O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Zulhijja oyining birinchi o‘n kunligini fazilati

 
 

Allohning fazli va rahmati yog‘iladigan toat-ibodat mavsumlaridan biri Zulhijja oyining birinchi o‘n kunligidir. Bu muborak kunlar har bir mo‘min-musulmon uchun yanada ko‘proq solih amallar qilib, Allohga yanada yaqinlashish uchun bir fursatdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga bu kunlarning dunyodagi eng fazilatli kunlar ekanini bildirib, unda solih amallar qilib qolishga targ‘ib qilganlar. Bu haqda Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh uchun ushbu o‘n kunlikda qilinadigan solih amallardan ko‘ra sevimliroq amal yo‘qdir”, dedilar. Shunda: “Yo, Rasululloh, Alloh yo‘lida jiddu-jahd qilish ham-mi?” deb so‘raldi. U zot: “Ha, Alloh yo‘lida jiddu-jahd qilish ham dedilar (Imom Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Dorimiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh uchun ibodat qilinishga Zulhijjaning o‘n kunidan sevimliroq kunlar yo‘qdir. Uning har kunlik ro‘zasi bir yillik ro‘zaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga tengdir”, deganlar (Termiziy, Ibn Moja va Bayhaqiy rivoyati).

Shuningdek, Arafa kuni ro‘za tutish mustahab amallardandir. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan sahobiylar bu haqda so‘raganlarida bunday deganlar: “Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yillik gunohlarga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman” (Muslim rivoyati).

Zulhijja oyining birinchi o‘n kunligida mo‘min-musulmonlar solih amallarga boshqa oylardan ko‘ra ko‘proq targ‘ib qilinganlarining hikmati undagi amallar Alloh uchun yanada sevimliroq bo‘lganidir. Nima sabab bu oydagi amallar Allohga mahbubroq? Bu oyning avvalgi o‘n kunlarida hojilar haj amallarini bajarayotgan bo‘ladilar, kunlarning eng ulug‘i Arafa va Qurbon hayiti ham aynan shu o‘n kunlik ichidadir. Ehtimol, shu sabab bu kunlarda qilingan amallar Alloh uchun eng mahbub bo‘lsa.

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 22/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3970
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/zulhijja-oyining-birinchi-on-kunligini-fazilati
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 21:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing