Allohning nazdida mehnati qadrliroq, zahmatiga mukofotlari ko‘proq insonlar
Oramizda shunday kasb egalari borki, mashaqqatli mehnatlari qahramonlikka loyiq bo‘lsa-da, ularning qadriga yetmaymiz. Zahmatli mehnatlariga past nazar bilan qaraymiz, gohida kamsitamiz. Go‘yoki ular bajarayotgan ish tahqir, haqorat… Ammo anglamaymizki, Allohning nazdida bizdan ko‘ra ularning mehnati qadrliroq, zahmatiga mukofotlari ko‘proq.
Bugun Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov va bir guruh imomlar mehnati “ko‘z ilg‘amas” mehnatkash, fidoyi insonlar holidan xabar oldi. Homiy va ehsonparvar kishilar tomonidan berilgan tibbiyot niqoblari va sovg‘alar Samarqand shahar hokimligining obodonlashtirish boshqarmasida xizmat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga topshirildi. “Bu arzimas sovg‘alar oz bo‘lsada ishchi-xodimlarga moddiy ko‘mak bo‘lsin, deymiz. Katta-katta mukofot, ajr va savoblarni esa Alloh taoloning O‘zi ato qiladi inshaalloh. Azizlar, bu insonlarning mehnatlarini qadriga yetaylik. Hozirgi vaziyat hammamizga oydek ravshan. Shunday holatda ham shahrimizning har bir qarich joyini tozalab, orasta holga keltirayotgan, o‘zlarining ushbu sa'y - harakatlari samarasida biz yashab turgan maskanga fayz-baraka ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladigan kasb egalariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiraylik. Zero, ozoda joyda xotirjamlik bo‘ladi, balo-qazo nari ketadi”, dedi viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborot xizmati
Kiritilgan vaqti: 25/03/2020 15:13; Ko‘rilganligi: 1345
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 03:31