O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

ROSSIYA DIN PESHVOLARI SAMARQANDDA

 
 

Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi raisi, muftiy Abdulquddus Asharin boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 14 noyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Mehmonlarga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Nuriddinxon Islamov, bosh imom-xatib o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov va boshqa masu’llar hamrohlik qilishdi.

Dastlab Payariq tumanida joylashgan muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlari qo‘nim topgan majmua ziyorat qilindi. U yerda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, buyuk bobokalonimizga ko‘rsatilayotgan ehtirom bilan yaqindan tanishildi. Ayniqsa, o‘zbek hunarmandchiligining yuksak namunasi aks etgan naqshinkor ayvonlar, maqbaraning o‘zigi xos uslubda bezatilgani mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

So‘ng Imom Buxoriy xalqaro markazida bo‘lib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Xodimlar, malaka oshirayotgan imomlar bilan o‘zaro fikrlar almashildi. Mazkur dargoh rahbariyati tomonidan markaz tarkibi, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar haqida mehmonlarga batafsil so‘zlab berildi. Imom-xatiblar uchun tashkil etilgan malaka oshirish kursidagi dars jarayonlarini kuzatgan mehmonlar navbatdagi bosqich tinglovchilari bilan suhbat o‘tkazdilar. Suhbat asnosida Abdulquddus Asharin yurtimizda dinga bo‘lgan e’tibor, imom-xatiblarga yaratilayotgan sharoitlarni e’tirof etib, hayajon ila: “Bunday sharoit rossiyalik imomlar uchun bamisoli bir orzu, masjidlaringiz esa ziyoratgoh. Sharq me’morchilik namunalarini o‘zida aks ettirgan muzey, desam ham mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Ayniqsa, barcha yagona mazhab – hanafiy mazhabida ekaniga juda havasim keldi”, dedilar.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligiga tashrif buyurdilar. Samarqand va Sverdlovsk viloyatlari diniy rahbari o‘rtasi kechgan samimiy suhbat chog‘ida viloyat bosh imom-xatibi Nuriddinxon Islamov vakillik faoliyati haqida batafsil gapirib berdi. O‘z navbatida, mehmonlar ham ko‘hna va navqiron Samarqand shahrini, uning tarixiy obidalarini, masjidu ziyoratgohlarini ziyorat qilganidan behad xursand ekanliklarini bildirdilar. O‘zaro munosabat, hamkorlik ishlari bardavom, mamlakatlarimiz tinchligi abadiy bo‘lishini tilab, xayrli duolar qildilar. Uchrashuv so‘nggida mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng mehmonlar Samarqand gavhari – “Registon” ansambli, “Shohi Zinda” majmuasi va “Xo‘ja Doniyor” maqbarasini ziyorat qildilar.

Usmonxon Muhammadiyev

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 16/11/2015 00:00;   Ko‘rilganligi: 2704
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/rossiya-din-peshvolari-samarqandda
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing