Urgut tumanidagi “Bog‘ishamol” masjidida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda
Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, yurtimizdagi masjidlar kundan-kunga obod bo‘lmoqda. Ko‘plab masjidlar zamonaviy shaklda ta'mirlanib, chiroyli va qulay holatga keltirilayotgan bo‘lsa, bir qanchasi tubdan yangidan qurilmoqda. Samarqand viloyati Urgut tumanida bugungi kunda 9 ta masjidda qayta qurish, ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. 2018 yilda tumandagi “Bog‘ishamol” masjidida yangi bino qurilishi boshlangan edi. Bugunga kelib masjid binosi qad rostlagan, tom qismi yopilgan bo‘lib, gumbaz, eshik-romlar o‘rnatilgan. Mahalliy, qo‘li gul ustolar tomonidan pardozlash, jihozlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Masjid imom-xatibi Samiyev Abdukarimning ta'kidlashicha masjid 2021 yil mustaqillik bayrami arafasida namozxonlarga tuhfa qilinishi rejalashtirilgan. Unda 4500 nafar namozxon o‘z ibodatlarini ado etish imkoniga ega bo‘ladi. Albatta masjidlarni obod etish hamda ularni ta'mirlash ulug‘ savobli amallardir. Masjidga ibodat qilish uchun kelgan xalqimiz ona-Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duo qilishadi.
Viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov masjidda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, holatni o‘rganish maqsadida ushbu masjidda bo‘ldilar. Hormay-tolmay mehnat qilayotgan ustolar, ish boshida turgan masjid jamoasi va masjid qurilishiga moddiy va ma'naviy hissa qo‘shayotganlar haqqiga duoi xayrlar qildilar.
Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi Urgut tumanidagi chegara oldi hududida joylashgan “To‘rtko‘l” masjidida ham bo‘lib, masjid faoliyati bilan tanishdi. Hamda namozxonlar bilan suhbatlashib, ular bilan yaqindan suhbatlashdilar.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 17/02/2020 11:27; Ko‘rilganligi: 1612
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 12:38