O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ziyorat odoblari

 
 

Jonajon Vatanimiz O‘zbekiston  tabarruk ziyoratgohlar maskani. Allohga shukrlar bo‘lsinki, hozirgi kunda boshqa sohalarda bo‘layotgani kabi, ziyorat va sayohatga chiquvchilarga ham keng ko‘lamli sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ommaviy bayramlarda, xalq sayillirida dam olish kunlarining uzaytirilishi,  oilaviy ziyorat va sayohatga boruvchilar uchun samalyot va poyezd chipta narxlarida chegirmalar qilingani, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning ko‘ngliga quvonch va shodlik olib kirmoqda.

Xo‘sh ziyorat nima degani, uning tartib va odoblari qanday. Keling shu haqda ozroq fikr yuritaylik.

“Ziyorat” so‘zi lug‘atda “borib ko‘rmoq” degan ma'noni anglatadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim, endi ularni ziyorat qilinglar” deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).

Demak, ziyorat qabriston yoki tabarruk zotlarning maqbarasi bo‘lsa, avvalo manzilga yetib borgan kishi ziyoratgohning yaqinida masjid bo‘lsa, u joyda 2 rakaat namoz o‘qishi mandubdir. Qabristonda yoki qabr ustida, yonida namoz o‘qish mumkin emas. Ziyoratgohda sekin, vazminlik bilan, dunyo tashvishlarini bir oz bo‘lsa ham unutgan holda odob bilan yuriladi. Zarurat bo‘lsa past ovoz bilan gapiriladi. Qabristonga kirishda yoki qabriston yonidan o‘tishda qabr ahliga “Assalomu alaykum, mo‘min musulmonlar diyori ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo‘shilamiz. Sizlar bizninng o‘tmishdoshimizsiz, biz esa sizlarning o‘rinbosaringizmiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so‘raymiz” deb salom beriladi. Qabrlarni bosish yoki bosib o‘tish aslo mumkin emas. O‘tgan kishilarning yaxshi sifatlari va ishlari eslanadi.

Qabr ziyoratiga kelgan kishi bilsa, “Mulk” surasini o‘qisa, yaxshi bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U (Mulk surasi) man qiluvchidir. U najot beruvchidir. U qabr azobidan najot beradi”, deganlar. Qabr ziyoritiga kelgan kishiga Ixlos surasini 3 yoki 11 marta o‘qishi ham tavsiya etilgan. Imkoniyati bo‘lsa, Yosin surasini va Oyatul Kursiyni o‘qisa, savobi ko‘p bo‘ladi. 

Ziyorat vaqtida man etilgan amallar.

Qabr ahlidan madad, o‘z hojatlarini (farzand ber, davlat ber deb va shunga o‘xshashlarni) so‘rash, sig‘inish joiz emas, bu shirk amal, shirk esa Alloh Taolo nazdida kechirilmas gunohdir. Hojatlaringizni yolg‘iz Allohdan so‘rang, balki ularning haqqiga duo qilish lozim bo‘ladi. Qabr ahliga nazr qilish, jonliq so‘yish, sham yoqish, latta bog‘lash kabi ishlar ham og‘ir gunoh hisoblanib, iymonga xatarlidir.

    Ziyorat davomida maqbara va toshlarni o‘pish, tavof qilish, qabrlarni aylanish, ushlash, silash mumkin emas.

Qabristonga imkon qadar tahoratli, pok holda kirgan afzal. Bu ham ziyorat odobidandir. Qabristonga dabdaba bilan, yasan tusan qilib kirish makruh, chunki bu joy oxiratni eslash, xoksorlik izhor etish o‘rni hisoblanadi.

    Qabrstonga shariatda to‘sish talab qilingan joylarini to‘sib turadigan kiyim bilan kirish kerak. Avrat ochiq holda kirish mumkin emas. 

Keling azizlar, jonajon O‘zbekistonimiz bo‘ylab sayohat va ziyoratlarga chiqing. Ziyoratlaringizni Alloh qabul aylasin va ko‘plab ajru-savoblarga erishing.

 

Saidahmedov Uchqun - Kattaqo‘rg‘on tumani “Qirovul” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 20/09/2019 16:42;   Ko‘rilganligi: 4179
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ziyorat-odoblari
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 15:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing