O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Zuho namozining fazilati

 
 

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimki o‘n ikki rakaat zuho namozi o‘qisa, Alloh unga jannatda oltindan bir qasr bino qilgaydir».
(Termiziy, Ibn Moja, Bayhaqiy, Tabaroniy, Bazzor va Ibn Abu Osim rivoyat qilishgan.)

Yuqoridagi hadis quyidagi ko‘rinishda ham rivoyat qilingan:

«Kim ikki rakaat zuho namozi o‘qisa, g‘ofillardan deb yozilmaydi. Kim to‘rt rakaat zuho namozi o‘qisa, qanoatlilardan deb yoziladi. Kim olti rakaat zuho namozi o‘qisa, u o‘sha kun uchun unga kifoya qiladi. Kim sakkiz rakaat zuho namozi o‘qisa, Alloh taolo uni obidlardan deb yozib qo‘yadi. Kim o‘n ikki rakaat zuho namozi o‘qisa, u odam uchun Alloh jannatda bir uy barpo qiladi».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Menga Xalilim sallollohu alayhi vasallam uch narsani vasiyat qilganlar: har oyda uch kun ro‘za tutmoqni, ikki rakaat choshgoh–zuho namoz va uxlashimdan oldin vitr o‘qimog‘imni». (Buxoriy, Muslim, Nasoiy rivoyati).

Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sallollohu alayhi va sallam zuho namozini (ba’zi kunlar) shunday (uzluksiz) o‘qir edilarki, biz hatto, endi bu namozni hargiz tark qilmaydilar, derdik. Ba’zan esa shunday o‘qimay tashlab qo‘yar edilarki, biz hatto, endi bu namozni hargiz o‘qimaydilar, derdik».
(Termiziy va Ahmad rivoyati).

Zuho namozi necha rakaat?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki ikki rakaat zuho namozini muntazam o‘qisa,
gunohi dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham, kechirilgaydir».

(Termiziy, Ibn Moja, Ahmad va Is’hoq rivoyati).

Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: «Sizlarning har bir a’zoingizga sadaqa vojibdir. Har bir tasbihingiz – sadaqa, har bir hamd aytishingiz – sadaqa, har bir tahlilingiz («La ilaha illalloh», deyishingiz) – sadaqa, har bir takbiringiz – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakaat zuho namoz o‘qishingiz kifoyadir», — dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Zuho namozi – bu namoz 360 sadaqaga tengdir.

Insonning jisimi 360 bo‘g‘indan iborat bo‘lib, insonga bu ne’matlarning shukronasi o‘laroq har kuni 360 sadaqa qilish lozim bo‘ladi. Choshgoh namozi ana o‘sha shukronani ado etishga kifoya qiladi.

Zuho namozining vaqti quyosh to‘la chiqqandan taxminan 3 soat o‘tgach boshlanadi va peshin vaqtidan 10-15 daqiqa avval (bu vaqtda quyosh tikkaga keladi va namoz o‘qish makruh sanaladi) tugaydi. Eng afzal vaqti – peshin vaqti kirishidan 30-45 daqiqa avvalgi vaqtdir.

M. ASHUROV
«Kulla» jome’ masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 17/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 8180
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/zuho-namozining-fazilati
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 15:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing