Ezgulik va bag‘rikenglik — xalqimizning azaliy fazilati

Dinimiz insonparvarlik, mehr-oqibat va ezgulikka chorlaydigan buyuk qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan. Ana shunday savobli va fazilatli amallardan biri — ehtiyojmandlar holidan xabar olish, dardi bor insonlarning ko‘nglini ko‘tarish, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvat va saxovat ko‘rsatishdir. Bu kabi xayrli ishlar nafaqat inson qalbiga tasalli baxsh etadi, balki jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va o‘zaro birodarlik muhitini mustahkamlaydi.
Azaldan xalqimiz “Saxovat va ko‘mak — inson bezagi” deya ezgulikni ulug‘lab kelgan. Shu bois, muhtojlar holidan xabar olish, ularni qo‘llab-quvvatlash va yaxshi kunlarda ham, sinovli damlarda ham yelkadosh bo‘lish — har bir mo‘min-musulmonning insoniy va diniy burchidir.
Joriy yilning 19 may kuni Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida ana shu ezgu maqsadlarga qaratilgan sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, “Haj–2025” ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniy otaxon-onaxonlar ishtirok etdilar.
Sayyor yig‘ilish davomida tumandagi kam ta'minlangan, ehtiyojmand hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga amaliy yordam va ma'naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Ayniqsa, bemorlar ziyorat qilinib, ularning holidan so‘raldi, ko‘ngillariga tasalli berilib, duo va samimiy iliq so‘zlar bilan ruhan qo‘llab-quvvatlandi. Zero, inson qalbiga mehr ulashish, dardini yengil qilish va umid bag‘ishlash — eng ulug‘ saxovatlardan biridir.
Shuningdek, turli yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan yoki nosog‘lom turmush tarziga berilib ketgan ayrim fuqarolar bilan yakkama-yakka tarbiyaviy va ma'naviy suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar davomida insonning hayotdagi o‘rni, oila va jamiyat oldidagi mas'uliyati, farzand tarbiyasi, halol mehnat va ma'naviy poklik kabi muhim masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Samimiy muloqot, hayotiy misollar va nasihatlar orqali ularni to‘g‘ri yo‘lga chorlash, qalbida ezgulik va umid tuyg‘ularini uyg‘otishga harakat qilindi.
Sayyor yig‘ilish yakunida tumandagi masjidlarda peshin namozidan so‘ng imom-xatiblar tomonidan mazmunli ma'naviy-ma'rifiy ma'ruzalar qilindi. Ularda mehr-muruvvat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, ahillik va jamiyatda sog‘lom ma'naviy muhitni shakllantirishning ahamiyati keng yoritildi. Shu bilan birga, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning ma'nan yetuk va vatanparvar bo‘lib kamol topishi uchun xayrli duolar qilindi.
Bunday ezgu va xayrli tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash, o‘zaro hurmat va mas'uliyat hissini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mehr-muruvvat, hamjihatlik va ezgulik hukm surgan joyda — barqarorlik, totuvlik va baraka bo‘ladi.






.




O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 19/05/2026 19:07; Ko‘rilganligi: 18
Chop etilgan vaqti: 21/05/2026 03:06





















