O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

To‘ylarimiz haqida o‘ylarimiz

 
 

Mustaqillik yillarida hayotimiz, yashash tarzimiz yaxshilanib bormoqda. Turli texnika vositalari kishilar, xususan ayol-qizlarimizning og‘irini yengil qilmoqda. Qulay texnik vositalardan turmushning barcha jabhalarida, uyda, ko‘chada, maraka-marosimlarda foydalanmoqdamiz va bularsiz hayotni tasavvur qilish qiyin bo‘lib qoldi. Ayniqsa, bugungi kunda to‘ylarimiz ovoz kuchaytirish vositalari, videotasvirchilar xizmatisiz o‘tmaydi. Darhaqiqat, to‘y-tantanalarni tasvirga olib, keyinchalik tomosha qilish insonga zavqu-shavq beradi, bir umrlik xotiraga aylanib qoladi.

Yaqin o‘tmishda kelin-kuyovlar nikoh uyiga dastlab bitta mashinada borishardi. Keyinchalik ularning adadi uch, to‘rttaga yeta boshladi. Bugungi kunda nikoh o‘qitish uchun kelinning uyiga o‘n-o‘n ikkitalab xorijda ishlab chiqarilgan bir xil rusumli, bir xil rangdagi yengil mashinalarning kelishi shart bo‘lib qoldi. Har bir mashinaning xizmat haqqi ham xorij valyutasi hisobida olib boriladi.

Moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganlarga balki bu ortiqcha qiyinchilik yuklamas. Lekin o‘rtahol xonadon egalari farzandlarining ko‘ngli o‘ksib qolmasin deb tez urchiyotgan bu illatdan ortda qolmaslikka harakat qilishi turli muammo va ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.

2017 yil 14 mart kuni yuqorida keltirib o‘tilgan salbiy holatga qarshi kurashish, to‘ylarni dabdababozlikdan yiroq, isrofgarliksiz o‘tkazishga targ‘ib etish maqsadida Samarqand tuman bosh otinoyisi Rahmatova Aziza Ko‘lboipoyon QFYga qarashli Qo‘ziqo‘rg‘on mahallasi xotin-qizlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Bu illatni bartaraf etishda ayollarning o‘rni haqida suhbatlashib, aksariyat muammolar orzu-havasni deb kelib chiqayotgani, ayollar ham buning avj olishi yoki barham topishida aksariyat holda hal qiluvchi pog‘onada turishlari haqida mulohaza yuritdi.

Erkin muloqot va o‘zaro fikr almashishlar asosida olib borilgan davra suhbati davomida hayotiy misollar va diniy asoslar orqali to‘y-marosimlardagi nomaqbul holatlar yaxshilikka olib kelmasligi tushuntirilib, uni bartaraf etishda ayollar doimiy tashabbus ko‘rsatib borishlari lozimligi ta’kidlandi.

N.Temirova-Samarqand viloyat

bosh imom xatibining xotin-qizlar

masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 15/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2614
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/toylarimiz-haqida-oylarimiz
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing