O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Uyda oila a'zolar bilan hayit namozini o‘qish mumkinmi?

 
 

400-CAVOL: Bugungi kunda butun dunyoda pandemiya sharoiti, yurtimizda ham karantin e'lon qilingan. Mana shunday vaziyatda hayit namoz o‘qiladimi? Agar bunga ruxsat berilmasa, uyda oila a'zolar bilan birga hayit namozini o‘qish mumkinmi?

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Hanafiy mazhabimiz bo‘yicha hayit namozini biror uzr sababli masjidda katta jamoat bilan ado etish imkoni bo‘lmaganda uni uyda alohida jamoat bilan o‘qish joiz emas. Bu haqda ulamolarimiz alohida ta'kidlab o‘tishgan. Jumladan hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbai “Bahrur roiq” kitobda shunday deyiladi: 


(ولم تقضَ إن فاتت مع الإمام): لأن الصلاة بهذه الصفة لم تعرف قربة إلا بشرائط لا تتم بالمنفرد

ya'ni: “Imom bilan birga iyd namozini ado etish imkoni bo‘lmasa uni qazo qilinmaydi. Chunki shariatimizda iyd namozini ma'lum shartlarga ko‘ra o‘qish ma'lum bo‘lib, yolg‘iz o‘quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo‘lmaydi”
Hayit namozi durust bo‘lishi uchun hayit namozini o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. Hayit namozini uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi, natijada namoz durust bo‘lmaydi. Bu haqida Ibn Obidin rahimahulloh shunday deydilar:


الْإِذْنُ الْعَامُّ وَهُوَ أَنْ تُفْتَحَ أَبْوَابُ الْجَامِعِ وَيُؤْذَنَ لِلنَّاسِ، حَتَّى لَوْ اجْتَمَعَتْ جَمَاعَةٌ فِي الْجَامِعِ وَأَغْلَقُوا الْأَبْوَابَ وَجَمَعُوا لَمْ يَجُزْ

ya'ni: “Umumiy ruxsat – jome' masjidi ochilib, odamlar kirishiga ruxsat bo‘lishidir. Hatto, agar masjidda bir jamoat yig‘ilib, eshikni yopib olib juma (yoki hayit) namozini o‘qisalar, namozlari durust bo‘lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi).
Bundan umumiy ruxsat bo‘lmaganda, hatto bir jamoat masjidga kirib, o‘zlaricha juma yoki hayit namozlarini o‘qisalar ham, namozlari durust bo‘lmasligi ma'lum bo‘lmoqda.

Ayni paytda aksar musulmon yurtlarining xalqaro va mahalliy fatvo uyushmalari, ulamolari mo‘min-musulmonlarning jonlarini omon saqlash uchun masjidlarda yig‘ilmaslik, xavf o‘tib ketguncha ibodatlarni uyda ado etib turish qaroriga kelishgan. Bunga yetarlicha asos borligini va masala jiddiy ekanligini eslatishgan. Jumladan, Germaniya fatvo qo‘mitasi raisi doktor Xolid hanafiy alohida fatvo e'lon qilib, unda pandemiya paytida iyd namozini uyda o‘qib bo‘lmasligini alohida ta'kidlagan. Shuningdek, Iordaniya, Pokiston, Hindistonlik ulamolar ham ushbu fatvoni qo‘llab-quvvatlashgan.

? Shuni ham eslatib o‘tish lozimki, vaziyat taqazosidan kelib chiqib, hayit namozi ado qilinmasa ham, bayram shukuhini saqlab qolish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini tiriltirish maqsadga muvofiqdir. Abu Sa'id raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

 

كَانَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم لَا يُصَلِّي قَبْلَ الْعِيدِ شَيْئًا، فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ
(رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَهْ بِإِسْنَادٍ حَسَنٍ)

 

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam iyd namozidan avval nafl namoz o‘qimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz o‘qirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Mo‘tabar hanafiy fiqhiy manbalaridan biri “Majma'ul anhur” kitobida shunday deyiladi:


اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ

ya'ni: “Ma'lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.

Xulosa o‘rnida aytamizki, hozirgi sharoitda hammamiz ittifoq bo‘lib, shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan go‘zal suratda o‘tishga harakat qilishimiz lozimdir. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati. @diniysavollar


Kiritilgan vaqti: 22/05/2020 10:50;   Ko‘rilganligi: 1022
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/uyda-oila-azolar-bilan-hayit-namozini-oqish-mumkinmi
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 02:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing