“Baqara” surasining tafsiri
“Baqara” surasining tafsiri
Madinada nozil bo‘lgan 286 oyatdan iborat.
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
(1) الـم
- Alif. Laam. Miym.
Qur'oni Karimning yigirma to‘qqiz surasi yuqoridagiga o‘xshash harflar bilan boshlangan. Bu harflarga turlicha nomlar berilgan: ba'zilar “Huruful muqattaot” – kesik harflar desalar, boshqalar “Huruful hijoi” – alifbo harflari deydilar, uchinchilari esa “Favotuhus suvar” – suralarni ochuvchilar, deydilar.
Bu harflarga turlicha nom berilganidek, ba'zi suralarning ular ila boshlanishidan ko‘zlangan murod haqida ham har xil fikrlar aytilgan. Bu haqda maxsus bahslar ham bor. Ba'zi ulamolar bu harflarning sirini Allohga havola etadilar, boshqalari: “Bu – Alloh bilan Payg‘ambar alayhissalom o‘rtalaridagi sir”, deydilar. Boshqa birlari esa ularga o‘zlaricha ma'no yo‘yganlar.
Ixtilofning asosiy sababi – ular haqida na Payg‘ambar alayhissalomning o‘plariday, va na sahobai kiromlardan birorta ham rivoyat yo‘qligidir. Shubhasiz, ular bu harflardan murod nimaligini yaxshi bilganlar, shuning uchun ham bir birlaridan so‘ramaganlar va rivoyat qilmaganlar. Sahobai kiromlarning odatlari – bilmagan narsalarinigina so‘rardilar. Ular ulug‘ zotlar bo‘lib, yelkalarida Islom dinini butun dunyoga tarqatishdek ulkan mas'uliyat yotganini to‘liq tushunar edilar va asosiy e'tiborni shunga qaratardilar. Bilgan narsalari haqida tortishuvlarga toqatlari ham, vaqtlari ham yo‘q edi.
Ko‘pgina tafsirchilar, ayniqsa, tafsirchilarning keyingi avlodi, ba'zi suralarning mazkur harflar ila boshlanishi, arablarga: “Qur'on sizlar ishlatib yurgan “alif”, “laam”, “miym”ga o‘xshash harflardan tuzilgan, qo‘llaringizdan kelsa, sizlar ham shunga o‘xshash narsa tuzinglar-chi”, degan ma'noni bildiradi deganlar.
Avval eslaganimizdek, Qur'oni Karim nozil bo‘layotgan davrda arablar o‘zlarining so‘z ustaliklari bilan faxrlanar edilar. Shoirlar, so‘z ustalari, mo‘tabar shaxslar hisoblanardilar. Doimo she'rdan, va'zxonlikdan musobaqalar o‘tkazib turilar edi. Hatto g‘olib shoirlarning she'rlari Ka'bai Muazzama devoriga osib qo‘yilardi. Qur'oni Karim ularning nozik joylaridan tutib: “Agar so‘z ustasi ekanligingiz rost bo‘lsa, o‘zingiz ishlatib yurgan oddiy harflardan tuzilgan Qur'onga o‘xshash narsa keltiring-chi”, dedi. Bu xuddi tuproqning misoliga o‘xshaydi. Oddiy tuproqdan kimdir loy qilib g‘isht quyadi, kimdir sopol idishlar yasaydi va hokazo. Lekin Alloh taolo ushbu oddiy tuproqdan insonni yaratdi, unga jon kirgizdi. Shunga o‘xshab, arab alifbosining oddiy harflaridan arab so‘z ustalari she'r to‘qiydilar, va'zxonlik qilib odamlarni qoyil qoldiradi, ammo Alloh taolo o‘sha harflarning ayni o‘zidan hamma-hammani ojiz qoldiruvchi Qur'onni nozil qildi!
(2) ذَلِكَ الْكِتَابُ لَا رَيْبَ فِيهِ هُدًى لِلْمُتَّقِينَ
- Bu kitobda shak-shubha yo‘q, taqvodorlarga hidoyatdir.
Ya'ni Qur'oni Karim shunday kitobki, uning haqligiga hech shak-shubha yo‘q. Unda hamma narsa ochiq-oydin, aniq-ravshandir.
Qur'oni Karimning yana bir sifati “taqvodorlarga hidoyatdir”. Hidoyat-maqsadga erishtiruvchi yo‘lni lutf bilan ko‘rsatishdir. Taqvodorlar esa uqubatga eltguvchi narsalardan saqlanadigan shaxslardir. Demak, Qur'oni Karim hidoyatidan bahramand bo‘lish uchun taqvodor bo‘lish kerak ekan. Kimki Qur'oni Karimdan hidoyat olibdimi, demak unda taqvo bor ekan.
Keyingi oyatda mazkur taqvodorlarning sifatlari keladi:
(“Tafsiri Hilol” kitobidan)
Davomi bor...
Kiritilgan vaqti: 29/08/2019 15:55; Ko‘rilganligi: 3454
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 01:40