjidi imom-xatibi Nurmuhammedov Abduqodir va masjid xodimlari tomonidan homiylarni jalb qilgan xolda 40 ta kam taminlangan yordamga muhtoj oilalar uchun kundalik ehtiyojga kerak bo‘ladigan (un, shakar, yog‘, go‘sht, non, makaron, tibbiy yuz niqobi v.b) maxsulotlarni xolisona hadiya qildi. Sof islom e'tiqodi musulmon qalbida yaxshi ishlarni amalga oshirishlikni paydo qiladi.

 

Alloh taolo Niso surasining 40-oyatida shunday marhamat qiladi:

إِنَّ اللَّهَ لَا يَظْلِمُ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ وَإِنْ تَكُ حَسَنَةً يُضَاعِفْهَا وَيُؤْتِ مِنْ لَدُنْهُ أَجْرًا عَظِيمًا

ya'ni: “Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay, Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur” (Niso surasi, 40-oyat).

Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin! Omin.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborot xizmati


Kiritilgan vaqti: 16/04/2020 15:18;   Ko‘rilganligi: 1106
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/xayrli-ishni-xar-kim-xar-kun-qilishi-kerak
Chop etilgan vaqti: 11/11/2024 02:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing