O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak

 
 

Jinoyatchilik – insonlarni bir biridan uzoqlashtiradigan, jamiyat birdamligiga rahna sulovchi, rivojlanishning oyog‘iga tushov, yoshlarning ertasini barbod etuvchi illat. Xullas, har qancha yomon ta’rif bo‘lsa shunga loyiq tushuncha.

15 noyabr kuni muhtaram Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor ham aynan mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etishga bag‘ishlangan edi.

Selektorda Yurtboshimiz tomonidan jinoyatlarni oldini olishda imom-xatiblarga bildirilgan ishonchni oqlash maqsadida bugungi kunda ushbu illatga qarshi kurashish borasida har qachongidan ham ko‘proq kurashilmoqda. Joylarda aholi orasiga kirib, uyma-uy yurgan holda muammoni barvaqt aniqlash, illat bo‘lib gazak olmasidan bartaraf etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirib kelinyapti.

Viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov, o‘rinbosarlar, vakillik xodimlari va imom xatiblar joylardagi mas’ullar bilan birgalikda aynan ijtimoiy og‘ir ahvoldagi, notinch, turli muammolar iskanjasida qolgan oilalarni aniqlab, ular bilan o‘rganish ishlarini olib bormoqdalar. Har bir imom xatib masjid hududidagi mahallalar raislari bilan birgalikda bu borada maxsus rejalar ishlab chiqmoqda. O‘tgan hafta davomida 100 dan ziyod shu xildagi xonadonlarga tashrif uyushtirildi va aksariyatining ijobiy hal etilishiga erishildi.

O‘rganishlar natijasida meros masalasida kelisha olmayotgan tug‘ishganlar, er-xotin, qaynona-kelin, qo‘ni-qo‘shnilar orasidagi mojarolar isloh etib borilyapti. Tayinli ishi yo‘q, ichkilikka ro‘ju qo‘ygan, jinoyat qilish ehtimoli borlarga alohida e’tibor qaratilyapti.

O‘z joniga qasd qilishga urunganlar bilan suhbat asnosida ularning ruhiy kechinmalari, qalb iztiroblari tinglanib, ushbu jirkanch ishga undagan sabablar axtarilyapti. Ruhiy-ma’naviy ozuqa berish orqali irodasini mustahkamlab olishiga ko‘maklashilyapti.

Ta’kidlash lozimki, uyma-uy yurgan holda olib borilayotgan o‘rganish ishlari iyjobiy natija bermoqda va talay muammolarni aniqlab, xayrli tarafga bartaraf etishga zamin yaratyapti.

“Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” degan tuyg‘u amalga oshirilayotgan ishlarning bosh shiori bo‘lmoqda.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 04/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2372
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/mening-mahallamda-jinoyat-sodir-bolmasligi-kerak
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing