Z A X I R A
Alloh taolo bandalariga mislsiz ne'matlarni inom etdi. Faqatgina bir talab, ana shu ne'matlarga shukr qilishni va haqdorlarga haqqini ado etish uchun ehson qilishni talab etdi.
Shunday ekan bugungi kunimizga nazar solsak, kichik bir virus kurrai zamin uchun birinchi bo‘lish, ixtiyor qilish jihatidan yangi tartibni yuzaga keltirmoqda. Qudratli shaxslarning nufuzi, boylik va martabalari yakun topmoqda, ulkan davlatlar inqirozga uchramoqda, ilm-fan va texnologiyalar (vaksinalarni ishlab chiqarish, muammolarga yechim topish kabi muhim jihatlarda) ojiz qolmoqda.
Shunga qaramay foyda ko‘rish ilnjida bo‘lgan shaxslar borki ular bu sinovli kunlarni imkoniyat o‘laroq ko‘rib, qo‘lidagi mablag‘ini insonlar uchun kunlik kerak bo‘ladigan oziq ovqatlarini saqlab qo‘yib, qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqdalar, to‘g‘ri bu kunlar imkoniyat lekin oxirat uchun foydaliroq ekanligini tushunib yetmaydilar.
Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
"To‘plagan molu dunyoingiz va qilgan kibru havoingiz sizlarga asqotmabdi-ku!" (A'rof surasi, 48 -oyat).
Ana shu paytda inson dunyoning mezonlari bilan oxiratning mezonlari farqli ekanini biladi, tushunib yetadi. U kunda jamg‘arilgan mablag‘lar foyda bermaydi. Faqat Alloh yo‘lida sarflangan mol-mulk manfaat beradi xolos.
Hadisi qudsiyda Alloh taolo xabar berdi: “Ey Odam farzandi! Xazinangdan bir qismini Mening huzurimga omonatga qo‘y. U na yonadi, na cho‘kadi na o‘g‘irlanadi. Nihoyatda muxtoj bo‘lganingda uni o‘zingga bekamu ko‘st qaytaraman”. (Bayhaqiy Hasan Basriydan(r.a.) mursal o‘laroq rivoyat etganlar)
Azizlarim! sinovli kunlarda haqdorlarga yaxshilik (ehson) qilish orqali bu dunyoda yuqorida kelgan oyat va hadislarga amal qilib, oxiratimizga zaxira qilib olaylek.
Alloh taolo yurtimizni qolaversa butun dunyo musulmon ummatini boshiga kelgan, sinovlardan tez kunlarda esonlikda o‘tib olishini nasib qilsin! Omin!
Ibragimov Husniddin Urgut tuman “Yoqub Oxun” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 15/04/2020 16:57; Ko‘rilganligi: 823
Chop etilgan vaqti: 12/09/2024 10:46