O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Yoshlar misoli bir niholdir

 
 

Yoshlar hamma davrlarda, hamma zamonlarda jamiyatning eng asosiy kuch va bo‘g‘ini sifatida qaralgan. Moddiy va ma’naviy hayotning barcha jabhasidagi jarayonlar jamiyatning yoshlar qatlami ko‘magida amalga oshirilgan. Biz ularga bugun qanday tarbiya bersak, ulg‘ayganlaridan so‘ng shunday muomala ko‘ramiz.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 19 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda hayotimizda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya tizimi haqida gapirganda, Abdulla Avloniy bobomizning dono fikrlarini takror va takror aytishga to‘g‘ri keladi: ta’lim-tarbiya – biz uchun hayot-mamot masalasidir, dedi Prezidentimiz. Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biror-bir o‘zgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Yana yurtboshimiz aytdilarki inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Ana shu dalilning o‘zi bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida yoshlarimizga katta ahamiyat berishimiz zarurligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Yoshlar misoli bir niholdir, biz ularni qaysi tomonga bursak, shu tomonga qarab o‘sadi. Yoki tirgak tirab to‘g‘ri qilib o‘stirsak, to‘g‘ri yo‘lni topishlariga tarbiya vositasida sababchi bo‘lamiz. Shunday ekan, bu mas’uliyatli ishda bee’tibor bo‘lmasligimiz lozim. Ammo ko‘pchilik farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qilmayapti. Farzandlarini televizor «tarbiyalamoqda». Televizor orqali esa g‘arb tarbiyalamoqda. Ular bizning dinu diyonatimizga, urfu odatlarimizga, milliyligimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan hayotlaridan olib film, multfilm va seriallar ishlab chiqarmoqda. Miyalari go‘yoki yozilmagan hamda yozishga shay bo‘lgan xotira kartasi kabi bo‘lgan farzandlarimiz oynai jahon orqali mazkur film, multfilmlarni tomosha qilmoqda. Bugun multfilmlar haqida to‘xtalmoqchimiz. Hozirgi kunda bolajonlarimiz sevib tomosha qiladigan multfilmlarning deyarli ko‘pchiligi G‘arbda ishlab chiqarilgan. Ularning aksariyati bizning bolalarimiz ongini zaharlashdan boshqaga xizmat qilmaydi.

Albatta, tan olish kerak, ibratli voqealar yoritib berilgan, tarbiyaviy ahamiyatga ega o‘zimizning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan multfilmlar ham bor. Ammo ular juda kam. Shuning uchun bugun so‘z yuritayotganimiz dinimizga urf-odat, qadriyatlarimizga monand kelmaydigan g‘arb multfilmlari haqida. Endi asosiy savolga javob izlasak, g‘arb multfilmlarining nimasi yomon?

- Multfilmlarni asosan jajji kichkintoylardan tortib voyaga yetmagan o‘smirlar ko‘rar ekan, multfilm mavzusi bu yoshdagilar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega hayotiy voqealar haqida bo‘lishi lozim. Aksariyat g‘arb multfilmlarining mavzusi sevgi-muhabbat, dahshat va urushlar haqida. Voyaga yetmagan bolalarning beg‘ubor ongiga bu kabi g‘oyalarni singdirish, albatta, yaxshi emas.

- Multfilmlardagi din bilan bog‘liq tushuncha va ibodatlar. Ba’zida multfilmlarda g‘ayridin qahramonlarning ibodatlari masalan, olovga sig‘inish, turli «ma’bud»lardan yordam so‘rash kabilar namoyish etiladi. Islomiy e’tiqoddagi aqidaviy masalalar, masalan, dunyoning yaralishi, boshqarilishi va shunga o‘xshashlarda o‘zlarining botil tushunchalarini ham namoyish qiladilar. Bunday narsalarni ko‘rish yosh avlod uchun juda zararlidir. Ular ko‘rgan narsasiga ishonishadi, ongiga singdirib olishadi. Natijada, shunga amal qilishga o‘tishadi.

- Multfilmlardagi fahsh holatlar. Multfilmning mavzusi sevgi – muhabbat haqida bo‘lgandan keyin bu kabi holatlar ko‘p uchraydi. Hozirgi G‘arb multfilmlarida katta yoshdagi kishilar ham ko‘rishga uyaladigan lavhalar bor. Masalan, multfilmda malika sehrlangan bo‘ladi, shahzoda yoki ba’zi hollarda kambag‘al, ammo mard jasur yigit turli xavfu xatarlarni yengib o‘tib, malikadan bo‘sa olgach, sehr kuchini yo‘qotadi va ular birgalikda baxtli hayot kechiradilar. Xo‘sh, buning nimasi bizning dinimizga, urf-odatlarimizga to‘g‘ri keladi?! Shunday shahvoniy his tuyg‘ularga qaratilgan multfilm qahramonlarini ko‘rib ulg‘aygan bola kelajakda kim bo‘ladi?

- Multfilmlardagi dahshatli sahnalar. Bu ham multfilmlarda uchrab turuvchi holat. Mutfilmdagi vahshiy sahnalar namoyishi, turli qo‘rqituvchi kadrlarni ko‘rib bola avvaliga qo‘rqadi. Agar shunday multfilmlar ko‘rishda davom etaversa, rahmdillik hissi yo‘qolib qahri qattiq bo‘lib qoladi. Shunday ekan, bu kabi «sifatli» multfilmlarni ham bolajonlarimizdan yiroq qilishimiz lozim.

Yuqorida G‘arb multfilmlarining bizning dinimiz, qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan bir qancha jihatlarini ko‘rib chiqdik. Xo‘sh, bu kabi multfilmlarni ko‘rishga loyiq biror joyi qoldimi? Menimcha, yo‘q. Biz bolalarimizga dinimiz, urfu odatlarimizga mos keluvchi, tarbiyaviy ahamiyatga ega multfilmlar ko‘rsatishimiz kerak. Ular nimani ko‘rayotganini nazorat qilishimiz zarur. To‘g‘ri, biz istagandek multfilmlar juda kam. Ammo, Allohga shukur, diyorimizda o‘zimizning dinimiz, qadriyatlarimizga mos keluvchi multfilmlar ishlab chiqarilmoqda. Bu degani ular tarbiyani hammasini Televizordan olsin degani yemas, biz ota-onalar farzandlarimizga go‘zal tarbiyachi bo‘lishimiz shart. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan Imom Muslim rivoyat qilgan hadislarida: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, - deb marhamat qilgan edilar.

Alloh hamma yoshlarimizni yuksak manaviyatli qilsin.


Kiritilgan vaqti: 29/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2830
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/yoshlar-misoli-bir-niholdir
Chop etilgan vaqti: 19/01/2025 22:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing