O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

VAKSINA OLISHNING HUKMI QANDAY?

 
 

❓759-CAVOL: Hozirgi kunda hamma joyda vaksina olishga targ‘ibot ketmoqda. Dinimiz bunga qanday munosabat bildiradi? Vaksina olishning hukmi qanday?

 JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ma'lumki, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani to‘g‘risida xulosaga keldilar.

Dinimizda insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim ko‘rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo‘llashga buyuradi. Shunday ekan vaksina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta'kidlanadi.

Birinchidan, dinimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

ما أنزلَ اللهُ داءً إلَّا أنزلَ له شِفاءً أخرجه البخاري

“Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi:

قالَتِ الأعرابُ: يا رسولَ الله، ألَا نتداوَى؟ قال: نَعمْ، يا عبادَ اللهِ تداوَوْا؛ فإنَّ اللهَ لم يَضَعْ داءً إلَّا وضَعَ له شفاءً (رواه الإمام البخاري عن أُسامةَ بنِ شَريكٍ رَضِيَ اللَّهُ عنه).

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan a'robiylar: “Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?”, deb so‘rashdi. U Zot alayhissalom: “Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyatlari).


Ikkinchidan, ba'zi kishilar kasal emasligini ro‘kach qilib, vaksina olishga beparvo bo‘ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar:
الوقاية خير من العلاج
“Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir” (“Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu” kitobi).

Demak, bemor bo‘lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo‘ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o‘ziga ham o‘zgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqda Abu Sa'id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال:
"لا ضرر ولا ضرار" (رواه الإمام ابن ماجة).

“Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, vaksinani olishimiz birinchi navbatda o‘zimizning sog‘ligimiz, qolaversa, yaqinlarimizning sog‘ligini saqlashga sabab bo‘ladi.

To‘rtinchidan, hozirgi kunda Haj va Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaksina bilan emlangan bo‘lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo‘lgan kishidan vaksina bilan emlanganlik so‘ralmoqda.

Xulosa shuki, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga yetkazib berilayotgan vaksinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar'an joiz, chunki bu davolanishning bir ko‘rinishidir. Vallohu a'lam.

 

 ❓CAVOL: Ba'zilar vaksinaning tarkibida harom narsalar borligini aytmoqda. Shunday vaksinadan foydalanish mumkinmi?

 JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ba'zi kishilarning vaksina tarkibida harom mahsulotlar borligi haqidagi gaplari hech qanday ilmiy dalillar bilan isbotlanmagan. Mabodo vaksina tarkibida o‘shanday qo‘shimchalar bo‘lgan taqdirda ham, u moddalar kimyoviy reaksiyalar natijasida o‘z aslini butunlay yo‘qotgan bo‘lsa, uning haromligi qolmaydi va undan foydalanish joiz bo‘ladi. Buni shariatimizda istihola (ya'ni, bir moddani butunlay tarkibi o‘zgarib, boshqa narsaga aylanib ketishi) deyiladi. Shu qoidaga binoan, dorilar tarkibida o‘z asli – haromligini yo‘qotgan moddalar bo‘lsa-da, ulardan foydalanish mumkin.

Qolaversa, Misrdagi "Dorul-ifto" fatvo uyushmasi, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Islomiy ishlar idorasining Shar'iy fatvo kengashi va dunyodagi boshqa yirik fatvo hay'atlari koronavirusga qarshi vaksinalarda harom hukmidagi mahsulotlar qo‘shilgan bo‘lsa ham istihola qoidasiga binoan musulmonlar uchun emlanish joiz bo‘lishi haqida fatvo chiqarganlar. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.


Kiritilgan vaqti: 12/08/2021 07:48;   Ko‘rilganligi: 908
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/vaktsina-olishning-hukmi-qanday
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing