O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Yoshlik oltin davr

 
 

Alloh taolo tomonidan insoniyatga ato etilgan eng sara va ardoqli ne’mat shubhasiz yoshlikdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham o‘zlarining go‘zal hadisi shariflarida:

“Keksalikdan oldin yoshlik vaqtini g‘animat biling” deganlar.

E’tibor beradigan bo‘lsak, dunyoga mashhur ajdodlarimizning aksari yoshlik chog‘laridanoq ilm-ma’rifatning ma’lum bir cho‘qqisini zabt etganini guvohi bo‘lamiz. Masalan: Imom Buxoriy 9 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olib, 11 yoshida ustozi ad-Doxiliyning hadis isnodidagi xatosini “Abu Zubayr hech vaqt Ibrohimdan rivoyat qilmagan” deya tuzatib qo‘yganlar. 20 yoshidayoq bir necha kitoblar muallifi sifatida mashhur bo‘lganlar. Ibn Sino ilmiy izlanishlarini 16 yoshidan boshlab, tabobat sohasiga oid 50 dan ortiq asarlar yozib qoldirganlar. Mirzo Ulug‘bek 17 yoshida hokim bo‘lib, zamonasining hokimlaridan farqli o‘laroq ilm ma’rifatga e’tiborni kuchaytirganlar. Abu Rayhon Beruniy 18 yoshlarida Xorazm observatoriyasida mustaqil kuzatish ishlarini olib borgan.

Ko‘rinib turibdiki, bu ulamolarimiz yoshlik davrlarini zinhor behuda ishlarga sarf etmaganlar. Bularning ishtiyoqlari faqat ilm fanning nozik jabhalarini kashf etib, mazmunli hayot yo‘lini bosib o‘tish bo‘lgan.

Taassufki, 70 yillik istibdod zamoni bizning aslimiz, ildizimizdan uzoqlashtirishi natijasida yoshlik deya atalmish oltindanda qimmatli bu fursatni shunchaki o‘yinqaroqlik bilan o‘tkazib yuboradigan bo‘lib qoldik.

Donishmand xalqimiz: “Barorlining bolasi 15 yoshda bosh bo‘lur, barorsizning bolasi 60 da ham yosh bo‘lur” deya bejiz aytmagan.

Buyuk hikmat sohibi Alloh taolo ilonni ko‘rinishdan sovuq qilib yaratgan, chunki uning ichida boshqalarga ziyoni yetadigan zahar bo‘lib, hamma undan o‘zini olib qochadi. Bugun biz ham bolalarimiz qalbini yoshligidanoq ma’rifat nuri, yuksak odob axloq fazilatlari bilan to‘ldirmasak, dunyodagi zararli, zaharli g‘oyalar ularning qalbini egallab, butun boshli jamiyatimiz bundan jabr chekadi.

Shu o‘rinda ota onalar, murabbiylar va yoshlarimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan ayrim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashmoqchimiz:

Ulug‘larimiz: “Xulqi yomon tarbiyachi bir qo‘li bilan qurib ikkinchisi bilan buzuvchidir” deganlar. Avvalombor har bir ota-ona va tarbiyachi yaxshi xulq atvor va kitobga muhabbatda namuna bo‘lsa, inshaalloh sa’y harakatlar natija berajadi.

Donishmand xalqimiz: “Hamma joyda hech joyda, Bir joyda har joyda,” deb yoshlikni behuda o‘tkazmaslikka chaqirganlar. Bu degani bugun ko‘pchilik yoshlarimiz o‘zlarining qiziqishlari va iqtidorlarini rivojlantirishdan ko‘ra moddiy manfaatdorlikni afzal ko‘rib, u joydan bu joyga o‘tib, o‘z umrlarini uvol qilmoqdalar. Agar ular ma’lum bir ilm yoki kasbu korni mahkam tutib, sabr va chidam bilan uning sir sinoatlarini o‘rgansalar, baraka topib elu xalq ichida obro‘ qozonadilar.

Alloh taolo yoshlarimizni oltin davrlarini g‘animat bilib, jadal suratlarda rivojlanib borayotgan dunyoda ona vatanimiz munosib o‘rin topishida hissa qo‘shadigan yetuk insonlar bo‘lib yetishishini nasib aylasin.

Onalari Alloh deya alla aytgan,

Beshikdanoq ma’rifatning ta’min totgan,

Sal ulg‘aygach chor tarafga ziyo sochgan,

Desam bolam ko‘zlarida hayrat ko‘rdim.

Pand o‘gitga odamlari ilhaq edi,

Ustoz shogird ananasi qaynoq edi,

Shiorlari jaholatni yengmoq edi,

Desam bolam ko‘zlarida hikmat ko‘rdim.

Bugun eslab gapirsam gar ul damlarni,

Olis o‘tmish tarixdagi manzillarni,

Yosh boshiga podshoh bo‘lgan Boburlarni,

Aytsam bolam ko‘zlarida himmat ko‘rdim.

Bugun sen ham o‘qigin ey bolam dedim,

Yonar o‘char umr go‘yo bir sham dedim,

Yurtda ilm uyg‘onmoqda uyg‘on dedim,

Shu on bolam ko‘zlarida g‘ayrat ko‘rdim.

Bu aytganim hammamizga ibrat bo‘lsin,

Farzandlarda ma’rifatga rag‘bat bo‘lsin,

Bizda esa shunga monand shafqat bo‘lsin,

Desam ongli har qarashda isbot ko‘rdim.


Kiritilgan vaqti: 08/05/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2788
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/yoshlik-oltin-davr
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 04:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing