O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

09.04.2021 y. Ramazon oyi fazilatlari

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

Hurmatli jamoat! Diyorimizga oylarning sultoni, mehr-shafqat saxovat ramzi bo‘lgan, Qur'oni karim nozil bo‘lgan, fazilati jihatidan boshqa oylardan afzal mohi Ramazon tashrif buyurib kelmoqda. Alloh taolo barchamizga ushbu oyni muborak qilib, O‘zi rozi bo‘ladigan ko‘plab ibodatlarni bajarishimizga muvaffaq aylasin!

Ro‘za arab tilida “savm” deb atalib, lug‘atda “bir narsadan o‘zini tiymoqlik”ni bildiradi. Istilohda esa “tongdan shomgacha ro‘zani niyat qilib, uni ochuvchi barcha narsalardan o‘zini tiyish”dir.

Ramazon ro‘zasi hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan. Alloh taolo Ramazon ro‘zasining hukm va hikmatlarini Qur'oni karimda batafsil bayon qilib bergan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

 (سورة البقرة/183).

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Dinimizda oylarning o‘ziga yarasha fazilatlari zikr qilingan bo‘lib, Ramazon oyi ular ichida alohida ajralib turadi. Quyidagi hadisi sharifda shu fazilatlarga ishora qilinadi:  

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم آخِرَ يَوْمٍ مِنْ شَعْبَانَ فَقَالَ : "يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌ شَهْرٌ مُبَارَكٌ شَهْرٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ جعل اللَّهُ صِيَامَهُ فريضة وَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا مَنْ تَقرب فِيهِ بِخِصْلَةٍ من خصال الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فِيمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فِيهِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً فِيمَا سِوَاهُ وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَشَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَشَهْرٌ يُزَادُ فِيهِ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ مَنْ فَطَّرَ فِيهِ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَة لِذُنُوبِهِ وعِتْقُ رَقَبَته من النار وَكَانَ لَهُ مِثْلَ أجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْتَقِصَ مِنْ أجْرِهِ شَيْءٌ" قلنا: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا نجِدُ مَا نُفطرُ به الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ من مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا سَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ غفر الله له وأَعْتَقَهُ مِنَ النَّارِ"

(أخرجه الإمام البيهقي والإمام ابن خزيمة)

ya'ni: Salmon Forsiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Sha'bon oyi oxirida bizlarga xutba o‘qidilar: “Ey insonlar! Ulug‘, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) etmishta farzni ado qilgandek bo‘ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalarga mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hamda iftorlik qilib berganga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, o‘shancha ajr bo‘ladi”, dedilar. Shunda biz: “Ey, Rasululloh, har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, – dedik. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim ramazon oyida qo‘l ostidagi (xizmatchisi)ga engillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy va ibn Xuzayma rivoyat qilgan).

Bu oyning bir qancha fazilatlari borki, uni o‘zga oylardan ustun qiladi:

1. Ramazon oyi – Qur'on va boshqa ilohiy kitoblar: Ibrohim alayhissalom sahifalari, Tavrot, Zabur va Injil nozil bo‘lgan oydir (Imom Tabariy Abu Jalddan rivoyat qilganlar). Bu kitoblar insoniyatgan rahmat va hidoyat bo‘lib kelgan. Insoniyatni ikki dunyo saodatiga boshlagan. Kufr va isyon zulmatidan imon va toat yorug‘ligiga olib chiqqan.

Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

ya'ni: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir....” (Baqara surasi 185-oyat).

Qur'oni karimning boshqa o‘rinlarida Qur'on  nozil bo‘lgan kecha haqida aytiladi:

إِنَّا أَنـزلْنَاهُ فِي لَيْلَةٍ مُبَارَكَةٍ

ya'ni: “Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz ogohlantiruvchidirmiz” (Duxon surasi 3-oyat).

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ

ya'ni: “Albatta, Biz uni (Qur'onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr surasi 1-oyat).

Qur'oni karim 23 yil davomida tarqoq holda nozil bo‘lgan bo‘lsada, mazkur oyatlarda bir kechada nozil qilingani xabari berilmoqda. Buni mufassirlar Lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga bir jumla qilib tushirilishi bilan izohlaydilar.

2. Ramazon oyi – tarovih va tahajjud oyidir. Bu oyda fursatni g‘animat bilish uchun odatdagi ibodatlarga qo‘shimcha ravishda 20 rakat tarovih namozi sunnat qilingan. Bu esa savoblarning bir necha barobar bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ)

رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim imon bilan, savob umidida Ramazon kechalari qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

3. Ramazon oyi – Alloh taoloning rahmati yog‘iladigan, jannat yasantiriladigan, do‘zax eshiklari yopiladigan, shaytonlar kishanlanadigan va ko‘p bandalarning gunohlari kechiriladigan oydir. Bu oy – gunohlari kechiriladigan vaqtdir. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyiladi:

مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً ، غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

(متفقٌ عَلَيْهِ عن أَبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni: “Kim Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro‘za tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).

Boshqa hadisi sharifda aytiladi:

إِذَا جَاءَ رَمَضَانُ فُتِّحَتْ أبوابُ الرَّحْمَةِ ، وَ غُلِّقَتْ أَبْوَابُ جَهَنَّمَ ، وَسُلْسِلَتِ الشَّيَاطِينُ

(متفقٌ عَلَيْهِ)

ya'ni: Ramazon kelganda, Rahmat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi (Muttafaqun alayh).

4. Ramazon oyi – ehson va saxovat oyidir. Chunki Ramazonda qilingan ibodatlarning savobi ko‘p bo‘lgani kabi, ehson va saxovatda ham savob ko‘p bo‘ladi. Mana shu vaqtni g‘animat bilib, ota-ona, oila, tug‘ishganlar, qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar va beva-bechoralarni holidan xabar olish ayni muddaodir. Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

"كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَجْوَدَ النَّاسِ وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ وَكَانَ يَلْقَاهُ فِي كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ فَيُدَارِسُهُ الْقُرْآنَ"

(متفقٌ عَلَيْهِ عن ابن عباس رضي الله عنهما)

ya'ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam odamlarning saxiysi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida Jabroil alayhissalom bilan uchrashganlarida yanayam saxiy bo‘lib ketardilar. Ramazonning har kechasida Jabroil alayhissalom bilan uchrashardilar va Qur'on o‘qib berardilar” (Muttafaqun alayh).

5. Ramazon oyi – duolar ijobat bo‘ladigan oydir. Duo – ibodatning mag‘zi, mo‘min bandani Parvardigori bilan bog‘lovchi vosita. Alloh taolo unga duo qilib, iltijo qilishlarini yaxshi ko‘radi va duolarni ko‘plab qabul qiladi. Ayniqsa Ramazon oyida duolar ijobat bo‘lishiga ishoralar bor. Ramazon ro‘zasi haqidagi oyatlardan keyin quyidagi oyat keladi. Alloh taolo shunday deydi:

إِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ ۖ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ ۖ فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ

ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar” (Baqara surasi 186-oyat).

Oyatda mo‘minlar uchun ulkan bashorat bordir. U ham bo‘lsa – duo va iltijo qiluvchilarning so‘rovlarini ato etishga berilgan ilohiy va'dadir.

Ramazon oyida qilinishi kerak bo‘lgan yana bir muhim ishlardan biri – kishi nafsini chiroyli xulqlar bilan bezashga, ularga odatlanishga harakat qilishi lozim. Natijada Ramazon oyida hosil qilingan yaxshi ko‘nikmalar: taqvo, ixlos, sabr, shukr, qanoat, saxiylik, mehribonlik yil davomida bizga hamroh bo‘ladi.

Hurmatli jamoat! Muborak ramazon oyi kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu munosabat bilan ko‘pchilikda ro‘zaga doir savollar paydo bo‘ladi. Xususan shu kunlarda ko‘pchilik mo‘min-musulmonlarimiz tomonidan tez-tez takrorlanayotgan savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining qisqacha javoblari bilan tanishib chiqishsak, har birimiz uchun foydali ilm bo‘lib, dunyo va oxiratimiz uchun manfaatli bo‘ladi, inshaAlloh.

Savol: Shak kuni ro‘za tutsa bo‘ladimi?

Javob: Shak kuni – Sha'bonni 30 kunimi yoki Ramazonni birinchi kunimi, deb shak qilingan kundir. Shak kuni nafl ro‘za tutish odatda tutiladigan ro‘zasiga to‘g‘ri kelib qolganlar uchun afzaldir. Masalan, bir kishi har dushanba kuni ro‘za tutar edi, shak kuni ham dushanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.  Mana shu kishini shak kunida ro‘za tutishi afzaldir. Shak kunida boshqa ro‘zani niyat qilmasdan, faqat nafl ro‘za tutishni niyat qilib ro‘za tutish joizdir (“Fathu bobil inoya”)

Savol: Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi uyg‘onganidan keyin suv ichib, niyat qilib ro‘zani davom ettirsa bo‘ladimi?

Javob: Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o‘yg‘ongach oz bo‘lsa ham biror narsa yeb-ichib, ro‘zani niyat qilaman desa, niyati ham o‘sha kuni tutadigan ro‘zasi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro‘zani buzadigan (ya'ni, yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro‘zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelishidan biroz oldinroqqacha qilish mumkin.

Savol: Ro‘zador kishi so‘lagini yutishi mumkinmi?

Javob: Ro‘zador so‘lagi (tufugi)ni yutishi bilan ro‘za ochilmaydi. Lekin tufukni qasddan og‘izda yig‘ib, yutishdan iloji boricha saqlanish kerak bo‘ladi. Odatdagi holatda esa so‘lakni ichga o‘tishi makruh emas.

Cavol: Ro‘zador holatimda shamollagan bo‘lsam burnimga sprey dorisini sepsam va tomog‘imga spirt surtsam bo‘ladimi?

Javob: Spreyning gazli (havoli)sidan foydalanilsa yoki burunni chetiga hidi dimog‘ni ochadigan maz surtilsa, ro‘zani buzmaydi. Spreyning suv puflaydigani ro‘zani ochishi mumkin. Ro‘zador kishi tomog‘iga spirt surtish joiz. Uni ro‘zaga zarari yo‘q.

Alloh taolo kerib kelayotgan Ramazon oyini hammamizga muborak qilsin! Ushbu muborak oy sababidan yurtimizni tinch, xalqimizni farovon aylasin! Turli kasalliklar va ofatlardan o‘z panohida asrasin! Omin!

 

"Ramazon oyi fazilatlari" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 08/04/2021 08:20;   Ko‘rilganligi: 1203
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/09042021-y-ramazon-oyi-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 12:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing