SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTI (SHHT)
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida 2001 yil 15 iyunda tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, ta’lim, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhafaza qilish va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Bundan tashqari, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi birgalikda kurashish ham tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
O‘zbekiston 2001 yil iyun oyida SHHTga a’zo bo‘ldi va uning muassisi hamda teng huquqli qatnashchisiga aylandi. Shanxay hamkorlik tashkiloti tartib-qoidalariga binoan, har yili a’zo mamlakatlardan biri unga rais bo‘ladi. O‘zbekiston raisligi davrida erishilgan yutuqlardan biri – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009 yil 18 dekabrda konsensus asosida SHHT va BMT o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishidir. Shunisi e’tiborga molikki, ushbu rezolyutsiyaga SHHTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikistondan tashqari Pokiston va Dominikan Respublikasi ham hammualliflik qildi.
Har qanday xalqaro tashkilotning nufuzi va ahamiyati unga dunyoda berilayotgan e’tibor va faoliyatining samaradorligi bilan belgilanadi. SHHT nisbatan qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi. Ta’kidlash joizki, kuzatuvchi mamlakatlar bilan qo‘shib hisoblaganda, SHHT dunyo aholisining yarmini birlashtiradi. Bu esa uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari – iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashdagi salohiyatini oshiradi. Ana shu ikki ustuvor yo‘nalishga alohida urg‘u beriladi. Zero, xavfsizlik orqali hamkorlikni rivojlantirish, umumiy taraqqiyotga erishish tashkilotning asosiy maqsadidir. Yevroosiyo hududining 61 foizini, dunyo aholisining to‘rtdan bir qismini tashkil qilgan mamlakatlar ishtirokidagi Yangi tashkilot qabul qilgan birinchi hujjat “Shanxay Hamkorlik Tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi Deklaratsiya”, “Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiya bo‘ldi.
Oradan 1 yil o‘tib Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan sammitda tashkilotning tuzilmalarini shakllantirish boshlandi. 2003 yilda esa SHHT Kotibiyati (qarorgohi Pekinda) va Mintaqaviy Aksilterror tuzilmasi (qarorgohi Toshkentda) tashkil etildi.
2004 yil 1 yanvaridan boshlab amaliy mexanizmi, ma’muriyati va byudjetiga asos solingan SHHT to‘laqonli xalqaro tashkilot sifatida tan olindi. Tashkilotning faoliyat ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2005-2006 yillarda SHHTning Banklararo birlashmasi, Ishbilarmonlar kengashi va Forumi tashkil qilindi.
SHHT tuzilganidan keyin ko‘plab davlatlar uning safidan joy olish istagini bildirdi. Bugungi kunda jahonda nufuzi ortib borayotgan SHHTga 6 ta – O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoy a’zo. Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston va Pokiston kuzatuvchi maqomiga ega. Belarus va Shri-Lankaga Muloqot bo‘yicha hamkor maqomi berilgan. SHHT sammitlarida MDH, ASEAN va Afg‘oniston rahbarlarining taklif etilishi tashkilotning istiqbolidan darak beradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, SHHT harbiy tashkilot emas. Bu tashkilot asosan a’zo davlatlarning havfsizligini ta’minlashga mas’uldir. SHHTning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol uchun hamkorlikda faoliyat yuritishdan iboratdir. So‘nggi vaqtlarda jahonda nufuzi ortib borayotgan tashkilot o‘z oldiga urushlar va harbiy-siyosiy to‘qnashuvlar xavfini daf etib, tinchlik, farovon hayotga erishishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan. Qarorgohi Toshkentda bo‘lgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi o‘z mevalarini bermoqda. Shu davr mobaynida MATT tomonidan mingdan ortiq terror hodisalarining oldi olindi. Tashkilotga a’zo davlatlarning maxsus xizmatlari tomonidan esa terrorchi tashkilotlarning rahbarlari qo‘lga olindi va yo‘q qilindi. SHHT doirasida madaniy va gumanitar sohalarda aloqalar rivojlanib bormoqda. 2002 yilda Pekinda madaniyat vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. A’zo mamlakatlarda madaniyat kunlarini o‘tkazish borasidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi. O‘tgan davr ichida bir necha tadbirlar o‘tkazildi. Mamlakatlar o‘rtasida talabalar va o‘qituvchi-professorlar almashuvlari yo‘lga qo‘yilgan. San’at sohasidagi hamkorlik ham rivojlanib bormoqda.
SHHT davlatlari o‘zaro munosabatlarda «Shanxay ruhi»ga amal qiladi. Bu ibora qarorlarni konsensus asosida qabul qilish, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikka hurmat bilan yondashuv, birgalikda taraqqiy etishga intilish tamoyillariga qat’iy amal qilish demakdir.
O‘tgan yilning 9–10 iyul kuni Ufada tashkilotning navbatdagi sammitida SHHTga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi.
Shu kunlarda poytaxtimizda Prezidentimiz Islom Karimov raisligida SHHT a’zo davlatlari rahbarlari kengashining 15 yilligiga bag‘ishlangan yubiley majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
SHHTning Toshkent sammitida kun tartibiga quyidagi masalalar qo‘yiladi:
-
Davlat rahbarlari kun tartibiga muvofiq SHHT doirasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qiladilar, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
-
Davlat rahbarlari uchrashuv so‘ngida asosiy hujjat – SHHT 15 yilligining Toshkent deklaratsiyasini imzolaydilar. Mazkur hujjatda tashkilotning o‘tgan 15 yilllik faoliyatini baholash, a’zo davlatlarning SHHT rivojlanishi istiqbollariga doir bir-biriga mujassam yondashuvlar, shuningdek, hozirgi xalqaro va mintaqaviy vaziyatga nisbatan davlatlarning pozitsiyalari aks ettiriladi.
-
Davlat rahbarlari SHHTning 2015 yilgacha taraqqiyot strategiyasini amalga tatbiq etish bo‘yicha 2016-2020 yillar oralig‘ida mo‘ljallangan tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.
MANBA: MUSLIM.UZ
Kiritilgan vaqti: 24/06/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 5315
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 09:26