O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

3 DEKABR XALQARO NOGIRONLAR KUNI

 
 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1992 yilda 3 dekabr “Xalqaro nogironlar kuni” deb e’lon qilingan va butun dunyoda keng nishonlanib kelinmoqda. Respublikamizda, xususan viloyatimizda ham ushbu tadbirni nishonlash an’anaga aylangan va yil sayin nufuzi ortib bormoqda.

Har yili “3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni”da nogironlar uchun bayram tadbirlari tashkil etish, ularga sovg‘alar ajratish orqali nishonlanib kelingan. Shu yil ham Hamid Olimjon nomidagi Samarqand davlat drama va musiqa teatrida ushbu kun nishonlandi. Unda viloyat va shahar hokimligi, Nogironlar jamiyati, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi kabi ko‘plab tashkilotlar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov hamda Samarqand shahar imom xatiblari ham faol qatnashdi. Imomlar tomonidan tadbirga kelgan imkoniyati cheklangan fuqarolarga uch million so‘m miqdoridagi turli xil sovg‘a-salom va kiyim-kechaklar hamda moliyaviy ko‘maklar berildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat vakili o‘rinbosari Z.Eshonqulov ko‘makka muhtojlarga yordam berish insoniy burch ekani, imkoni bor kishi bunday ishlarga hamisha rag‘bat qilishi lozimligi, nafaqat maxsus sanalarda, balki yil bo‘yi yaxshilik va saxovat ishlarini ko‘rsatib borish kerakligini ta’kidladi va so‘zining tasdig‘i sifatida Baqara surasining: “Bas, xayrli ishlarda o‘zib ketingiz!” (148-oyati) oyatini keltirdi. Shuningdek, imkoniyatlari cheklanganlar jamiyat orasida alohida o‘ringa ekanini ta’kidlab, bunga yaqinda Brazilyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan paralimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan paralimpiadachilarimizning natijalarini misol qildi.

Eslatib o‘tish joizki, ushbu musobaqada 32ta paralimpiadachilarimiz 31ta medalni qo‘lga kiritgan: shundan 8ta oltin, 6ta kumush va 17 bronza meddallardir. Turnir vaqtida sportchilarimiz 6ta jahon, 7ta paralimpiada va 12ta Osiyo rekordlarini o‘rnatishdi. Ular jahonda 15-o‘rinni, Osiyoda ikkinchi va Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladilar.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 03/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3337
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/3-dekabr-xalqaro-nogironlar-kuni
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 16:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing