O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Mehr va saxovat — jamiyatni birlashtiruvchi buyuk kuch

 
 

Alloh taolo bandalarining bir-biriga mehr-shafqatli bo‘lishini, muhtojlarning holidan xabar olib, ularga yordam qo‘lini cho‘zishini buyurgan. Rasululloh ham insonlarga yaxshilik qilish, yetimlar va ehtiyojmandlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni eng savobli amallardan ekanini ta'kidlaganlar. Shu bois xalqimiz orasida mehr-oqibat, saxovat va inson qadrini ulug‘lash kabi ezgu qadriyatlar azaldan mustahkam o‘rin egallab keladi.

Ana shu oliyjanob fazilatlarni hayotga tatbiq etish maqsadida joriy yilning 23 iyun kuni Samarqand viloyati Tayloq tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida tumanda yashovchi kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma'naviy ko‘maklar ko‘rsatildi. Xonadonlarga tashriflar davomida bemorlarning salomatligi so‘ralib, ularning ko‘ngli ko‘tarildi, haqlariga shifo va ofiyat tilab samimiy duolar qilindi. Zero, bemor holidan xabar olish, muhtoj inson qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash Islom ta'limotida eng savobli amallardan hisoblanadi.

Shuningdek, Xayrullo domla Sattarov, Tayloq tumani bosh imom-xatibi Boburxon domla Narzullayev hamda Sadaqayog‘och jome masjidi imom-xatibi Fayzullaxon domla Sayfitdinovlar Nayman mahallasida homiylar ko‘magida barpo etilayotgan yangi xonadon qurilishi bilan tanishdilar. Mazkur uy boquvchisini yo‘qotgan oila uchun qurib berilmoqda. Shu bilan birga, yaqinda yong‘in oqibatida uy-joyidan ajralgan yana bir oilaning xonadon qurilish ishlariga ham start berilgani alohida e'tirof etildi. Ushbu xayrli ishlar haqqiga duolar qilinib, ehtiyojmand oilalarga hadyalar topshirildi.

Sayyor yig‘ilish davomida turli yot g‘oyalar va salbiy ta'sirlarga tushib qolgan ayrim fuqarolar bilan ham yakka tartibda ma'naviy-ma'rifiy suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlarda oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnatning barakasi, vatanga muhabbat, ma'naviy poklik va jamiyat oldidagi mas'uliyat kabi hayotiy ahamiyatga ega mavzular keng yoritildi. Samimiy muloqot va hayotiy misollar orqali ularning qalbida ezgulikka intilish, kelajakka ishonch va jamiyatga foydali inson bo‘lish tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi.

Tadbir yakunida tumandagi barcha masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar va tarbiyaviy ma'ruzalar tashkil etildi. Ularda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, ahillik va jamiyatda sog‘lom ma'naviy muhitni qaror toptirishning ahamiyati haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Shuningdek, mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning komil inson bo‘lib voyaga yetishi va yurtimiz taraqqiyoti uchun ezgu duolar qilindi.

Haqiqatan ham, inson qalbiga quvonch ulashish, muhtojning dardini yengillatish va yaxshilik urug‘ini sochish — eng ulug‘ savoblardan biridir. Bunday xayrli tadbirlar aholi o‘rtasida mehr-muruvvat muhitini yanada mustahkamlab, inson qadrini ulug‘lash, o‘zaro hamjihatlik va bag‘rikenglikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Chunki ezgulik hukm surgan, saxovat va mehr-oqibat ustuvor bo‘lgan yurtda baraka, totuvlik va osoyishtalik hamisha barqaror bo‘ladi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 23/06/2026 18:46;   Ko‘rilganligi: 5
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/mehr-va-saxovat-jamiyatni-birlashtiruvchi-buyuk-kuch
Chop etilgan vaqti: 23/06/2026 22:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing