Inson qadri — mehr va saxovat bilan yuksaladi

Inson qalbiga eng yaqin yo‘l — mehr, e'tibor va ezgu muomaladan boshlanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda mo‘minlarni o‘zaro mehr-oqibatli, hamjihat va bir-biriga madadkor bo‘lishga chaqirgan. Rasululloh ﷺ esa muhtojlarga yordam berish, bemorlar holidan xabar olish, yetim va ehtiyojmandlarning ko‘nglini ko‘tarishni eng savobli amallardan biri sifatida ta'lim berganlar. Shu bois xalqimiz asrlar davomida mehr-muruvvat, saxovat va inson qadrini ulug‘lashni hayotining ajralmas qismiga aylantirib kelmoqda.
Ana shu yuksak qadriyatlarni hayotga yanada keng tatbiq etish maqsadida 2026 yil 21 iyul kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida keng qamrovli ma'naviy-ma'rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
Tadbirlar avvalida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning holidan xabar olindi. Ehtiyojmandlarga moddiy ko‘maklar ko‘rsatilib, samimiy suhbatlar orqali ma'naviy dalda berildi. Shuningdek, bemorlar ziyorat qilinib, ularning tezroq shifo topishlari tilab duolar qilindi. Zero, inson dardiga sherik bo‘lish, muhtojning yuragiga umid va ishonch bag‘ishlash Islom axloqining eng ulug‘ fazilatlaridandir.
Shundan so‘ng tumanning barcha jome masjidlarida peshin namozidan keyin ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etildi. Unda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, oila muqaddasligi, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, Vatanga muhabbat va jamiyatda hamjihatlikni asrash kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning bardavom bo‘lishi, xalqimiz farovonligi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti hamda yurtdoshlarimiz qalbida mehr-oqibat va hamjihatlik tuyg‘ulari yanada mustahkamlanishi haqiga xayrli duolar qilindi.
Bunday ezgu tashabbuslar inson qadrini ulug‘lash, jamiyatda mehr-muruvvat muhitini mustahkamlash va xalqimiz o‘rtasida birdamlik hamda o‘zaro hurmatni yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.





O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 21/07/2026 19:03; Ko‘rilganligi: 8
Chop etilgan vaqti: 22/07/2026 01:31





















