O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

QUTLUG‘ RAMAZON OYI MUBORAK BO‘LSIN!

 
 

Bismillahir rahmonir rahim

Muhtaram yurtdoshlar! O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan Sizlarni ulug‘ ayyom – muborak Ramazon oyi tashrifi bilan chin qalbdan, samimiy muborakbod etamiz. Ushbu qutlug‘ oyning fayzu barakoti qalblarimiz va xonadonlarimizni munavvar va xushnud aylasin.

Allohning buyuk inoyati, Mustaqillik sharofati ila Muborak Ramazoni sharifni, mana, yigirma besh yildan beri, yurtimizda emin-erkin va katta shodiyonalik bilan kutib olmoqdamiz. Bu oy sharofati ila ota-onalar, tabarruk yoshdagi qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlarning holidan xabar olinadi, mehru muruvvatga muhtoj kishilarga e’tibor ko‘rsatilib, ularga quvonch ulashiladi.
Rahmat va mag‘firat oyi – Ramazoni sharif mustaqil yurtimiz uchun har qachongidan ham fayzli, bo‘ladi, inshoalloh. Bu oyda barchalarimiz emin-erkin ro‘zalarni tutish, ikki mingdan ortiq masjidlarimizda tarovih namozlarini o‘qish, Qur’on xatmilarini amalga oshirish, elimiz farovonligi, mustaqil yurtimiz taraqqiyotini tilab duoi xayrlar qilish baxtiga musharraf bo‘lamiz. Bu sharofatli oyda qiladigan ibodatlarimiz, tavba-tazarrularimiz qalblarimizdagi g‘uborlarni yuvadi, ixlosimizni oshiradi, nafsimizni jilovlashga, yanada saxovatli bo‘lishga, yomonliklardan tiyilib, faqat o‘zimiz uchun emas, o‘zgalar uchun ham fidoyi va kamarbasta bo‘lishga, ezgu amallarimizni ko‘paytirishga o‘rgatadi. Mo‘min musulmonlarimiz muborak Ramazon oyi davomida “Kimda kim bir kishiga yengillik yaratib bersa, Alloh unga qiyomatda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati), degan hadisi sharifga amal qilib, bu Muborak oyda ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, yoshi ulug‘ keksalar va faxriylarimizga hurmat-ehtirom, mehr-muruvvat, saxovat ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Muhtaram mo‘min-musulmonlar! Muborak Ramazon oyi tashrifi munosabati bilan saxovatpeshalikni, mehr-oqibat, qanoat va shukronalik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik xislatlarini yanada kuchaytirib, g‘arazli ishlardan, yomonliklardan yiroq bo‘lib, mustaqillik ne’mati hamda ushbu munavvar kunlarning shukronasini qilib, yaxshilik, ezgu ishlarni ko‘proq bajarish hayot tarzimiz, doimiy odatimizga aylansin.

Ushbu saodatli kunlarda turmushimiz yanada farovon, xalqlarimiz saodatli, oilalarimizning ma’naviy kamoloti, farovonligi, farzandlar baxt-saodati, ularning har tomonlama yetuk, odob-axloqli, Vatani, xalqi, dinu diyonatiga sodiq insonlar bo‘lib, kamol topishini so‘rab, duoi xayrlar qilaylik. Zero, joriy yilning yurtimizda “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishi zamirida yurtimizdagi barcha oilalarning o‘zaro inoqligi, obodligi, barcha xalqlarning baxtiyorligi va osoyishtaligi mujassamdir. Turmushimiz farovon, oilamiz mustahkam ekan – mamlakat barqarordir, inshalloh.

Aziz yurtdoshlar! Taqdirimiz, qadr-qimmatimiz, iftixorimiz, baxtimiz, erkin va obod Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi tantanalari va shodiyonalari arafasida muborak Ramazoni sharifni kutib olish barchamiz uchun g‘urur va iftixor tuyg‘ularini baxshida etadi.
Ushbu qutlug‘ oyda diniy va milliy qadriyatlarimizning hayotiy kuchini tiklash, ibodatlarimizni emin-erkin ado etishimiz uchun davlatimiz tomonidan barcha qulayliklar, zarur sharoitlar yaratib berilganini, jahon ilmu fani, madaniyati va islom ta’limoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘nlab allomalarimizning ilmiy meroslari va qadamjolari tiklanganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.

Zero, xalqimiz asriy orzulari ushalgan ushbu mustaqillik kunlariga osonlikcha yetib kelganimiz yo‘q. Necha yillar mobaynida xalqimiz azaliy e’tiqodidan bebahra bo‘ldi, uning milliy-diniy an’analari, haq-huquqlari toptaldi.
Mustaqillik sharofati tufayli muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar Vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida imon-e’tiqod, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish baxtiga musharraf bo‘ldik.

Mustaqillik yillarida Samarqanddagi Imom Buxoriy va Shohizinda ziyoratgohlari, Buxorodagi Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband majmualari, Farg‘onadagi Ahmad Farg‘oniyning, Surxondaryodagi Imom Termiziy va Hakim Termiziy maqbaralari, Qarshi shahridagi Ko‘kgumbaz va Odina masjidlari, Toshkentdagi Hazrati Imom va Minor majmualari kabi o‘nlab muborak qadamjolar ma’naviy-ruhiy va axloqiy tarbiyaning ta’sirchan markazlari sifatida qaytadan chiroy ochdi. Ushbu ziyoratgohlar bugungi kunda yurtdoshlarimizni bobolar qoldirgan boy ma’naviy merosdan bahramand bo‘lishga, ularning ishlaridan ibrat olishga, ular bilan faxrlanishga, ayniqsa, yoshlarimizni ajdodlarga munosib voris bo‘lishga, ularning yaratuvchanlik faoliyatini davom ettirishga da’vat etib kelmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar! Muborak Ramazon oyini kutib olish kuniga sog‘-omon yetkazgani uchun Alloh taologa hamdu sano aytib, o‘zaro mehr-oqibatda, husni muomalada bo‘laylik, gina-qudratni unutib, bu Muborak oy tashrifi qudumi tufayli bir-birimizga quchoq ochaylik. Muborak Ramazon oyi kunlarini xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat bilan o‘tkazaylik.
Muborak Ramazoni sharif tashrifi bilan muhtaram Prezidentimizni, barcha yurtdoshlarimizni chin dildan, samimiy muborakbod etamiz. Mustaqil Vatanimiz istiqboli porloq, tinchligi va osoyishtaligi bardavom, xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lishini Alloh talodan so‘rab qolamiz.
Muborak Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

Usmonxon Alimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

manba: http://muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 05/06/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3754
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/qutlug-ramazon-oyi-muborak-bolsin
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 10:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing