O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Yoshlarimiz oldidagi burchimiz!

 
 

Allohning o‘zi yaratgan bandalariga bergan ne’matlari nihoyatda ko‘p. Bu ne’matlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Shulardan biri tinchlik, osoyishtalik, xotirjam yashashdir. Busiz xayotni zavqi, fayzi yo‘q. Allohning inoyati, istiqlol sharofati tufayli xalqimiz mana shunday osuda yashamoqda.

Lekin biz kundalik gazeta, jurnallar, radio-televideniya orqali berilayotgan maqola, eshittirishlar orqali jahonning ko‘pgina davlat va mamlakatlarida yuz berayotgan notinchlik, buzg‘unchilik, zo‘ravonliklardan xabardormiz. Albatta shunday qabih ishlar, qo‘paruvchilik yuz bergan joylarda xalq qiynalmoqda. Uy-joyidan, Vatanidan judo bo‘lib, og‘ir axvolda kun kechirayotir.

Xo‘sh, yuqoridagi buzg‘unchilik, zo‘ravonlik, qo‘paruvchilik, notinchlikni kim qilayotir? Albatta oddiy xalq, emas. Molu-dunyo xirsiga tushgan, tinch osoyishta yashab, mamlakatni gullab-yashnashiga intilayotgan xalqlarning taraqqiyoti, yuksalishini ko‘ra olmaydigan yovuz kuchlar, sof islom dinini niqob qilib olgan terrorchi guruhlar sodir etmoqda. Ularning niyati xalq orasiga nifoq solib, shu davlat rivojini izdan chiqarishdir.

Shu bois har birimiz tinch, xotirjam yashash uchun yovuz niyatli dushmanning har bir harakati, makkorligini kuzatib, unga qarshi choralar ko‘rib borishimiz, ochiq aytganda o‘z uyimizni, oilamizni, o‘zimizni himoya qilishimiz lozim. Ayniqsa yoshlarimizni, farzandlarimizni bu balo-qazodan saqlashimiz ham farz, ham qarz.

Payg‘ambarimiz Rasululloh (s.a.v) "Har biringiz bir rahbarsiz. Qo‘l ostingizlar haqida mas’ulsiz" deb ta’kidlaganlaridek, ota-onalar, qolaversa yoshlar ta’lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanishga mutasaddi bo‘lgan kishilar bu ishga javobgar ekanliklarini qalbdan xis qilmoqlari lozimdir. Farzand Alloh ta’olo tomonidan ato etilgan ulug‘ ne’mat va ota-onaga berilgan katta omonatdir.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga farzand tug‘ilgani xabari berilganda:

"Farzand bir rayhonki, men uni hidlayman. U yaqinda menga yaxshilik qiluvchi farzand yoki zararli dushmanga aylanadi", dedi.

Yoshlarimiz yaxshilik qiluvchi farzand bo‘lishi uchun to‘g‘ri tarbiyalashda iymon-e’tiqod va ona vatanga sadoqat masalasi muhim o‘ringa ega. Shuning uchun tarbiya berish o‘ta nozik hisoblanib, u to‘g‘ri bo‘lsa farzand kamolga yetib, el-yurtga foyda keltiradi. Aks holda yoshlarimizning ongi va qalbini egallash uchun astoydil urinayotgan dinimizga yot bo‘lgan oqimlarning ta’siriga tushib qolishlari hech gap emas. Dunyoning boshqa joylari kabi yurtimizda ham o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun intilayotganlar afsuski, uchramoqda. Ular ayrim yoshlarning soddadilligi, e’tiqodi sustligidan foydalanib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish kabi bahonalar bilan o‘z tuzoqlariga ilintirishga harakat qilishyapti.

Shunday bo‘lgach, barchani hushyorlikka, har qanday yot g‘oya va firqalarga befarq bo‘lmaslikka, mustaqil ona diyorimiz xalqini uning tinch turmushi va farovonligiga tahdid soladigan turli xavflardan ogoh bo‘lishga chaqirishimiz kerak.

Biz shunday yo‘l tutayapmiz. Bugun imom-xatiblar, uchastka nozirlari va mahalla raislari, maslahatchilar xamkorlikda joylarda kishilar ahvolidan xabardor bo‘lib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatmoqdalar, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan odilona siyosatning ma’no-mazmunini tushuntirib beryaptilar, xaqiqiy Islom dini mohiyatini anglatib, g‘alamislar nayrangiga uchmaslikka chorlayaptilar.


Kiritilgan vaqti: 14/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1892
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/yoshlarimiz-oldidagi-burchimiz
Chop etilgan vaqti: 26/09/2021 02:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing