O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

HIJRAT VA UNGA TEGISHLI HUKMLAR HAQIDA FATVO

 
 

Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimiz musulmonlarini mamlakatni tark etib qonli urushlar ketayotgan hududlardagi jangari guruhlarga qo‘shilishga da'vat qiluvchi hamda ushbu amalni go‘yoki “hijrat” ekanini da'vo qilayotgan chaqiriqlar kuzatilmoqda.

Soxta da'vatchilar islom dinidagi muqaddas tushunchalarni g‘arazli siyosiy maqsadlar yo‘lida soxtalashtirgan holda talqin qilib, tinch-totuv va ozod mamlakatda, barcha ibodatlarni hotirjamlik bilan ado qilib turgan musulmonlarni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga chaqirmoqdalar. Hijratga da'vat qilayotganlar: “Musulmonlarning barchasiga hijrat qilish farz bo‘ldi, hijrat qilmagan kofir bo‘ladi”, deyish darajasiga bormoqda.

Musulmonlar orasida yuqoridagi da'vat va chaqiriqlarning dinimizga qanchalik muvofiq hamda to‘g‘ri ekani haqida savollar tug‘ilmoqda.

Yurtimiz musulmonlariga javob sifatida hamda fuqarolarimizni ushbu xatarli da'volardan ogohlantirish maqsadida hijrat masalasida alohida Fatvo berishni maqsad qildik.

“Hijrat” tushunchasining ta'rifi

“Hijrat” so‘zi arab tilida “ajramoq”, “tark etmoq” ma'nolarini beradi. Hijratning shar'iy ma'nosi esa – Alloh taoloning roziligi yo‘lida “Kufr diyori”ni tark etib “Islom diyori”ga ko‘chishga aytiladi.

Musulmonlarning avval Habashistonga, keyinchalik payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam rahnamoligida Makkani tark etib, Madinaga borganliklari hijratga misol bo‘ladi. Ushbu hijratda musulmonlarning yashab turgan yerlaridan boshqa yurtlarga ko‘chib ketishlari majburan bo‘lib, bunga ularning joni, e'tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan jismoniy va boshqa shakldagi tajovuz o‘ta kuchayganligi sabab bo‘lgan.

Demak, ta'rifdan ma'lum bo‘lmoqdaki, shariatda katta savob va'da qilingan hijrat maqomiga yetishish uchun Alloh taoloning roziligi yo‘lida “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga ko‘chish kerak ekan. Aks holda bu shar'iy hijrat bo‘lmaydi, farz yoki vojiblik kasb qilmaydi, balki oddiy bir manzildan boshqasiga yashash uchun ko‘chish bo‘lib qoladi.

Ta'rifda keltirilgan “Islom diyori” va “Kufr diyori” tushunchalarini hozirgi kunda noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida Ahli sunnat ulamolarining hukmlariga zid, soxta fatvolar tarqalib, musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar vujudga kelmoqda. Ular musulmonlar yashaydigan yurtlarni “Kufr diyori” deb atab, bu yurtlardan hijrat qilish farz bo‘ldi demoqdalar.

Islom ta'limoti manbalariga ko‘ra, “Dorul hijrat” va “Dorul islom” atamalarini birinchi bo‘lib sahoba Xolid ibn Valid raziyallohu anhu Hiyra shahri ahliga keksa va nogironlardan jizyani bekor qilish borasida yozgan xatlarida ishlatgan.

Keyinchalik 2-3 hijriy asrlarda to‘rt fiqhiy mazhab mujtahid ulamolari tomonidan “Dorul islom”, “Dorul harb”, “Dorul kufr”, “Dorul ahd” va “Dorul bag‘iy” atamalari qo‘llanila boshlangan. Ta'kidlash joizki, bu atamalar Qur'onda ham, sunnatda ham ochiq-oydin kelmagan. Shuning uchun ulamolar ijtihodida biroz farqlar bor.

Ushbu atamalarga quyidagicha izoh berish mumkin:

Islom diyori” – jamoat namozlari, azon, juma, hayit va boshqa Islom shiorlari va hukmlari amalda bo‘lib turgan yurtdir.

Imom Shofe'iy rahimahulloh aytadilar: “Dorul Islom” – Islom hukmlari ochiq-oydin bo‘lgan yerlardir”. Islom hukmlarining ochiq-oydin bo‘lishi degani, u yerda ibodatlardan tashqari zino, o‘g‘irlik kabi ishlar ham man qilingan bo‘lishidir. Bundan tashqari, islom ta'limotiga ko‘ra musulmonlar yashaydigan joylar, avvaliga musulmonlar fath qilib, keyinchalik g‘ayridinlar qo‘lida qoldirilgan yurtlar, shuningdek, musulmonlar yashab, keyin g‘ayridinlar ularni haydab chiqargan joylar ham “Dorul Islom” hisoblanadi.

“Dorul harb” (“Dorul kufr”) – kufr hukmlari ochiq-oydin bo‘lgan yerlar. Ya'ni, u yerda Islom hukmlari va shiorlari zohir emas, balki kufr hukmlari ustun bo‘ladi. Ko‘pchilik ulamolar, hozirgi kunda xalqaro tinchlikni ta'minlovchi tashkilotlar va bitimlar tuzilgani sababli “Kufr diyori”, ya'ni musulmonlar bilan urush holatidagi davlatlar qolmadi, balki ularning hammasi “Da'vat diyori”ga aylangan”, deb fatvo berganlar. Endi bunday hududlarga Islomni urush bilan emas, balki ilm-ma'rifat usullaridan foydalanib tarqatish lozim bo‘ladi.

“Dorul ahd” – uni kelishuv yoki sulh diyori ham deyiladi. “Dorul ahd” – musulmonlar bilan yerlari o‘zlarida qolish shartiga ko‘ra tinchlik bitimi tuzgan g‘ayridin yurtlar.

“Dorul bag‘iy” (“Bog‘iylar yurti”) – “Islom diyori”ning bir qismi bo‘lib, u yerda haqli ravishda hukmdorlik qilayotgan hokimga qarshi bosh ko‘targan bir to‘da musulmonlar yig‘ilgan bo‘ladi. Ular qandaydir da'volar bilan davlat boshlig‘iga itoat qilishdan bosh tortgan bo‘ladi. Ularni Islom fiqhida bog‘iylar deyiladi. Bog‘iylarga qattiq jazolar belgilangan bo‘lib, ular o‘ldirilganda janoza o‘qilmasligi ta'kidlangan.

Yuqoridagilardan ma'lum bo‘ladiki, bizning yurtimiz qadimdan “Islom diyori” hisoblanadi. Bunday diyordan hijrat qilinmaydi, balki unga hijrat qilib kelinadi. Soxta da'vatchilar chaqirayotgan o‘lkalar esa, e'tibor qilinsa, “Dorul bag‘iy”ga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning mantig‘iga ko‘ra, musulmonlar tinch diyordan o‘zlarining joni, moli va obro‘si omonda bo‘lmaydigan bog‘iylar huzuriga hijrat qilishi kerak ekan. Bu esa shariatimiz qonun-qoidalariga mutlaqo zid ekanligi ma'lum bo‘lib turibdi.

Mutaasib da'vatchilar bizning mamlakat haqida go‘yoki: “Bu yerlar avval “Islom diyori” bo‘lgan bo‘lsada, hozir kufr diyoriga aylangan”, deyishadi.

Ulamolarning “Dorul islom”ni “Dorul kufr”ga aylanishi masaladagi fikrlari quyidagicha:

  1. Shofe'iylarga ko‘ra, g‘ayridinlar musulmonlarni yurtlaridan haydab chiqarib, o‘z hukmlarini joriy qilgan bo‘lsalar ham “Dorul islom” hech qachon “Dorul kufrga” aylanib qolmaydi.
  2. Molikiylar, hanbaliylar va hanafiylardan Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad rahimahumullohlar “Dorul islom”da kufr hukmlari ustun bo‘lishi bilan “Dorul kufr”ga aylanadi, deydilar.
  3. Imom Abu Hanifa rahimahulloh, faqat uchta shart bilan “Dorul islom” “Dorul kufr”ga aylanadi, deydilar:

A) “Dorul islom”da kufr hukmlari zohir bo‘lsa,

B) “Dorul islom” “Dorul kufr”ga qo‘shilib ketsa,

V) “Dorul islom”da birorta musulmon yoki zimmiy qolmasa.

Birinchi shartni sharhlab mashhur alloma Ibn Obidin rahimahulloh aytadilar:

وظاهره أنه لو أجريت أحكام المسلمين ، وأحكام أهل الشرك لا تكون دار حرب .

“Bundan shu ma'lum bo‘ladiki, agar (Dorul islomda) musulmonlarning hukmlari va ahli shirkning hukmlari (birga) joriy qilinsa ham, dorul harbga aylanmaydi. Xulosa, qadimdan musulmonlar qo‘li ostida bo‘lgan yerlar keyinchalik boshqalarning qo‘l ostiga o‘tsayu, lekin butunlay islom hukmlari yo‘q qilinmagan bo‘lsa hamda musulmonlar yashab qolsalar, “Dorul kufr”ga aylanmaydi, balki “Dorul islom” bo‘lib qolaveradi”.

Tarixda, Islomdan keyin yurtimizni g‘ayridinlar istilo qilgan bo‘lsada, bu davrlarda ham musulmonlarning hammasi boshqa yurtlarga ko‘chib ketmaganlar. Shu sababli yuqorida keltirilgan Imom Abu Hanifaning shartlariga ko‘ra, bizning mamlakatimiz hozir “Kufr diyori”ga aylanib ketgani haqidagi da'vo botil sanalib, yurtimiz “Islom diyori” hukmida qolgan.

Hijratning farz bo‘lishi va so‘ngra hukmi bekor qilinishi

Bugungi kunda tinch mamlakatda yashab kelayotgan musulmonlarni xorijdagi jangarilar huzuriga go‘yoki hijratga chiqishi farz amal ekanini da'vo qilayotganlar Qur'onning “Niso” surasi 97-oyatini dalil qiladi: “O‘ziga zulm qiluvchi holida joni olinayotganlarga farishtalar: “Nima qilayotgan edinglar?” – derlar. Ular: “Yer yuzida bechora edik”, derlar. “Allohning yeri keng edi-ku, hijrat qilsangiz bo‘lmasmidi?” – derlar. Ana o‘shalarning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon joy!”. Aslida ushbu oyat avval islom dinini qabul qilib, Makkada yashab kelgan bo‘lsada, milodiy 624 yilda bo‘lib o‘tgan Badr jangida makkalik mushriklar safida turib, musulmonlarga qarshi jangda ishtirok etgan va o‘ldirilganlar haqida nozil bo‘lgan. 

Tarixdan ma'lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining atroflaridagi barcha sahobalari – musulmonlar bilan birga Makka shahridan Madinaga ko‘chib ketishlari farz qilingan edi. Shundan so‘ng qariyb sakkiz yil davomida musulmonlar Madinada kuch-qudrat to‘plaganlaridan keyingina o‘zlarining ona vatanlari bo‘lgan Makka shahrini fath qildilar. Makka fath qilingandan so‘ng shar'iy hijrat hukmi bekor qilindi. Chunki Makkada musulmonlarning emin-erkin yashab, din arkonlariga amal qilishlari uchun hamma imkoniyatlar vujudga kelgan edi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hijrat uchun bay'at qilaman deb kelgan sahoba Mujolidga:

لا هجرة بعد فتح مكة ولكن أبايعه على الإسلام

“Makka fathidan keyin hijrat yo‘q! Lekin Islom uchun bay'at qabul qilaman”, deganlar (Imom Buxoriy, “Al-Jome' as-sahih”, 2913-hadis)

Hozirda hijrat farz, deb da'vo qilayotganlar mazkur hadisi sharif haqida hech narsa demaydilar. Holbuki, bu hadis mansux bo‘lmagan, hukmi bekor qilinmagan, balki uning o‘zi hijrat hukmini bekor qiluvchidir. Uning iboralari va mazmuni juda aniq va sahih hadisdir!

Muhammad sallallohu alayhi vasallam va U zotdan keyin islom diyorlarini boshqargan xulafoi roshidinlar o‘zga hududlarda yashayotgan musulmonlarni hech qachon xalifalik hududiga ko‘chib kelishlariga chaqirmagan hamda o‘z yurtlarida yashashlarini ta'qiq qilmagan.

Tobe'inlardan biri Mujohid rahimahulloh taniqli sahoba Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuga: “Men Shomga hijrat qilmoqchiman!”, deganlar. Ibn Umar raziyallohu anhu unga: لا هجرة اليوم – Bugun hijrat yo‘q! Ortingga qayt!”, deganlar (Imom Buxoriy, “Al-Jome' as-sahih”, 3900-hadis).

Tarixdan ma'lumki, havorijlar ilk chiqqan vaqtda Basradan chiqib ketib, o‘zlarining harbiy qarorgohlariga joylasha boshlaganlar. Odamlarga: “Hijrat farz. Biz bilan hijrat qilinglar!”, deb hammani shunga da'vat qila boshlaganlar. Odamlar buyuk sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhuning oldiga kelib, ular o‘zlarini muhojirlar deb atashayotganini aytibdilar. Shunda, Anas ibn Molik raziyallohu anhu: “Ular shaytonga hijrat qilganlar. Axir, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Fathdan keyin hijrat yo‘q!”, deganlar-ku!”, dedilar (Imom Abdurrazzoq rivoyati).

Hijratning hukmi bekor bo‘lmagani haqidagi e'tirozlarga javoblar

Ulamolarning ba'zilari bir qaraganda Makka fathidan keyin ham hijrat borligiga dalil bo‘ladigan hadisi shariflarni keltiradilar. Muoviya raziyallohu anhu aytadilar: “Payg‘ambarimiz alayhissalomning shunday deganlarini eshitdim:

لاَ تَنْقَطِعُ الْهِجْرَةُ حَتَّى تَنْقَطِعَ التَّوْبَة ، وَلاَ تَنْقَطِعُ التَّوْبَة حَتَّى تَطْلعَ الشَّمْسُ مِنْ مَغْرِبِهَا

“Tavba qilish vaqti tugamaguncha hijrat to‘xtamaydi. Quyosh mag‘ribdan chiqmaguncha tavba uzilmaydi” (Imom Abu Dovud, “Sunan” kitobi, 2479-hadis).

Ulamolar bu hadisi shariflarni hijratning hukmini bekor qiluvchi hadislar bilan muvofiqlashtirishda uch xil javob berganlar:

  1. Islomning avvalida hijrat mandub (targ‘ib qilingan) amal edi. Keyin Makkadan Madinaga hijrat qilish farz bo‘ldi. Makka fath qilinganda esa hijratning vojiblik hukmi bekor bo‘lgan. Ish yana mandublikka qaytgan. Demak, farz hijrat tugatilgan, mandub hijrat qolgan. Bu Imom Abu Hanifa rahimahulloh va Shofe'iylardan Al-Xattobiyning javobidir.

Bu yerda shuni eslatib o‘tamizki, hijrat deganda doim “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga ko‘chish tushuniladi. Demak, mazkur imomlarimiz “Kufr diyori”dan “Islom diyorlari”ga ko‘chishni mandub hukmida qoldi, vojib hukmida emas, deganlar. Albatta, ularning mandub degan gaplari “Islom diyori”dan chiqib ketayotganlarga tegishli emas.

  1. Makkadan Madinaga hijrat qilish Makka fathi kuni bekor bo‘lgan. Chunki Makka o‘sha kundan “Islom diyori”ga aylangan. Makka fathigacha kim u yerdan Madinaga hijrat qilgan bo‘lsa, hijratning savobini olgan, boshqalarga bu nasib bo‘lmagan. Endi qiyomatgacha boqiy qolgan hijrat esa, “Kufr diyori”da imon keltirgan kishining hijratidir. Unga Islom hukmlari joriy bo‘lishi uchun “Islom diyori”ga kelishi kerak bo‘ladi.

Bu qarash egalari ham hijrat “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga bo‘lishiga urg‘u bermoqdalar.

Ular yanada fikrlarini rivojlantirib, Alloh taolo uchun ilm izlash, Makka va Madina shaharlarini ziyorat qilish yoki vatanini dushmandan himoya qilish uchun o‘z yurtini tark etish ham boqiy qolgan hijratdir, deydilar.

  1. Alloh taolo jannatni va'da qilgan hijrat, ya'ni, bor budidan mahrum bo‘lib, Payg‘ambarimiz alayhissalomning yonlariga kelish Makka fathi bilan to‘xtagan. Endi qolgan hijrat gunohu yomonliklardan chetlanishdir. Bu haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Albatta, hijrat ikki xislatdir; gunohlardan chetlanish hamda Alloh va Rasuliga ajralib kelish...” (Imom Ahmad rivoyati, 1671-hadis)

Boshqa hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Hijrat qiluvchi – xato va gunohlardan uzoqlashgan kishidir” (Imom Ibn Moja rivoyati, 3934-hadis)

Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa hadisda: “Rasululloh alayhissalom aytganlar: “Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Xudo yo‘lida hijrat qilgan kishidir”, deyiladi. Ulamolarni hadisni sharhlab, undagi “hijrat”dan murod “tark qilishdir”, deganlar. Boshqa bir hadisda esa, “Ummu Anas roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomdan nasihat qilishni so‘raydilar. Shunda, Rasululloh: “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”, deyilgan (Tabaroniy, 6735-hadis).

 

 

 

Yuqoridagi dalillardan quyidagi xulosalar qilinadi:

- mo‘min-musulmonlar qaysi mamlakatda, hatto g‘ayridinlar ko‘pchilikni tashkil etadigan yurtlarda ham emin-erkin ibodatlarini ado etishga imkon topsalar, unday diyordan hijrat qilish farz yoki vojib bo‘lmaydi;

- musulmonlar tinchlik va xotirjamlikda, ibodatlarini to‘la-to‘kis bajarib turgan diyordan musulmonlar o‘zaro urushayotgan, odamlarning joni, moli va nomusi xatarda bo‘lgan hududlarga borishlari “hijrat” hisoblanmaydi, balki fitnaga aralashib qolish sanaladi hamda shar'an man etiladi;

- yurtimiz islom dini kirib kelgan davrdan buyon “Islom diyori” bo‘lib kelmoqda hamda mamlakatimizda islom dini ahkomlarini mukammal ado etish uchun barcha sharoitlar mavjud;

- hozirgi kunda bizning mamlakatdan “hijrat” qilish farz ham emas, vojib ham emas. Yurtimizdan Suriya kabi qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan hududga yoki boshqa o‘lkalarga chiqib ketmagan musulmonlar gunohkor yoki kofir bo‘lmaydi;

- musulmonlarga qarshi fitnalar uyushtirilayotgan hududga borib begunoh odamlarning joni, mulki va nomusiga daxl qilganlar og‘ir gunoh sodir etgan hisoblanadi. Vallohu a'lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati

20.08.2021 yil.


Kiritilgan vaqti: 21/08/2021 14:10;   Ko‘rilganligi: 3669
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/hijrat-va-unga-tegishli-hukmlar-haqida-fatvo
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing