Mehr va saxovat — inson qadrini ulug‘lovchi ezgu amal

Alloh taolo Qur'oni karimda insonlarni mehr-oqibat, hamjihatlik va ezgulikka chorlab, muhtojlardan xabar olishni buyurgan. Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ ham insonlarga yaxshilik qilish, bemorlar holidan xabar olish, yetimlar va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash eng ulug‘ savobli amallardan biri ekanini ta'lim berganlar. Shu bois xalqimiz azaldan mehr-muruvvat, saxovat va inson qadrini ulug‘lashni hayot mezoni sifatida e'zozlab keladi.
Ana shu ezgu an'analarning amaliy ifodasi sifatida 2026 yil 4 avgust kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida keng qamrovli ma'naviy-ma'rifiy va xayr-saxovat tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirlarda Din ishlari qo‘mitasining Samarqand viloyati bo‘yicha vakili S.Boymurodov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniylar ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan 500 ta oilalarning xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning yashash sharoitlari o‘rganildi. Oilalarga moddiy ko‘mak va ma'naviy dalda ko‘rsatildi, bemorlar holidan xabar olinib, ularning dardiga hamdard bo‘lindi. Ularning haqqiga shifo, baraka va xotirjamlik so‘rab samimiy duolar qilindi. Zero, muhtoj insonning ko‘nglini ko‘tarish, dardiga sherik bo‘lish va unga umid bag‘ishlash Islom ta'limotida eng ulug‘ fazilatlardan hisoblanadi.
Shuningdek, turli yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan yoki hayotida ijtimoiy muammolar tufayli qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda samimiy muloqotlar o‘tkazildi. Suhbatlarda sof e'tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, vatanparvarlik, ma'naviy immunitetni mustahkamlash hamda jamiyat oldidagi mas'uliyat kabi dolzarb masalalar hayotiy misollar asosida atroflicha tushuntirildi. Asosiy maqsad inson qalbida ezgulik, ishonch va kelajakka umid tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirlar davomida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi barcha jome masjidlarida peshin namozidan so‘ng ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar o‘tkazilib, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish masalalari keng yoritildi. Shu bilan birga, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning barkamol inson bo‘lib kamol topishi uchun xayrli duolar qilindi.
Bugun inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga mehr-e'tibor ko‘rsatish va jamiyatda saxovat muhitini qaror toptirish davlatimiz siyosati hamda milliy qadriyatlarimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Kattaqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan mazkur xayrli tadbirlar ham aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat, hamjihatlik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Zero, mehr-oqibat hukm surgan yurtda totuvlik mustahkam bo‘ladi, saxovat ustuvor bo‘lgan jamiyatda baraka ziyoda bo‘ladi. Inson qadri e'zozlangan Vatanning kelajagi esa hamisha porloq va barqaror bo‘ladi.













O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 04/08/2026 18:44; Ko‘rilganligi: 8
Chop etilgan vaqti: 04/08/2026 22:11





















