XALQIMIZNING ISHONCHI YUKSAK, UMIDI KATTA
Har bir mamlakatning demokratiya tamoyillariga qanchalik amal qilayotgani o‘tkazgan saylovlarida namoyon bo‘ladi. Qachonki, saylovda xalq o‘z xohish-irodasini erkin ifoda eta olsa, ana o‘sha saylov umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq tarzda o‘tkazilgan hisoblanadi. Saylovning yana bir fazilati shuki, demokratik davlatlarda xalq hokimiyati – fuqarolik jamiyati ana shu qadriyat asosida o‘rnatiladi. Respublikamiz aholisi istiqlol yillarida saylov qonunchiligi va amaliyoti borasida yetarlicha tajriba to‘plagani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida yaqqol ifodasini topdi.
2016 yilning 4 dekabr kuni tongni yurtdoshlarimiz ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi. Ertalabdan kechgacha yoshu qari guruh-guruh bo‘lib, quvnoq kayfiyatda saylov uchastkalariga borayotganiga guvoh bo‘ldik. O‘zimiz ham ularning safida ovoz berdik. Vatandoshlarimiz mamlakatimiz hayotidagi muhim hodisa – Prezident saylovida qatnashib, o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berdilar. Respublikamiz aholisining 87,73 foizi saylovda mamnuniyat ila qatnashdi.
Saylovda faol qatnashib yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor ifoda etdik. Illo, bugun odamlarning tafakkuri, dunyoqarashi, hayotga munosabati, tevarak-atrofimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarga qarashlari o‘zgacha. Har bir kishining o‘z mustaqil fikri, voqea-hodisalarga nisbatan o‘ziga xos yondashuvi bor. Odamlarda mamlakatimizda yuz berayotgan hodisalarga daxldorlik hissi kuchayib bormoqda. Yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi oshdi, fuqarolik mas’uliyati yuksaldi.
Xalqimiz qadimdan har bir masalani ortiqcha his-hayajonlarga berilmasdan, vazminlik bilan bamaslahat hal etishni odat qilgan. Zero, bu Alloh taologa xush keluvchi sifatlardandir: “Ularning ishlari o‘zaro maslahat (bilan) bo‘lur” (Sho‘ro, 38). Ajdodlarimizning ana shu an’anasiga amal qilingani tufayli saylov kampaniyasining barcha ishtirokchilari qonunchilik talablariga og‘ishmasdan rioya qildi. Biror saylov uchastkasida qonunbuzarlik va boshqa ko‘ngilsizliklar sodir etilmadi. Nomzodlarning biri ikkinchisining qachonlardir yo‘l qo‘ygan biror xatosi bo‘lsa, o‘shani topib olib, dastak qilib ko‘tarmadi. Aksincha, o‘zining kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘lgan yorug‘ rejalarini xalqimiz muhokamasiga olib chiqdi.
Saylov uchastkalariga turli sabablar bilan kela olmaganlar ham ovoz berishdan chetda qolmadi. Saylov kuni o‘z makonida bo‘la olmaydigan kishilarimizga muddatidan oldin ovoz berish uchun qulay sharoitlar yaratildi. Yanada e’tiborlisi, nogironlar e’tibordan chetda qolib, ko‘ngli o‘ksimadi, ovoz berish uchun ularga ham munosib qulayliklar yaratildi.
Demokratik tamoyillarga to‘la mos holda o‘tkazilgan saylovda uzoq yillardan beri mas’uliyatli vazifalarda samarali faoliyat yuritib, xalqimiz mehrini qozongan Shavkat Mirziyoev ishonchli g‘alabaga erishib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti degan yuksak va mas’uliyatli martabaga sazovor bo‘ldi.
Rahmatli birinchi Prezidentimiz olib borgan savobli ishlarni davom ettirishdek zalvorli vazifa endi u kishining zimmasida. Xalqimizning yangi saylangan Prezidentdan umidlari katta. Davlatimizning yangi rahbari bu ishonchni oqlashi aniq. Chunki u kishida buning uchun ilm ham, tajriba ham, yurtparvarligu xalqparvarlik ham, eng muhimi, mamlakatni boshqarish borasida noyob qobiliyat ham yetarlidir.
O‘zimizning erkin xohish-irodamiz bilan ma’qul nomzodni saylab oldik, alhamdulilloh. Endi Prezidentimiz atrofida jipslashmog‘imiz, u kishini duoyi xayrlar bilan qo‘llab-quvvatlab turmog‘imiz bizning diniy va fuqarolik burchimizdir. Alloh taboraka va taolo bunday buyuradi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) ish egalari (rahbarlar)ga itoat etingiz!..” (Niso, 59).
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganiga 24 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda davlatimizning yangi rahbari kirib kelayotgan 2017 yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildi. Shundan kelib chiqqan holda, mas’ul tashkilotlarning fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini, bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, joylarda aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi imkoniyatlari va samarali usullarini joriy etish zarurligini ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tavsiyalariga ham to‘la mos keladigan taklifdir. U zot bunday marhamat qiladilar: “Har biringiz bir rahbarsiz va qo‘l ostingizdagilar haqida mas’uldirsiz...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bundan tashqari, kelasi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator muhim islohotlar haqida so‘z yuritdi. Bu o‘zgarishlar xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishiga, yurtimizning bundan-da ravnaq topishiga xizmat qiladi. Bularning hammasi Alloh taolo yurtimizga bergan tinchlik-xotirjamlikday ulug‘ ne’matga samimiy shukronamiz, rahmatli birinchi Prezidentimizdan judolik musibatiga qilgan sabrimiz tufayli berilajak ajru mukofotlar bo‘ladi, inshoalloh...
Iloho, yangi saylangan Prezidentimizning ushbu martabadagi qadamlari qutlug‘ va barakotli bo‘lsin, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borayotgan barcha xayrli ishlarida Parvardigori olam tavfiqi va yordamini ayamasin!
Usmonxon ALIMOV, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
"MUSLIM.UZ"dan
Kiritilgan vaqti: 03/01/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2894
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 10:30