O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 21-22-oyatlari tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

يَا أَيُّهَا النَّاسُ اعْبُدُوا رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُمْ وَالَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ (21)

  1. Ey odamlar, sizlarni va sizdan oldingilarni yaratgan Robbingizga ibodat qiling. Shoyadki, taqvo qilsangiz.

Ushbu oyatda umumbasharga qarata nido etilmoqdaki, sizlarni yaratgan tarbiyakunandalaringiz – ulug‘ Allohga ibodat qilinglar! Sizlarni yaratishda U yagona bo‘lgan. Endi yolg‘iz O‘ziga ibodat qilishingizga haqlidir. Ibodatdan maqsad – shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz.

الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ فِرَاشًا وَالسَّمَاءَ بِنَاءً وَأَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَخْرَجَ بِهِ مِنَ الثَّمَرَاتِ رِزْقًا لَكُمْ فَلَا تَجْعَلُوا لِلَّهِ أَنْدَادًا وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ (22)

  1. U sizlarga yerni to‘shak, osmonni bino qilgan va osmondan suv tushirib, u bilan sizlarga mevalarni rizq qilib chiqargan Zotdir. Bas, bilib turib, Allohga boshqalarni tenglashtirmang.

Yerni Alloh inson uchun yashashga oson qilib, to‘shab qo‘yganining ma'nosi shuki, yer inson hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklarni o‘zida mujassam qilgan bir maskanga aylantirilganidir. Lekin odam bolasi bu qulayliklar ichida yashab, ko‘zi o‘rganib qolganidan unga e'tibor bermaydi. Yerdagi mavjud narsalardan birortasi yo‘qolib qolsa, bu holat buzilib, yer yuzida hozirgiday farog‘atda yashab bo‘lmas edi.

Osmonning bino – tom qilib qo‘yilishi ham xuddi shunday. Bu ulkan binoning tuzilishi ozgina o‘zgarishga uchrasa, uning ostida insonning yashashi qiyinlashib qolishi turgan gap.

Osmondan suv tushirilishi esa Allohning qudrati sifatida Qur'oni Karimda tez-tez takrorlanadigan misoldir. Allohning ushbu ne'matini esga olib turish uchun ham bu misol ko‘p keltiriladi. Chunki suvsiz hayot yo‘q. Alloh bermasa, uni hech bir inson zoti yarata olmaydi. Demak, insonni yaratgan Alloh ekan, insonning qulay yashashi uchun yerni to‘shak, osmonni bino, yomg‘irni rizq qilgan ham Allohning O‘zidir. Shunday bo‘lgach, inson bilib turib, Allohga boshqalarni tenglashtirmasligi lozim. E'tiqodda ham, ibodatda ham yagona Allohning O‘zini deyishi kerak. Unga hech kimni, hech narsani hech qachon tenglashtirib bo‘lmaydi. Allohga boshqani tenglashtirish but-sanamlarga sig‘inish suratida, Allohdan boshqadan biror narsani umid qilish bilan, boshqa biror shaxs yoki kuchdan qo‘rqish bilan, naf yoki zarar Allohdan boshqadan keladi, deb e'tiqod qilish bilan bo‘ladi.

Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadiki, u kishi aytibdilar:

“Tenglashtiriladiganlar shirkdir. U qorong‘i kechada, qora tosh ustida qumursqa o‘rmalagandan ham maxfiyroqdir. U “Alloh bilan va sening hayoting bilan, ey Falonchi, va mening hayotim bilan qasam”, deyish orqali ham yuzaga keladi. “Manavi it yoki g‘oz bo‘lmaganida, biznikiga o‘g‘ri kirardi”, deyish bilan ham yuzaga keladi. Bir odamga “Alloh xohlasa va sen xohlasang”, desa ham, “Alloh va Falonchi bo‘lmaganida”, deyish bilan ham yuzaga keladi. Buning hammasi shirkdir”.

Hadisda aytilishicha, bir kishi Nabiy alayhissalomga:

“Alloh xohlasa va siz xohlasangiz”, deganida, u zoti bobarakot:

“Meni Allohga tenglashtirasanmi?” degan ekanlar.

Bu masalada nihoyatda hushyor bo‘lishimiz kerak.

  Mushriklar Muhammad alayhissalomning payg‘ambarliklariga shubha qilib, shak keltirganlaridek, yahudiylar va munofiqlar ham shak keltirar edilar.

 

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 14/09/2019 16:20;   Ko‘rilganligi: 1809
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-21-22-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 09/10/2024 02:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing