O‘zaro nikohi harom bo‘lganlarga nikohlanish (o‘n to‘rtinchi maqola)
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Islomda harom qilingan jinsiy aloqalarning yana bir ko‘rinishi o‘zaro nikohlanishi harom bo‘lganlarning nikohlanishidir.
Alloh taolo erkak uchun nikohlanish harom bo‘lgan ayollarni quyidagicha bayon qilib bergan:
«Otalaringiz o‘z nikohlariga olgan ayollarni siz o‘z nikohingizga olmang! Avval o‘tgan bo‘lsa, mayli. Bu ish, albatta, fohisha, g‘azabnok ish va qanday ham yomon yo‘ldir!
Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning onalari, o‘zingiz qovushgan xotinlaringizning qaramog‘ingizdagi qizlari harom qilindi. Agar u(xotin)lar bilan qovushmagan bo‘lsangiz, (qizlariga uylanishingizda) gunoh yo‘q. Va pushtingizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari, opa-singilni qo‘shib olmog‘ingiz harom qilindi. Magar avval o‘tgan bo‘lsa, mayli. Albatta, Alloh mag‘firat qiluvchi va rahmli zotdir».
Nikoh muqaddasdir. Albatta, bu aloqani to‘g‘ri holda o‘rnatish kerak. Buning uchun esa, uylanmoqchi bo‘lgan inson o‘ziga mos juft tanlamog‘i zarur. Tanlash jarayonida e'tibor berish farz bo‘lgan shart – xotinlikka tanlanayotgan ayolning nikohi tanlovchi erkakka halol bo‘lishi kerak. Islom shariati musulmon erkaklarga ayrim toifa ayollarga uylanishni harom qilgan. Mazkur toifalar ushbu oyatda, bundan oldingi va keyingi oyatlarda va Payg‘ambarimizning hadislarida bayon qilingan.
Qo‘lingizga mulk bo‘lib tushganlardan boshqa erli ayollar ham (harom qilindi). Bu sizlarga Allohning yozganidir. Ana o‘shalardan boshqalarni poklik va zino aralashtirmagan holda mollaringiz ila talab qilmog‘ingiz halol qilindi. Ulardan huzurlanishingiz sababidan mahrlarini bering. Bu farzdir. Farz mahrdan keyin o‘zaro rozilik ila kelishganingiz gunoh emas. Albatta, Alloh biluvchi va hikmatli zotdir» (Niso surasi, 22‑24‑oyatlar).
O‘zaro nikohlanishning harom bo‘lishi ikki turlidir:
Avvalgisi: Nikohlanish abadiy harom.
Ikkinchisi: Nikohlanish vaqtinchalik harom.
Erkak uchun nikohlanish abadiy harom bo‘lgan ayollar:
1. Ona va onaning onasi, qancha yuqorilasa ham.
2. Qiz, qizning qizi, qancha pastlasa ham.
3. Opa‑singillar, ota bir bo‘ladimi, ona bir bo‘ladimi farqi yo‘q.
4. Amma va xolalar.
5. Aka‑ukalar va opa‑singillarning qizlari.
6. Xotinining onasi, ya'ni qaynona (Xotini bilan ajrashgandan keyin ham).
7. Xotinining boshqadan bo‘lgan qizi, ya'ni o‘gay qiz (Bunda erkak o‘sha ayolga uylangach jinsiy yaqinlik qilmasdan ajrashgan bo‘lsa, o‘sha ayolning boshqa erdan bo‘lgan qiziga uylanishi joiz bo‘ladi).
8. O‘z sulbidan (ya'ni pushtikamaridan) bo‘lgan o‘g‘lining xotini, ya'ni kelin (O‘g‘il xotini bilan ajrashgandan keyin ham).
9. Otasining xotini, ya'ni o‘gay ona (Ota xotini bilan ajrashgandan keyin ham).
10. Yuqoridagi to‘qqiz bandda ko‘rsatilganlarning hammasi emishlik orqali bo‘lganda ham.
11. Biror ayol bilan zino qilgan bo‘lsa yoki uning farjining ichiga shahvat ila qaragan bo‘lsa yoki erkak ayolni yoki ayol erkakni shahvat ila ushlagan bo‘lsa, erkak uchun o‘sha ayolning onasi va qizlariga nikohlanishi harom bo‘ladi. Sanab o‘tilgan holatlardagi ayol kishi to‘qqiz yoshdan kichik bo‘lib jussasi katta bo‘lmasa, zino qilgandan boshqa holatlarda o‘sha ayolning onasi va qizlari harom bo‘lmaydi.
Ayollar uchun turmush qurishi abadiy harom qilingan erkaklar yuqoridagi sanab o‘tilgan erkak uchun nikohlanish abadiy harom bo‘lgan ayollarga qiyos qilinadi.
Erkak uchun nikohlanish vaqtinchalik harom bo‘lgan ayollar:
1. Toki xotini bilan ajrashmaguncha xotinning opasi yoki singlisiga nikohlanishi harom.
2. Toki xotini bilan ajrashmaguncha xotinning ammasi yoki xolasiga nikohlanishi harom.
3. Toki o‘z eridan ajrab iddasi o‘tmaguncha eri bor ayolga nikohlanishi harom.
4. O‘zi uch taloq qilgan ayolni toki u boshqa erga tegib, so‘ng o‘sha erdan ajrab iddasi o‘tmaguncha unga qayta nikohlanish harom.
5. G‘ayridin bo‘lgan ayolga toki u muslima yoki kitobiya (Payg‘ambarimizdan oldin kelgan Allohning payg‘ambarlaridan bir payg‘ambarning dinida bo‘lgan ayol. Masalan nasroniy yoki yahudiy) bo‘lmagunicha nikohlanish harom. Islomda kitobiya bo‘lgan ayolga nikohlanish haloldir.
Ayollar uchun turmush qurishi vaqtinchalik harom qilingan erkaklar, yuqorida sanab o‘tilgan erkak uchun nikohlanish vaqtinchalik harom bo‘lgan ayollarga qiyos qilinadi.
Afzal Abror tarjimasi
Kiritilgan vaqti: 31/08/2020 11:35; Ko‘rilganligi: 7276
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 12:34