Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal
Umr insoniyatga berilgan eng bebaho ne’matdir. Insonning yaralishi, hayot kechirishi va oxir-oqibat dorulfanodan dorulbaqoga rihlat etishi Alloh tomonidan joriy qilib qo‘yilgan o‘zgarmas qonundir. Insonga umr o‘zi nima uchun beriladi, inson bu umrda nimalar qilishi kerakligiga Alloh taboraka va taolo Qur’oni Karimning “Mulk” surasida mana bunday marhamat qilgan:
“U (Alloh), sizlarning qay biringiz yaxshiroq amal qilishingizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir”.
Ushbu oyati karimadan inson umri bekorga berilmagani, uni huda-behuda ishlar, kayfu safo va bekorchilik, dangasalik va tamballik bilan zoye qilish uchun emas, balki, xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan hamda oxirat uchun zaxira bo‘ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursat ekani oydinlashadi.
Samarqand shahrida joylashgan 60-sonli Zaif ko‘ruvchi va 59-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida tarbiyalanayotgan o‘quvchi yoshlar holidan xabar olish, ularga muborak Ramazon oyida xayru ehson ulashib, qalblariga surur kiritish maqsadida Samarqand shahridagi “Shohi Zinda” va “Namozgoh” jome masjidlarining imom xatibligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali hamda saxovatpesha insonlar ushbu maskanlarga tashrif buyurdilar. Ularga turli xil taom, shirinlik, yaxna ichimliklar, qolaversa, dars mashg‘ulotlar jarayonida kasb-hunarni mukammal tarzda o‘rganishlari uchun zarur bo‘lgan 2 800 000 so‘mlik duradgorlik anjomlari maktab o‘quvchilarga ehson qilindi.
Bu kabi tadbirlarning muhim jihati shundaki, bu orqali dillarga xursandchilik ulashiladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida: “Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir”, deganlar.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 16/05/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1640
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:40