O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Kechirimlilik ulug‘insoniy fazilat

 
 

Kechirimlilik, kengbag‘irlilik xalqimizga xos azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Xato qilgan kishini ko‘rganda unga yaxshilik bilan qilgan ishi noto‘g‘ri bo‘layotganini tushuntirish, to‘g‘ri yo‘lga boshlash, jerkimaslik o‘sha shaxs tomonidan bu hol takrorlanmasligiga zamin yaratadi.

Inson borki xota qilishdan xoli emas. Hammamiz ham hayotimiz davomida kattami kichik xatolar, kamchiliklarga yo‘l qo‘yamiz. Inson qadrining ulug‘ligi xato qilmasligida emas, balki qilgan xatosini o‘z vaqtida anglab, tavba qilishi, tezroq to‘g‘ri yo‘lni topib olishidadir. Hadisi sharifda ham Har bir Odam bolasi xato qiluvchidir. Ularning (ichida eng)yaxshisi (xatosini anglab yetib, chin) tavba qilganlaridir, deyilgan.

Janob Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning odilona va oqilona siyosatlari natijasida avval qilingan xato sababidan nomi qora bo‘lganlar ichki ishlar idoralari maxsus hisobidan chiqarilib, jamiyat orasiga oddiy xalq qatori yurishlari uchun keng zamin yaratildi.

Ularni qo‘llab-quvvatlash, shart-sharoitlarini yaxshilash, ish bilan ta’minlash, farzandlarining yaxshi ta’lim olishlari uchun davlat darajasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Ushbu amalga oshirilgan ishlar faqat va faqat xalqimiz uchun, ushbu zaminda yashayotgan har bir fuqaro o‘zini erkin va ozod his qilishi uchun amalga oshirildi. Mutafakkir bobomiz Abdulla Avloniyning: “Oliyjanob kishilar uzrni qabul qilur”, degan so‘zlariga binoan shuni aytamizki, yot oqimga adashib kirib qolib, o‘z xatosini tushunganlar kechirilishga haqli va ularning sog‘lom fikrlovchi jamiyatga qo‘shilishida hammamiz birdek harakat qilmog‘imiz lozim.

Masus ro‘yxatdan chiqarilganlar ham o‘z navbatida olib borilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashlari, yot fikrlardan butkul uzilishlari va jamiyatimiz taraqqiyoti uchun xizmatga bel bog‘lashlari lozim.

Afsus bilan tilga olinadigan yana bir og‘riqli nuqtamiz bor. Bu ham bo‘lsa hali-hanuz nomi qora bo‘lib chet ellarda sarson-sargardon bo‘lib yurgan ko‘plab yurtdoshlarimizning borligidir. Ehtimol ular yurtimizga hamon ishonchsizlik bilan qarayotgan, islohotlar mazmun-mohiyatini anglab yetmagandirlar. Balki ularga hamon noto‘g‘ri ma’lumotlar yetkazilayotgandir. Biz ularni tug‘ilib o‘sgan vatanlariga qaytarish yo‘lini ko‘rishimiz kerak.

Albatta, ular xato qildi. Oldinda turgan yo‘lni tanlashga kelganda noto‘g‘risini tanladi, g‘araz niyatli kimsalar ko‘rsatmasiga bosh egdi. Bu degani ularning bir umr vatangado bo‘lib, tamg‘a ostida yashashga mahkum degani emas. Ularni chaqirishimiz, oilasi bag‘riga qaytarishimiz kerak.

Albatta, jinoyat jazosiz qolmaydi. Kengbag‘irlik qonunni chetlab o‘tish degani emas albatta. Aytish lozimki, chetda berkinib yurganlar ortga qaytadigan bo‘lsalar qilmishlari adolat tarozisining pallasiga qo‘ylishidan xoli bo‘ladi, demoqchi emasmiz. Lekin, oliyjanob Yurtboshimiz, oliyjanob xalqimiz ulardan muruvvatlarini ayamaydilar. Egilgan boshni qilich kesmas, deyilganidek, ushbu kishilar ham yurtga qaytadigan bo‘lsalar oliyjanoblikning yorqin ifodasini ko‘radilar.

O‘zga yurtlarda tentiragandan ko‘ra vatanga qaytib, adolat va bag‘rikenglik asosida qonun oldida javob bergach, qolgan umrini ota-onasi, farzandlari, yaqinlari oldida o‘tkazishga, bor bilim va salohiyatini yurt ravnaqi uchun sarflashiga hech narsa teng kelolmaydi.

Allomalardan biri: “Gunohkorlarga g‘azab va nafrat nazari bilan qaramang. Aksincha, ularga shafqat va marhamat nazari bilan boqing!”, degan ekan.

Zayniddin Eshonqulov

Samarqand viloyati bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 08/03/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1949
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/kechirimlilik-uluginsoniy-fazilat
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing