O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Bukulmas iroda, bemisl g‘ayrat-shijoat,teran fikr va qat’iyatli so‘z - komil ishonch asosi

 
 

Mustaqil O‘zbekistonning qudrati yuksakligi, buguni mustahkam asos uzra barpo bo‘lgani, kelajagi maqsadli rejalarga tayanilib amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti timsolida shu yurtning har bir fuqarosi va butun dunyo ahli tomonidan komil ishonch bilan ta’kidlanmoqda. Oliy minbarda qilingan nutq ma’ruza sohibi misolida xalqimizning bukulmas iroda, bemisl g‘ayrat-shijoat, bag‘rikenglik, insonparvarlik kabi yuksak sifatlar sohibi ekanini keng jamoatchilikka yana bir bor eslatib qo‘ydi.

Oliy minbardagi tarixiy so‘zlar xalqimiz uchun dasturulamal, uni hayotga tadbiq etishga esa har bir fuqaro mas’ul va yurtimiz bo‘ylab qadamba-qadam buning ijrosi amaliy ifoda topmoqda.

2017 yil 14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligida joriy yilning 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida qilgan nutqi hamda AQSHga qilgan tarixiy tashrifi yakunlariga hamda 11 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida qilgan ma’ruzasiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda viloyat hokimligidan vakillar, jamoat va fan arboblari, O‘MI viloyat vakilligi rahbariyati va xodimlari, imom xatiblar ishtirok etdilar.

Anjumanda Prezidentimiz nutqi videotasvir ko‘rinishida yig‘ilganlarga namoyish qilindi. So‘ng mu’ruzachilar tomonidan bildirilgan shunga doir fikr-mulohazalar tinglandi.

Ma’ruzada aksini topgan O‘zbekistonning maqsad vazifalari, kelajakda amalga oshiriladigan ishlar, mintaqaviy va jahon miqyosidagi muammolar va ularning hal etilishi bo‘yicha aniq fikr va takliflar mazmun mohiyatini teran anglash, bu borada amaliy tabdiqotga kirishish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Tadbirda Prezidentning dunyo bo‘ylab jamiyat manfaatlari ortga surulib, ko‘proq shaxsiy maqsadlar sari harakat qilish avjiga chiqqan vaqtda «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» deya, bugungi kunning ko‘plab muammolari yechimi qaysi tarafda ekaniga ishora qilgani va inson manfaatlarining O‘zbekistondagi kafolatlari xususida jonli misollar asosida ma’ruzalar qilindi.

Yoshlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozimligi bo‘yicha bildirilgan fikrlar asosida rejalar tuzish, maqsadli, aniq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir takliflar berildi.

Islom dini tinchlik dini ekani, unga xunrezliklarning asosi, ekstremizmning omili sifatida qarashni to‘xtatishga chaqiriq sifatida yangragan ushbu: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”, degan so‘zlari barchamizni dinimizga nisbatan salbiy munosabat yuritayotganlarga islomning asl mohiyatini teran anglatishga chorlayotgani va bu borada qanday yo‘l tutish lozimligi bo‘yicha ko‘rsatmalar aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbarining ma’ruzasidan anglandiki, yurtimiz bugun rivojlanishning yangi bosqichiga chiqqan. Yoshlarning ongi, ma’rifatini, salohiyatini o‘stirish ishlarini muqaddas islom dining ezgu g‘oyalari asosida olib borish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bu yurtning rivojlanishidagi asosiy tutgan yo‘li va o‘z navbatida o‘ta natija beradigan tanlovdir.

Yig‘ilishda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi bo‘yicha alohida qism ajratildi. Unda markazning mazmun mohiyati, viloyatimiz yoshlarining tarbiyasidagi tutgan o‘rni bo‘yicha atroflicha muhokamalar yuritildi.

Shuningdek, tadbir davomida 2017 yil 11 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan qilingan nutq videotasviri ham qo‘yib eshittirildi va mazmun-mohiyati bo‘yicha fikr almashildi.

Unda Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikrlar, MDHda O‘zbekiston ishtirokining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qayd etilgan raqamlar ma’ruzachilar tomonidan sharhlanib, mazmuni keng yoritildi.

Muhokamaga chiqqanlar tomonidan ham “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish” shiori to‘g‘risida so‘z yuritilib, agar odamlar yoshligidan ilm o‘rgansa, oq-qorani tanib voyaga yetsa, har bir inson o‘zining fikrida sobit tura oladigan shaxs sifatida shakllansa, bunday jamiyatda nafaqat terrorchilik, balki boshqa muammolar ham o‘z-o‘zidan barham topib ketishi haqida fikrlar bildirildi.

Anjuman so‘ngida yurtimizga tinchlik, yurtboshimizga omonlik, yurtdoshlarimizga farovonlik, yoshlarimizga ilmu irfon so‘rab duoga qo‘l ochildi.

Zayniddin Eshonqulov

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Samarqand viloyati vakili


Kiritilgan vaqti: 14/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2451
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/bukulmas-iroda-bemisl-gayrat-shijoatteran-fikr-va-qatiyatli-soz---komil-ishonch-asosi
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing