Imom A’zam jome masjidi qaytadan qad rosladi
2016 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyati, Samarqand tumanida joylashgan Imom A’zam jome masjidiga tashrif buyurishdi. Ushbu masjid so‘ngi yillar davomida to‘liq ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, namozxonlar ixtiyoriga topshirish arafasida turgan edi.
Masjidning dastlabki binosi 1880-1890 yillarda qurilgan va sobiq sho‘rolar davrida turli maqsadlarda foydalangan.
Davlatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng turli sohalar qatori mo‘min-musulmonlaga ham erkinliklar berildi. Yurtimizda ko‘plab masjidu-madrasalar qaytadan qad rosladi, ibodat qilish uchun qulay sharoitlar hozirlandi.
Diyorimiz uzra olib borilgan ko‘plab bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari qatorida eskirib, anchayinki yaroqsiz holatga kelib qolgan Imomi A’zam jome masjidi binosi ham 1990-1991 yillar davomida qaytadan bunyod etildi. 2013 yilgacha masjidda turli ta’mir va qo‘rilish ishlari olib borildi. Masjid xonaqosi yonidan qo‘shimcha xonaqo, ayvon, darvozaxona qurildi. Darvozaxona ustida gumbaz o‘rnatildi.
2013 yilga kelib esa mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, ibodat uchun yanada qulayliklar yaratish maqsadida masjidda kapital ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Xalq hashari va homiylar ko‘magi asosida masjid tubdan ta’mirlanib, u yerda milliy va zamonaviy me’morchilik uyg‘unligida ko‘plab ishlar olib borildi.
Bugungi kunga kelib esa Imomi A’zam jome masjidi to‘liq ta’mirdan chiqarildi va namozxonlar ixtiyoriga topshirildi. Qulay sharoitlarda ibodat qilayotgan yurtdoshlarimiz davlatimiz haqqiga, uning tinchligi bardavom, kelajagi porloq bo‘lishini so‘rab duoi xaylar qilmoqdalar.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 24/12/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3354
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 08:42