O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

MUNOSABAT: HAMJIHATLIKDA HIKMAT KO‘P

 
 

Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “O‘zbekiston 24” telekanali orqali efirga uzatilgan yoshlarga murojaatini tomosha qildik.

Bu dolzarb murojaat, ayniqsa, imom-xatiblar uchun yoshlar ta'lim-tarbiyasida, ularni muqaddas dinimizga yot turli oqimlar ta'siridan asrash, bu borada jipslashib, hamjihat harakat qilishda muhim tavsiyaviy xarakterga ega.

Darhaqiqat, bugun yoshlar ta'lim-tarbiyasiga e'tibor har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Chunki farzandlarimiz tarbiyasida kuzatiladigan bo‘shliqni darhol “to‘ldiradigan” kuchlar payt poylab yurganini yaxshi bilamiz. Ular bunday imkoniyatlardan ustomonlik bilan foydalanishadiki, afsuski, buning achchiq xotiralari hali-hamon yuragimizni tirnaydi.

Aslida, yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishi yoki ularning har xil illatlar girdobiga tushishi ilmsizlikdan, oilada, mahallada, jamiyatda tarbiyani yaxshi olmagani oqibatida yuzaga keladi.

Agar ota-ona oilada farzandlar tarbiyasiga jiddiy e'tibor qaratsa, bu farzandlarni hech qanday manfur niyatli kishilar yo‘ldan adashtira olmaydi. Balki ular kelajakda ota-onasiga va jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shadigan farzandlar bo‘lib voyaga yetadi.

Bunga tarixdan bir misol keltirsak. Rivoyat qilinishicha, xalifa Horun Rashid xalq hayotini o‘rganish uchun faqirona kiyinib, bozorga tushibdi. Bir qassobdan qo‘y sotib olib, undan necha kilo go‘sht va yog‘ chiqishini so‘rabdi. Qassob qo‘yni chamalab, 14 kilo go‘sht va 4,5 kilo yog‘ chiqishini aytibdi. Uyga qaytgach, uni so‘ydirishsa, haqiqatan, qassob aytgandek bo‘libdi.

Xalifa o‘sha qassobni toptirib kelib, undan dunyoviy va diniy ilmlardan so‘rabdi. Qassob javob bera olmabdi.

– Ey qassob! Senda vatanga muhabbat, xalqingga muhabbat qani?! Nahot halol va haromning farqiga yetmasang? – debdi xalifa. Keyin jar chaqirtirib, qassobni dunyoviy va diniy ilm olmagani, halol-haromning farqiga bormagani uchun boshqalarga ibrat bo‘lsin deb dorga ostirmoqchi bo‘libdi. Ertasi kuni xalifa oldiga ikki yosh yigit kelibdi. Ularning odobini ko‘rgan xalifa “farzanding shunday  bo‘lsa” deb qo‘yibdi. Yigitchalar “Otamizdan so‘ralgan savollarni bizdan so‘rang!” – deyishibdi. 

Xalifa yigitchalarni savolga tutib, ularning zehni va ilmiga qoyil qolibdi.

– Muhtaram jamoa! Bola – loy, ota va ona kulol emasmi? Bola onadan o‘g‘ri, qotil yoki aldoqchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Uni tarbiyalovchi ota-ona va tashqi muhitdir.

– Hukmni otamizga emas, balki uning otasiga, ya'ni bobomizga chiqarish kerak edi. Otamiz ilmsiz bo‘lsa ham, bizni ilmli, ma'rifatli bo‘lishimizga sharoit yaratdi. Otamiz tahsinga loyiqdir, – dedi qassobning katta o‘g‘li.

Xalifa uzoq sukut saqlab, dedi:  “Vazirim, sen iste'foga chiq. Shu  yigitcha  menga vazir bo‘lsin. Qassobning esa ustiga zarbof to‘n yop, bu elga ibrat bo‘lsin. Chunki bizning kelajagimiz – farzandlarimiz. Bola tarbiyalashdagi olijanobligi uchun qassob shunga loyiq. Qassobning otasi tirik bo‘lsa, olib keling, o‘lgan bo‘lsa, go‘riga o‘ttiz darra uring. Otasi unga qassobchilikdan boshqa narsani o‘rgatmagani uchun”, debdi.

Islomning dastlabki o‘n uch yili ham bevosita insonlarning ta'lim-tarbiyasiga, aqidasiga, odob-axloqiga katta e'tibor qaratish davri bo‘lgan. Alloh Taolo ilk nozil qilgan oyat ham (Alaq surasining 1–5-oyatlari), ilm, ta'lim, tarbiya, odob-axloqning tamal toshini qo‘yib bergan.

Asrlar osha bashariyat qanday muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, hech ikkilanmay buning zamirida odob-axloq, ta'lim-tarbiya mujassam ekanini e'tirof etamiz. Odamlar mana shu oltin halqalardan uzoqlasha borgach, boshlariga misli ko‘rilmagan kulfatlar yog‘ila boshladi.

Muftiy hazrat o‘z chiqishlarida yoshlar ta'lim-tarbiyasida hamjihatlik zarur ekanini ta'kidlab, yelkama-elka turib, bo‘linmay, Allohning Kitobiga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislariga og‘ishmay amal qilish ko‘plab muvaffaqiyatlar garoviligini bildirdi.

Darvoqe, bugun yoshi ulug‘, hayot tajribasi katta insonlar yoshlarga nasihat qilishi, ular o‘rtasida biror nojo‘ya xatti-harakatni ko‘rsa, darhol undan qaytarishi zarur. Bu ish ham dinimizga, ham ma'naviyatimizga, ham qadriyatlarimizga hamohangdir.

Tamim Doriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Din nasihatdir”, dedilar. Bizlar “Kim uchun?” dedik. U zot: “Alloh uchun, Kitobi uchun, payg‘ambari uchun, musulmonlar ummati va barcha uchun”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Biz bugun mana shu hadisga rioya qilsak, muftiy hazrat aytganlaridek, ko‘plab natijalarga erishamiz, inshoalloh.

 

Salohiddin TOSHONOV,

“Yakkasaroy” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 31/03/2021 15:17;   Ko‘rilganligi: 550
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/munosabat-hamjihatlikda-hikmat-kop
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 20:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing