O‘zbekiston-Xitoy: ta’lim sohasida hamkorlik istiqbollari
Samarqand davlat universitetida Xitoy Xalq Respublikasi Shensi pedagogika universiteti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Xitoy: ta’lim sohasida hamkorlik istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarda ta’lim sohasidagi hamkorlik ham tobora mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, Samarqand davlat universiteti Xitoydagi oliy o‘quv yurtlari bilan bir qator muhim loyihalarni amalga oshirmoqda. Universitetning ko‘plab tadqiqotchilari o‘z ilmiy izlanishlarini Xitoydagi o‘quv va ilmiy dargohlarda olib bormoqda.
– Universitetimizning xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan, – deydi Samarqand davlat universiteti professori J.Yaxshilikov. – Unda Xitoydagi oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni mustahkamlash muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Mazkur tadbir bu boradagi amaliy ishlarimizning biri sifatida tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston Milliy universiteti professori, falsafa fanlari doktori S.A’zamxo‘jayeva, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori, yuridik fanlari doktori L.Saidova, Shensi pedagogika universiteti professori, tarix fanlari doktori Li Sinvey xonim va boshqalar ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida ma’ruza qildi. Ilmiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
– Davlatlarimiz o‘rtasida qaror topgan tarixiy do‘stlik aloqalari bugungi kunda mamlakatlarimiz rahbarlari tashabbusi bilan yanada keng ko‘lam va ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Li Sinvey xonim. – Bu oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ayni paytda Shensi pedagogika universitetida 120 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar tahsil oladi. Ularning ilmga ishtiyoqi, o‘z oldiga qat’iy maqsad qo‘yib harakat qilishi e’tirofga loyiq. Bu yoshlar ertaga o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz.
Tadbir doirasida xitoylik mehmonlar Samarqand davlat universitetidagi ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Manba: “http://zarnews.uz”
Kiritilgan vaqti: 08/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1548
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 21:40