Yoshlar tarbiyasi masulyatli burch
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislariga mumofiq kishi vafotidan keyin ham uning nomai a'moliga borib turadigan savob amallardan biri o‘zidan solih farzand qoldirishdir. Inson solih farzand qolirish uchun avvalo o‘zi to‘g‘ri yo‘lda bo‘lmog‘i va bo‘lajak fardandi uchun soliha ona bo‘la oladigan jufti halol tanlamog‘i va tanlagan ayolini yaxshi tarbiya qilmog‘i farzandi uchun tarbiyaning birinchi bosqichlari bo‘ladi desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Xalqimiz “qazisan, qartasan asl naslingga tortasan” yoki “ot otadan, alp onadan” deb bejizga aytishmagan. Bu maqollarni ma'nosiga etibor beradigan bo‘lsak, kishi har qancha urinmasin o‘zidan ortiq fanzand tarbiya qila olmaydi. Ya'ni, alp o‘g‘lonlarni va suluv qizlarni tarbiya qilish bu birinchi onaga keyin otaga bog‘liqdir. Biz o‘zimiz qilmagan ishimizni farzandimizdan talab qilishimiz to‘g‘ri ish bo‘lmaydi, aniqrog‘i nafi bo‘lmaydi. Farzandimiz uchun yaxshi ona tanlaganimizdan keyin oilaning luqmasini halol qilish otalarning vazifasi. Imom Buxoriy hazratlarining otalari “farzandlarimga harom va shubhali narsalarni yedirmadim” degan ekanlar. Solih va solihalarni tarbiyalash biz uchun oson ish emas. Bu uchun o‘zimizni yaxshilab tarbiya qilib olmog‘imiz lozim bo‘ladi.
Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob–axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir”. (Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadislarida “Har bir inson islom fitratida to‘g‘iladi. Uni yahudiy, nasroniy va majusiy qiladigan ota-onasidir” deganlar. Bundan ko‘rinib turibdiki farzandimizning kim bo‘lib voyaga yetishi biz ota-onalarga bog‘liqdir.
Alloh Taolo insonlarga tarbiya berish va kundalik hayotda qilishimiz kerak bo‘ladigan ishlarni belgilab berish uchun o‘zimizdan payg‘ambarlarni chiqardi. Odam farzandlari hidoyat topishlari uchun payg‘ambarlarga vahiylar yubordi. Birinchi bo‘lib payg‘ambarlar Allohning buyruqlarini o‘zlari bajarib undan keyin insonlarga o‘rgatdilar. Xuddi shunday biz ham o‘zimiz yomon bo‘lib, bolalarimizdan yaxshilik kutishimiz durust emas.
Yosh avlodni chiroyli odob-axloq, yaxshi ta'lim–tarbiyali insonlar bo‘lib voyaga yetishlari davlat miqyosidagi dolzarb masala darajasiga ko‘tarildi. Yoshlar salohiyatli, odobli, ota–onasi, oilasi, vataniga, dini va xalqiga munosib xizmat qiladigan komil inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun birinchi navbatta oiladagi tarbiya juda muhimdir. Ikkinchi navbatda esa maktabdagi ta'lim-tarbiya, uchinchisi mahalla va jamiyatdagi ta'lim-tarbiya orqali ularning tarbiyasi shakllanadi. Yoshlarda hozirgi ommaviy madaniyat kabi tushunchalarning salbiy tomonlarini tushuntirib berishimiz va ularni tarbiyasini izdan chiqaruvchi, ma'naviyatni kemiruvchi, har qanday yot ta'sirlardan himoya qilib, dunyoda kechayotgan axborot tahdidiga qarshi sog‘lom immunitetni shakllantirish, ogohlikni bir lahza ham qo‘ldan boy bermaslik-bugungi kunimizning asosiy talabi bo‘lmog‘i kerak.
Usmonov Xazratqul Kattaqo‘rg‘on tuman “Boltabek” jome masjidi imom-noibi
Kiritilgan vaqti: 15/04/2020 15:03; Ko‘rilganligi: 989
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 13:26